Markaziy bank “O‘zbekiston Respublikasi to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi” bo‘yicha qisqacha sharh va statistik jadvallarni e’lon qildi.
Qayd etilishicha, 2024 yilning 9 oyida joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 17 foizga qisqarib, 3,4 mlrd dollar yoki YaIMga nisbatan 4,3 foizni tashkil qilgan. Bunga savdo balansi manfiy saldosi o‘sish sur’atining o‘tgan yildagiga nisbatan pastroq shakllanishi bilan birga mamlakatga xalqaro pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli darajada ko‘payishi ta’sir ko‘rsatgan.
Jumladan, yanvar-sentabr oylari davomida xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi hamda norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi natijasida, eksport hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4 foizga o‘sib, 19,1 mlrd dollarni tashkil qilgan. Mazkur davrda import hajmi o‘tgan yillarga nisbatan pastroq sur’atlarda o‘sib (5,5 foiz), 31,4 mlrd dollarga yetgan.
Natijada, joriy yilning 9 oyida savdo balansining manfiy saldosi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga ko‘payib, 12,4 mlrd dollarni tashkil qilgan. O‘z navbatida, birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi musbat saldo bilan shakllanib, mos ravishda 973 mln dollar va 8 mlrd dollarni tashkil etgan holda savdo balansi taqchilligini qisman qoplagan.
Hisobot davrida xalqaro zaxira aktivlarining xorijiy valutadagi qismi 678 mln dollarga qisqarishi kuzatildi. Biroq oltin narxining yuqori sur’atlarda o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i joriy yil boshiga nisbatan qariyb 6,6 mlrd dollarga ko‘payib, 2024 yil 1 oktyabr holatiga 41,1 mlrd dollarni tashkil qilgan.
2024 yilning 9 oyi yakuniga ko‘ra, to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqeyi joriy yil boshiga nisbatan 29 foizga mustahkamlanib, 2024 yil 1 oktyabr holatiga 16,3 mlrd dollarga yetgan.
Bunda rezidentlarning chet el valutasidagi aktivlari hajmi 10,8 mlrd dollarga (joriy yilning boshiga nisbatan o‘sish 13 foiz) oshgan bo‘lsa, tashqi majburiyatlari hajmi 7,1 mlrd dollarga (o‘sish 10 foiz) ko‘paygan.
Hisobot davri yakuniga ko‘ra, umumiy tashqi qarz hajmi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilib, shundan davlat tashqi qarzi hajmi qariyb 32,5 mlrd dollar hamda korporativ tashqi qarz hajmi 27,7 mlrd dollarga teng bo‘lgan.