O‘zbekiston 1,5 mlrd dollarlik suveren obligatsiyalarni joylashtirdi
O‘zbekiston hukumati navbatdagi suveren obligatsiyalarini chiqarish orqali xalqaro moliya bozoridan uchta valutada jami 1,5 mlrd dollar qarz oldi. Qarzlar budjet defitsitini yopishga va ipoteka dasturini moliyalashtirishga sarflanadi. 2025 yil 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi 40 mlrd dollardan, shundan tashqi qarz 33,7 mlrd dollardan oshgan.

Foto: Sukree Sukplang / Reuters
O‘zbekiston Respublikasining umumiy qiymati qariyb 1,5 mlrd dollar ekvivalentidagi navbatdagi suveren xalqaro obligatsiyalari jahon moliya bozorlarida joylashtirildi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabariga ko‘ra, uchta valutadagi qarzlar bo‘yicha foiz stavkalari quyidagicha shakllangan:
- 500 mln AQSh dollari miqdoridagi 7 yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 6,95 foiz (2024 yil may oyida chiqarilgan 7 yillik suveren xalqaro obligatsiyalari 7,125 foiz stavkasida joylashtirilgan);
- 500 mln yevro (525 mln AQSh dollari) miqdoridagi 4 yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 5,1 foiz (2024 yilda 3 yillik obligatsiyalar – 5,375 foiz stavkasida);
- 6 trln so‘m (463 mln AQSh dollari) miqdoridagi 3 yillik obligatsiyalar bo‘yicha – 15,5 foiz (2024 yilda 3 yillik obligatsiyalar – 16,625 foiz stavkasida).
Qayd etilishicha, joriy yilning yanvar-fevral oylarida ichki moliya bozorida 3 yil muddat uchun davlat g‘aznachilik obligatsiyalari bo‘yicha foiz stavkasi 15,6–16,1 foizni tashkil etgan.
Xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan kelib tushgan mablag‘lar 2025 yilgi davlat budjeti taqchilligini moliyalashtirish va ipoteka dasturini moliyalashtirish uchun tijorat banklariga resurs ajratish uchun yo‘naltiriladi.
Ma’lumot uchun, 2025 yilning 1 yanvar holatiga, O‘zbekistonning davlat qarzi 40,2 mlrd dollarga yetgan. Shundan 84 foizi yoki 33 mlrd 720 mln dollari – tashqi qarzlar.
Davlat qarzlari qoldig‘i 2023 yil 1 yanvar holatiga 29,2 mlrd dollar, 2024 yil 1 yanvar holatiga 34,9 mlrd dollar bo‘lgan.
2024 yilning 1 oktyabr holatiga, O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60,2 mlrd dollarni tashkil qilgan.
Mavzuga oid

15:34 / 27.01.2025
Jahon obligatsiya bozorida inqiroz: nega bunday bo‘lyapti?

10:56 / 26.01.2025
“Davlatlar bo‘ynidagi qarz xavotirli darajaga yetdi” – Davos forumida muhokama

17:46 / 26.12.2024
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi

16:56 / 07.12.2024