“Davlatlar bo‘ynidagi qarz xavotirli darajaga yetdi” – Davos forumida muhokama

Iqtisodiyot 10:57 / 26.01.2025 5569

Shveytsariyaning Davos shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon iqtisodiy forumi ekspert va iqtisodchilari davlatlarning qarz darajasini jiddiy xavotir bilan muhokama qildi. Dunyoda soliq to‘lovchilar zimmasidagi tashqi qarz miqdori hech qachon hozirgidek ko‘p bo‘lmagan. Bu esa hukumatlarning qo‘lini kalta qiladi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi direktori o‘rinbosari Gita Gopinatning so‘zlariga ko‘ra, vaziyat biz o‘ylagandan ham yomonroq.

“Optimistik noxolislik bor, prognozlash bilan shug‘ullanuvchi muassasalar moliyaviy inqirozlar yoki pandemiya kabi favqulodda vaziyatlar, travmatik hodisalarni hisobga olmagan. Oradan yillar o‘tib, hozirgi qarzlarning haqiqiy miqdori prognoz qilinganidan 10 foizga yuqori ham bo‘lishi mumkin”, deydi Gopinat.

Masalan, AQSh. Bu davlat qarz masala bo‘yicha “ajoyib” ko‘rsatkichga erishgan. O‘tgan yili mudofaa va harbiy xarajatlar uchun Amerika boshqalardan ko‘ra ko‘proq mablag‘ sarflagan. Lekin bundan ham ko‘prog‘ini o‘z qarzlarining foizini to‘lashga ishlatgan. Ko‘plab amerikaliklar uchun esa bu xavotirli holat. Buyuk Britaniyada ham foiz stavkalarining ko‘tarilishi va soliq tushumlarining yetarli emasligi ortidan vaziyat jiddiy.

“Bizga mutlaq burilish kerak, chunki bu oddiy vaziyat emas”, deydi XVJ direktori o‘rinbosari, amerikalik iqtisodchi.

“Bu siz o‘ylagandan ham yomonroq, dunyoda umumiy 100 trillion dollarga yaqin davlat qarzi to‘plangan, yuqori foiz stavkalari esa buncha qarzni to‘lashni qiyinlashtiradi, qimmatlashtiradi”, deya qo‘shimcha qiladi Gita Gopinat.

Zimbabve moliya vaziri Davosdagi panel sessiyada so‘zga chiqarkan, yuqoridagi gapning dalili sifatida uning mamlakatida hatto fastfud solig‘i ham borligini aytdi.

“Agar siz pitssa yoki tez tayyor bo‘luvchi ovqatlarni sotib olsangiz, qo‘shimcha haq to‘laysiz”, deydi u. Chunki Zimbabve hozirgi vaqtda davlat qarzini murakkab restruktizatsiyalash, ya’ni uni qayta ko‘rib chiqish va kamaytirish bilan band.

Og‘ir qarz yuklari hukumatlarning qo‘lini bog‘lab qo‘yadi, ijobiy, istiqbolli loyihalar uchun aslida shu qarzdan kam qismini real sarf qila olishlariga to‘g‘ri kelib qoladi.

Chunki foiz stavkalari oshgani sayin, investitsiya qilish uchun kamroq imkoniyat bo‘ladi. Bu, ayniqsa, boy bo‘lmagan davlatlar uchun jiddiy muammo.

Boy davlatlarda vaziyat qanday? Yaponiyaning davlat qarzi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 200 foizdan oshdi. Los-Anjyelesdagi Kaliforniya universiteti huquqshunoslik fakulteti professori Kimberli Klauzing so‘z olarkan, Qo‘shma Shtatlarda ham vaziyat og‘ir ekanini urg‘uladi. Davlat qarzining ko‘pligi favqulodda holatlar uchun zaxira kamligini, har qanday salbiy zarbalar uchun bufer imkoniyatlar borgan sari kamligini anglatadi.

London fond birjasi guruhi bosh direktori Devid Shvimmerning fikricha, siyosatchi va rahbarlar davlat qarzi bilan bog‘liq vaziyatni nazoratda ushlolmadi, salbiy tomonga rivojlanishga qarshi ham turolmadi.

Ko‘proq yangiliklar: