Jahon obligatsiya bozorida inqiroz: nega bunday bo‘lyapti?
Dunyo bo‘ylab davlat obligatsiyalari bozori – moliyaviy tizimning asosiy elementlaridan biri – oxirgi o‘n yilliklardagi eng qiyin davrni boshdan kechirmoqda.

Foto: Reuters / Andrew Kelly / File Photo
Yirik iqtisodiyotlarda davlat obligatsiyalari daromadliligi keskin oshgan. 2025 yil yanvar oyida AQShning 10 yillik g‘aznachilik obligatsiyalarining daromadliligi 4,7 foizga yetgan bo‘lsa, Britaniya hukumati chiqargan obligatsiyalar daromaddorligi 2008 yildan beri eng yuqori darajaga chiqib, 5 foizga yaqinlashgan. Yevropa va Yaponiyada ham shunga o‘xshash vaziyat kuzatilmoqda.
The Economist'ning yozishicha, bu beqarorlikning asosiy sabablaridan biri – inflatsiya. Narxlarning oshishi obligatsiyalarning barqaror daromadini kamaytiradi, shu sababli sarmoyadorlar o‘z mablag‘larini inflatsiyadan himoya qilish uchun yuqori daromadlilikni talab qilmoqda. Ayrim mamlakatlarda inflatsiya pasayayotgan bo‘lsa-da, markaziy banklar ehtiyotkorlikni saqlab, foiz stavkalarini yuqori darajada ushlab turibdi. Bu esa bozorlarda qo‘shimcha bosim yaratmoqda.
Sarmoyadorlarning kutilmalari ham bozorga jiddiy ta’sir ko‘rsatmoqda. G7 mamlakatlarida budjet taqchilligining oshishi davlat moliyasining barqarorligiga bo‘lgan ishonchni zaiflashtirmoqda. Infratuzilma va ijtimoiy dasturlarga sarflanadigan xarajatlar zarur bo‘lsa-da, bu qarz yukini uzoq muddatga oshirishi mumkin. Shuning uchun sarmoyadorlar yuqori risk tufayli daromad ham shunga yarasha bo‘lishi kerak deb hisoblamoqda.
Bundan tashqari, markaziy banklar yordamining kamayishi bozorni yanada beqarorlashtiryapti. Avvalgi yillarda markaziy banklar obligatsiyalarni sotib olib, bozorni barqarorlashtirgan bo‘lsa, hozirda ular o‘z aktivlarini qisqartirmoqda. Bu esa narxlarning tushishiga va daromadlilikning oshishiga olib kelyapti.
Geosiyosiy beqarorlik vaziyatni yanada og‘irlashtirmoqda. Xalqaro muammolar, savdo nizolari va global siyosiy tanglik sarmoyadorlarning ehtiyotkorligini kuchaytiradi. Bu omillar bozorlarda risk mukofotlarini oshirmoqda.
Bu inqirozning oqibatlari keng ko‘lamli. Hukumatlar uchun obligatsiya daromadliligining oshishi qarz olishning qimmatlashishini anglatadi, bu esa davlat budjetiga qo‘shimcha bosim yaratadi. Iste’molchilar uchun esa davlat qimmatli qog‘ozlarining yuqori daromadliligi ipoteka va kreditlar bo‘yicha foiz stavkalarining oshishiga sabab bo‘lib, iqtisodiy faoliyatni cheklaydi.
Budjet xarajatlari, geosiyosiy xavflar va markaziy banklarning yordamining kamayishi natijasida inqiroz hali bir muddat davom etishini kutish mumkin.
Mavzuga oid

13:22 / 25.02.2025
O‘zbekiston 1,5 mlrd dollarlik suveren obligatsiyalarni joylashtirdi

10:56 / 26.01.2025
“Davlatlar bo‘ynidagi qarz xavotirli darajaga yetdi” – Davos forumida muhokama

17:46 / 26.12.2024
O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi 60 mlrd dollardan oshdi

16:56 / 07.12.2024