Qurilishdagi tugamayotgan qonunsizliklar: Samarqandda fuqaro uch yildan buyon to‘lov o‘rniga javob xatlari oladi

Jamiyat 11:42 / 13.09.2020 12803

Holbuki, ma'lum bir hududdan ko‘p qavatli uy qurish uchun o‘sha hududda yashovchi fuqarolar bilan kelishuvga erishilishi kerak. Harholda, qonun ustuvor bo‘lgan jamiyatda xususiy mulk daxlsizligi ham ta'minlanishi darkor.

Fuqaro Xolmurodov bir necha yildan beri qurilish maydoni ichida qolib ketgan uyda yashaydi. Uyi batamom avariya holatiga kelib qolgan. Ana shu ko‘rinib turgan holatni Samarqand shahridagi biror-bir mutasaddi ko‘rmayotgani qiziq.

Fuqaroning najot so‘rab turli idoralarga yozgan xatlariyu olgan javoblarini to‘plab yoqsa — qishning sovuq kunida bitta uyni isitishga yetadi.

Bu hududda ko‘p qavatli uy qurilishini boshlagan tashkilot «Jahon kafolat stil» XK hisoblanadi. Samarqand shahar hokimligi 2017 yilda ushbu korxonaga qurilish uchun ruxsat bergan. Mazkur qaror qurilish korxonasiga Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 26 maydagi 97-sonli qarorida belgilangan tartibda shu hududda yashovchi fuqarolarni ko‘chirish sharti bilan berilgan. Ammo fuqarolarning hammasi ham ko‘chirilmay turib qurilish ishlari boshlab yuborilgan. Oqibatda Farid Xolmurodov deyarli uysiz ahvolda qolgan.

Avvaliga qurilish ketayotgan hududdagi uyida oilasi bilan yashashga majbur bo‘lgan. Keyin esa oilasini Payariq tumaniga ko‘chirib yuborib, yashash uchun xavfli bo‘lgan mana shu uyda yolg‘iz o‘zi qolgan. Hozirgi vaqtda bu uyga kirishga qo‘rqib ham qolgan.

Aslida, fuqaroning dardini tinglaydigan, muammolarini hal qiladigan tashkilotlar bor. F.Xolmurodov dastlab ana shu tashkilotlarning deyarli barchasiga murojaat qilib chiqqan. Birgina Samarqand shahar hokimligiga 6-7 martalab murojaat qilgan. Muammo esa uch yil oldin qanday bo‘lgan bo‘lsa, hozir ham xuddi shundayligicha qolmoqda.

Fuqaroning eng so‘nggi murojaatiga asosan, shu yil 11 sentabr kuni viloyat Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi vakillari holatni joyida o‘rgangan, dalolatnoma tuzishgan. Ular tuzgan dalolatnomada quyidagi so‘zlar yozilgan:

«Fuqaro Xolmurodov Farid bundan oldin ham bir necha marta murojaat qilgan bo‘lib, shu vaqtgacha quruvchi hamda fuqaro o‘rtasida uy-joyni oldi-sotdi shartnomasi kelishilmaganligi ma'lum bo‘ldi...».

Bu masalani o‘rganib hal etish uchun yuborilgan mutaxassislarning dalolatnomasi. Bundan ham yomoni — o‘rganish uchun so‘nggi marta kelgan mutasaddilar qurilish binosi fuqaroning uyidan 40 metr olisda ekani to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot ham kiritgan... Chunki fuqaroning uyiga zarar yetkazgan, uning uyi yonidan aynan qurilish korxonasi tomonidan qazilgan chuqur hozirda ko‘mib yuborilgan. Umuman, chuqur va uy orasidagi masofa esa 20 metr atrofida. Lekin gap bunda ham emas.

Umuman olganda, fuqaroning uyi aynan qurilish sabab avariya holatiga kelgani, uning uyi qurilish maydoni hududiga kirishi va shu sababdan quruvchi tomonidan fuqaroning ko‘chirilishi lozimligi tegishli hujjatlarda qayd etib qo‘yilgan. Bu ko‘chirishning majburiyligi yuzasidan shu vaqtgacha hatto quruvchi ham e'tiroz bildirmagan. Ammo, muammoning yechimini topish uchun kelgan mutasaddi tashkilotlar orasida ana shunday dalolatnoma qilayotganlar ham bor!

Murojaatlarning bundanda «qiziq» (to‘g‘rirog‘i, «ayanchli») tarzda yopilgan holatlari ham bor.

Fuqaro murojaatiga asosan, o‘rganishga kelgan Samarqand viloyat qurilish direksiyasi mutasaddilari tomonidan tuzilgan yana bir dalolatnomada muammo hal etilgani, fuqaroning uyi o‘rniga quruvchi shaharning boshqa qismidan uch xonali uy olib berishiga kelishilgani ma'lum qilingan. Xolmurodov esa bu gap g‘irt yolg‘onligini aytmoqda.

Xo‘sh, nima sababdan bu uyning «snos»i amalga oshmay qolgan? Odatda bunday holat yuzaga kelishiga uy egasining buzilayotgan turar joy uchun haddan tashqari katta, aqlga sig‘mas darajada pul so‘rashi yoki quruvchining bepisandligi sabab bo‘ladi. Xo‘sh, bu yerda nima bo‘lgan?

Qurilish korxonasi — «Jahon kafolat stil» XK vakili bilan suhbatimizda korxona vakili fuqaroning uyi uchun 25 ming AQSh dollari miqdorida pul taklif qilgani, fuqaro esa 30 ming dollar so‘rayotganini ma'lum qildi. Yana bir suhbatda esa qurilish korxonasi fuqaroga uyning yashash qismi kvadrat metri qancha bo‘lsa shunga mos tarzda hisob-kitob qilishini, fuqaro esa uyining qurilish osti maydoniga teng o‘lchamdagi uy berilishini so‘ramoqda ekan. Xulosani o‘zingiz chiqaring...

Masalaning yana bir tomoni bor. Qurilish korxonasi vakilining ma'lum qilishicha, korxona tomonidan qurilishni boshlashdan oldin tegshli hujjatlar tayyorlangan. Samarqand shahar hokimligi tomonidan qaror chiqarilgan. Ammo, keyinchalik yana shahar hokimligi tomonidan bu qaror bekor qilingan. Qurilish korxonasi endi o‘rtada juda katta yo‘qotishga uchrash arafasida.

«2017 yil avgust oyida ko‘p qavatli uy qurish uchun qonuniy qaror olganmiz. 2018 yil hukumat qarori bilan Samarqanddagi barcha qurilishlar to‘xtatildi. 2019 yil may oyida bizga chiqarilgan qaror Samarqand shahar prokuraturasi protestidan so‘ng bekor bo‘lgandi. O‘shadan beri qurilishimiz to‘xtab turibdi.

Mazkur joy shaharning tarixiy muhofaza hududida bo‘lgani uchun qurilishlar to‘xtatilgan. Chunki quriladigan bino ko‘p qavatli. Shu sababdan uch qavatdan ziyod bino qurish mumkin emas, deyildi. Endi esa uch qavatga ham ruxsat etilmayapti. Bino balandligi 7,5 metrdan oshmasin deyilyapti.

Biz o‘sha vaqtda tegishli tashkilotlardan qanday hujjat kerak bo‘lsa barchasini olganmiz. Tasdiqlagan loyihada 3-4 qavatli bino qurilishi ko‘rsatilgan. Ammo o‘tgan yili madaniy meros obektlarini muhofaza qilish departamentidan komissiya kelib o‘rgandi va binolar qurilishi, balandligi bo‘yicha xulosalarini berishdi.

Eng qizig‘i, ayni vaqtda bitta hududda hozirda ko‘p qavatli qilib ko‘tarilgan uylar ham bor, menga o‘xshab uch qavatga ham ruxsat ololmayotganlaram... Holbuki, men qurayotgan uy hududning pastlik qismida joylashgan. Bu hududda yashagan fuqarolar bilan kelishuvimizga ko‘ra men tezda uyni ko‘tarishim va ular yangi qurilgan uylarga kelib joylashishi kerak edi. Uch yil ichida bu yerda juda katta yo‘qotishlarga uchradik», deydi «Jahon kafolat stil» XK ish yurituvchisi.

Samarqand shahar hokimligi esa ushbu bino qurilishi uchun haqiqatan ham hokimlik qarori berilgani, ammo qurilish uchun Madaniyat vazirligi ruxsati olinmagani sabab bu qaror bekor bo‘lganini aytmoqda.

Masalaning uchinchi tomoni ham bor. Shahar hokimi qarorini bekor qilish bo‘yicha Samarqand shahar prokuraturasi protestida aynan yer egalarining huquq va manfaatlari buzilgani ko‘rsatilgan va shu kabi holatlar asos qilingan.

Shunday qilib, mahalliy hokimlikning aybi o‘laroq quruvchi ham, uyi «»snos» ga tushgan fuqarolar ham zarar ko‘rmoqda.

Xo‘sh, qurilish korxonasi shahar hokimligi qarori bilan qurilishni boshlagan va bu qarorni prokuratura noqonuniy deb topgan bo‘lsa, quruvchining o‘rtada ko‘rgan milliardlab zararini endi kim qoplaydi? Yoki noqonuniy qaror chiqarilishida quruvchining ham aybi bormi?

Mavridi kelganda, eslab o‘tmoqchimiz: aynan hokimlik qarori bilan qurilishni boshlab, keyin bu qaror noqonuniy deb topilgan holatlar yagona emas. Mana shunday holatda qurilish korxonalari ko‘rgan zarar qoplanishi bo‘yicha amalda biror tizim bor yoki yo‘qligini ayni vaqtda quruvchilarning o‘zi ham bilmay hayron. Bunisi endi alohida mavzu...

Endi hikoyamiz qahramoni mavzusiga qaytsak. Uning taqdiri nima bo‘ladi? Ushbu murojaatni o‘rganayotgan vaqtimizda shu hududdagi sobiq uy egalari kelib dardini aytishdi. Ular 2017 yil quruvchi tomonidan ijara uylarga chiqarilgan va tez orada qurilajak yangi uylardan berilishi ma'lum qilingan. Ammo oradan uch yil o‘tgach, ular ham quruvchidan uyini talab qila boshlashgan. Xullas, muammo ortidan muammo.

Darvoqe, «snos» qilinmasdan boshlangan qurilish sabab avariya uyida qolib ketgan F.Xolmurodovning muammosi 2019 yil iyun oyida saytimizda e'lon qilingan edi. Afsuski, maqola taqdiri fuqaroning mutasaddilarga yozgan murojaatlari taqdiri bilan bir xil: hech qanday natija yo‘q.

Shuncha gapdan keyin, bizningcha bitta savolni berishga asosimiz bor: Samarqand shahrida qurilish bilan bog‘liq qonunsizliklar qachon tugaydi?

Anvar Mustafoqulov, Kun.uz muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: