“Samarqandni odamlar shahriga aylantirishimiz kerak, hozir mashina-shaharga aylangan” - Turdimov

O‘zbekiston 13:26 / 28.11.2024 11731

“Eng asosiy masala – Samarqand shahrini odam-shaharga aylantirishimiz kerak. Bugun bizning shahrimiz mashina-shaharga aylangan. Mashina egalari norozi bo‘lsa bo‘lsin, mayli. Piyoda yurishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. “Parkovka”ni ko‘paytirishimiz kerak. Mashinasini “parkovka”ga olib borib qo‘yishi kerak”, – deydi Turdimov.

Viloyat hokimligi axborot xizmati ushbu yig‘ilish haqida 26 noyabr kuni xabar bergan. Xabarda aytilishicha, yig‘ilishda shahar sektorlari rahbarlariga markaziy ko‘chalarda avtomobillar to‘xtash joylarini tashkil etish, piyodalar yo‘laklarini tartibga keltirish, piyodalar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish chora-tadbirlarini ishlab chiqish bo‘yicha topshiriqlar berilgan.

“Samarqand shahar to‘rtta sektori piyodalar yuradigan joylarda piyoda yurib, sharoit yaratish bo‘yicha choralar ko‘rishi kerak. Trotuarga ham mashina qo‘yib qo‘yadi. U zo‘ravon, noinsof, qo‘ydirmaslik kerak. Hamma do‘konning oldiga mashina qo‘yib qo‘yadi, qo‘ydirmaslik kerak. Odamlarimiz ko‘proq piyoda yurishi kerak.

Yana bir marta aytaman, piyoda-shaharga aylantirish chora-tadbirlarini ko‘rishimiz kerak”, – degan viloyat rahbari.

Turdimovning so‘zlariga ko‘ra, yil oxirigacha Samarqand shahridagi elektrobuslar soni 100 taga, kelasi yilning birinchi yarmida esa 150 taga yetkaziladi.

“Avtobusni ko‘paytirishimiz kerak. Mana hozir 36 ta elektrobus keldi, yil yakunigacha yana 64 ta  elektrobus keladi. Bu elektrobuslarning marshrutini transport boshqarmasi menga emas, Samarqand shahri odamlari bilan ommaviy muhokama qilib, ijtimoiy tarmoqlarda yoyinlab, keyin guruh tuzish kerak-da, hammasini ekspertizadan o‘tkazib, yaxshi marshrut tayyorlab, uni xalq deputatlari Samarqand shahar kengashiga kiritib, kengashda tasdiqlanib, keyin viloyatga bersa, biz “dobro” beramiz. Hozir yurayotgan mashinalarni olib tashlab, o‘rniga buni qo‘ydirib, nohaqlik qilish keragi yo‘q. Odamlar bilan maslahatlashib qo‘yish kerak.

2025 yilning birinchi yarim yilligida yana 50 ta elektrobus olishimiz kerak. O‘shalarning hammasini agar Juma–Urgut yo‘nalishiga qo‘yadigan bo‘lsak, kamroq kirib keladi, “nagruzka” kamayadi shu ko‘chada. Hozir kirib bo‘lmaydi...” – deya ta’kidlagan Erkinjon Turdimov.

Avvalroq Samarqandda tramvayning uchinchi yo‘nalishi ochilishi rejalashtirilayotgani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: