Jahon | 20:44 / 13.04.2025
2743
2 daqiqa o‘qiladi

Welt: Germaniya Qurolli kuchlari 100 ming nafar zaxiradagi harbiy xizmatchiga muhtoj

Bundesver bosh revizori Karsten Broyyer 2030 yilga qadar ushbu muammoni hal etish kerakligini ma’lum qildi.

Foto: Getty Images

Bundesver bosh revizori Karsten Broyyer Welt Am Sonntag’ga bergan intervyusida Germaniya Qurolli kuchlari jangovar shayligini ta’minlash uchun zaxiradagi harbiylar sonini oshirishi kerakligini ma’lum qildi.

Generalning so‘zlariga ko‘ra, ayni vaqtda bundesver haqiqiy harbiy xizmatda 200 ming askardan iborat maqsadli ko‘rsatkichga rioya qilmoqda. «Hozirgi demografik vaziyatda mehnat bozori bundan ko‘proq taklifni bera oladi deb o‘ylamayman», — deya qo‘shimcha qilgan Broyyer.

Shunga qaramay, Germaniyaning NATO oldidagi majburiyatlarini bajarishi va uning sharqiy qanotda qo‘shinlarni joylashtirish bo‘yicha logistika markazi sifatidagi o‘rnini inobatga olgan holda, mamlakatga zarur bo‘lgan umumiy harbiy xizmatchilar soni 460 ming kishini tashkil qiladi. «Shu bois bizda 100 ming kishi [zaxiradagilar inobatga olingan holda] yetishmayapti», — deydi general. Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur muammoni 2030 yilga qadar hal etish kerak.

Bundesver bosh revizori hukumat qanday chora ko‘rmoqchi ekani haqida gapirib o‘tirmay, ushbu vaziyatda demografik vaziyat ularga qarshi o‘ynayotganini ta’kidlagan. «Biz mehnat bozoridan umid qila olmaymiz, shuning uchun u yoki bu shakldagi harbiy xizmatga tayanishimiz kerak», — deya qayd etadi u. Karsten Broyyer bunday xizmat turi majburiy yoki ixtiyoriy bo‘lishi — siyosiy masala ekanini ta’kidladi.

Mavzuga oid