Andijonda yo‘l quruvchilarning xatosi yuzlab xonadonlarni oqin suvsiz qoldirdi. Xato 3 yildan beri to‘g‘rilanmayapti
Oqibatda aholi tomorqa yerlari qurib bormoqda, odamlar ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘orishiga to‘g‘ri kelyapti, natijada ba'zi uylarga ichimlik suvi ham bormay qolgan. O‘tgan yil kuzdagi sayyor qabullardan birida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov muammoni 10 kunda hal qilishni aytgan edi.
Kun.uz tahririyatiga Andijon shahri «Obod» mahallasida yashovchi aholi vakillari tomonidan yo‘llangan murojaat bilan tanishgach, muammoni o‘rganish maqsadida o‘sha manzil sari yo‘l oldik.
«Obod» mahallasiga borib, fuqarolarning arziga quloq tutdik. Bu mahallada yashovchi xonadon egalarining 2 sotixdan 10 sotixgacha tomorqa maydonlari bor. Ayni paytda ularning eng dolzarb muammosi – uch yildan beri ekinlarni sug‘orish uchun oqin suvning yo‘qligidir.
Mahallaga oqin suv Andijon shahridagi Otabekov ko‘chasidan o‘tuvchi soydan kelib, Obod, Gumbaz, Oqravot va Tolmozor mahalasidagi 400dan ortiq xo‘jaliklarni oqin suv bilan ta'minlagan.
Otabekov ko‘chasi 2017 yilda ta'mirlangan bo‘lib, o‘shanda mahallalarga oqin suv o‘tadigan «lotok» yo‘l ta'mirlanishi hisobiga buzib tashlangan. O‘rniga yangi quvur tortilgan, biroq quvur soy sathidan yuqoriga kavlab o‘rnatilgani uchun suv o‘tmay qolgan. Mana uch yildirki, quvurdan bir tomchi suv o‘tmaydi.
«Arz qilmagan joyimiz qolmadi»
«Shaharning chekka hududida yashaymiz. Karantin paytida asosiy qiladigan yumushimiz dehqonchilik. Lekin suvsizlikdan ekinlar va mevali daraxtlar chanqab, qurib yotibdi.
Prezidentimiz: «Tomorqangizdan ro‘zg‘oringiz uchun foydalaning», deb aytyapti. Biroq suv bo‘lmasa, tomorqamizda dehqonchilik qila olmaymiz. Oqin suv bo‘yicha biz arz qilmagan idora qolmadi.
2017 yildan beri shahar hokimligiga o‘n marotaba murojaat qildik. Undan tashqari, suv xo‘jaligi boshqarmasi, shahar obodonlashtirish boshqarmasi va Xalq qabulxonasiga ham murojaat qildik. Natija bo‘lmadi», – deydi «Obod» mahalla fuqarosi Abduvohid Rasulov.
Andijon viloyati hokimi muammo 10 kunda hal bo‘lishini aytgandi
«2019 yil oktabr oyida viloyat hokimining sayyor qabuli bo‘lib o‘tgandi. O‘shanda oqin suv muammosini hal qilib berishini so‘rab murojaat qildik. Viloyat hokimi mutasaddilarga o‘sha soyga damba qurish uchun pul ajratilishini aytib, 10 kun muddat ichida muammoni bartaraf etish haqida topshiriq bergan edi. Ko‘rib turibsiz, hozirgacha hal bo‘lgani yo‘q.
Shu yili aprel oyida suv xo‘jaligi boshqarmasiga bordik. Yangi quvur o‘tkazish bo‘yicha loyiha tayyorligi, lekin ajratilgan mablag‘ karantin munosabati bilan boshqa maqsad uchun yo‘naltirilganini aytishdi.
Imkoniyati bor xonadon egalari tomorqasini yer qa'ridan nasos orqali zax suv tortib sug‘orishadi. Qolganlari esa ekinlarini ichimlik suvi bilan sug‘orishadi. U ham yetmagandek, ichimlik suvi tarmog‘iga motor qo‘yishib olgan. Nima qilsin, boshqa iloji yo‘q. Ekinlarni sug‘orish kerak-ku? Oqibatda biz yashayotgan mahallalarga ichimlik suvi ham yetib bormayapti», – deydi Tolmozor mahallasi fuqarosi Abdumutal Nazarov.
Tolmozor mahallasida bo‘lganimizda, xonadon egasi tunda ichimlik suvi tarmog‘idan oz miqdorda kelgan suvni bo‘sh idishlariga to‘ldirib olishini va tomorqadagi ekinlarini o‘sha suv bilan sug‘orishini aytdi.
Shu yil aprelda 100 mln so‘m ajratilgan edi, lekin...
Muammoli vaziyatga izoh olish uchun Andijon viloyati suv xo‘jaligi boshqarmasi mutasaddisi bilan telefon orqali bog‘landik.
Familiyasini aytishni xohlamagan va o‘zini Iqboljon deb tanishtirgan boshqarma xodimi vaziyatni quyidagicha izohladi.
«Haqiqatan ham 2017 yil Otabekov ko‘chasidagi yo‘l qurilishi oqibatida ariqdan suv o‘tadigan quvur buzilgan. Oqin suvdan muammo bo‘lib turgan to‘rtta mahallaga suv o‘tkazishga harakat qildik, barchasi mablag‘ga borib taqaldi. Joriy yil aprel oyiga yuz million so‘m miqdorida pul mablag‘lari mahalliy budjetdan moliyalashtirilgan edi. Viloyat moliya bo‘limi pandemiyani sabab qilib, ish haqidan boshqa barcha smetadagi xarajatlar 3-chorakka olib qo‘yilganini aytishdi. Masalani avgust oyida bartaraf etishni rejalashtirib turibmiz», – deydi mutasaddi.
Aholi tomorqasidan unumli foydalanish haqida ko‘plab qarorlar chiqmoqda. Qaror esa ijrosi bilan go‘zal. Yer maydonini sug‘orish uchun oqin suv bo‘lmasa, qaror bandlarini amalga oshirishning iloji yo‘q.
Viloyat hokimligi va boshqa mas'ul idoralar mazkur masalaga jiddiy e'tibor qaratadi, deb umid qilib qolamiz.
Sarvarbek Nazarov
Tavsiya etamiz
Migrantlarning pul o‘tkazmalarisiz O‘zbekistonda kambag‘allik 17 foizgacha oshishi mumkin – Jahon banki
Iqtisodiyot | 18:12 / 07.03.2025
Tramp vakillari Zelenskiyning siyosiy raqiblari bilan yashirincha uchrashgan
Jahon | 15:30 / 07.03.2025
AQShning Kiyevga harbiy yordami to‘xtatilishi - bu ukrain armiyasi uchun nimani anglatadi?
Jahon | 18:17 / 06.03.2025
WizzAir O‘zbekistonga amalga oshiradigan reyslarida o‘zbek tilida ham xizmat ko‘rsatadi
O‘zbekiston | 14:01 / 06.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ruminiyada Georgeskuga prezidentlik saylovida ishtirok etishga ruxsat berildi
Jahon | 23:40 / 08.03.2025
-
Eron AQSh bilan muzokara o‘tkazishni rad etdi
Jahon | 23:36 / 08.03.2025
-
Germaniyada Mers va Shols partiyalari koalitsiya tuzish bo‘yicha kelishuvga erishdi
Jahon | 23:28 / 08.03.2025
-
ShHT sammiti Xitoyning Tyanszin shahrida kuzda bo‘lib o‘tadi
Jahon | 22:47 / 08.03.2025
Mavzuga oid

12:20 / 06.03.2025
Ko‘changiz asfalt qilinmagan, ichimlik suvi va kanalizatsiya yo‘qmi? Bu haqda Telegram orqali xabar bering

21:48 / 12.02.2025
“Aholini ichimlik suv bilan 100 foiz ta’minlash imkonsiz” – “O‘zsuvta’minot” AJ

18:09 / 13.09.2024
Andijonda o‘quvchilarni jazo sifatida o‘tirib-turg‘azgan xodimga chora ko‘rildi

14:38 / 12.09.2024