“Aholini ichimlik suv bilan 100 foiz ta’minlash imkonsiz” – “O‘zsuvta’minot” AJ

O‘zbekiston 21:50 / 12.02.2025 1163

Suv ta’minoti bo‘yicha 2017-2022 yillarda 68 ta loyiha, 2023 yilda 200 dan ziyod loyiha amalga oshirilgan. 2024 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra, ichimlik suv yetib bormagan mahallalarga suv yetkazish uchun Strategik islohotlar agentligi va “O‘zsuvta’minot” AJ tomonidan 2 milliard 350 million dollarlik reja ishlab chiqilgan. Shuncha loyiha va mablag‘lar ajratilishiga qaramay, O‘zbekiston aholisi ichimlik suv bilan haligacha to‘liq ta’minlanmadi. “O‘zsuvta’minot” AJ raisi o‘rinbosari Xurshid Rahmatullayev bugun, 12 fevral kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida vaziyatga sabab bo‘layotgan asosiy muammolarga to‘xtaldi.

Uning aytishicha, mamlakat aholisini ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlashning iloji yo‘q. Xonadonlarni markazlashgan ichimlik suvga ulash bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiyaga ko‘ra, 2035 yilga borib respublika miqyosida aholining ichimlik suv bilan ta’minlanish darajasini 95 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.

Suv ta’minotisiz qoladigan 5 foiz hududlar – olis yoki tog‘li joylar, xususan, suv tortish ishlari texnik va iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamaydigan lokatsiyalarga to‘g‘ri keladi. Ularga alternativ manbalar, ya’ni vodovoz yoki lokal joyda manbalarini hozirlash orqali ichimlik suv yetkazish choralari ko‘riladi.

Suv ta’minoti borasidagi loyihalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu jarayonlarga mablag‘ ajratayotgan Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki va boshqa tashkilotlarning loyihani tanlashdan boshlab uni tasdiqlash hamda sarmoya kiritishgacha bo‘lgan o‘ziga xos bosqichlari bor. Bularning barchasiga vaqt talab qilinadi. Hozirda Strategik islohotlar agentligi, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda mazkur jarayonlarni optimallashtirish ustida ish olib bormoqdamiz”, – deydi Xurshid Rahmatullayev.

Mas’ulning ta’kidlashicha, aholini toza ichimlik suv bilan ta’minlashga qaratilgan 2 milliarddan ortiq summani tashkil etuvchi loyihalarning yakunlanishi, sifati va samaradorligiga salbiy ta’sir etayotgan bir qancha omillar bor.

Birinchisi – texnologik yechimlar. O‘zbekistonning geografik joylashuvi, iqlimiga muvofiq xorijiy konsultantlar yoki jalb qilingan ekspertlar tomonidan taklif qilinayotgan texnologiyalarni o‘rganish zaruriyati mavjud. Yevropa yoki boshqa rivojlangan mamlakatlarda samara ko‘rsatgan usullar mahalliy sharoitga mos kelmasligi mumkin. Ularni muvofiqlashtirishga vaqt kerak bo‘ladi.

Ikkinchi sabab joriy etilgan standart talablari bilan bog‘liq. Ko‘plab davlatlarda oqova suvlar tozalanib, dengiz, daryo yoki okeanga chiqarib yuboriladi. Shu sabab mazkur jarayon bilan bog‘liq talablar u joylarda biroz past. Bizda esa chiqindi suvlar yerga yoki daryolarga oqiziladi. Bu kabi jarayonlarni optimallashtirish bo‘yicha o‘tkazilayotgan bahs-munozaralar aholini suv bilan ta’minlash loyihalarini o‘z vaqtida amalga oshirishning kechikishiga ma’lum bir jihatdan ta’sir qiladi.

Uchinchi masala qarz bitimlarini tuzishga doir bo‘lib, jarayonda O‘zbekiston manfaatlarini maksimal darajada himoya qilish zarur. Deyarli barcha loyihalarimiz davlat kafolati ostida jalb qilinadi. Davlat kafolati ostida bo‘lganidan keyin mablag‘lar o‘z vaqtida qaytarilishi hamda loyihalarni o‘z vaqtida tugatib, ishga tushirilishi talab etiladi. Buning uchun, O‘zbekiston tarafi ma’lum bir majburiyatlarni o‘z bo‘yniga oladi. Shu sabab bitim loyihasini pishiq, puxta va sifatli qilib tayyorlash ham vaqt talab qilishi tabiiy”, – deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: