12 sentabr kuni Andijon shahridagi 5-maktabda kechikib kelgan o‘quvchi qizlar o‘tirib-turish mashqi bilan jazolangani xabar qilingandi. Holat yuzasidan shahar Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi rasmiy munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, voqea haqiqatan ham shu sanada maktabning 10-“Z” sinf o‘quvchilari bilan soat 9:20 da sodir bo‘lgan. Ta’kidlanishicha, bolalar muntazam darsga kech qolishadi, shu sabab muassasaning mas’ul xodimi D.T. tomonidan o‘quvchilar tartibga chaqirilgan.
“Ushbu holat maktab direktori tomonidan nazoratga olinib, o‘quvchilar darslarga kiritib yuborilgan hamda o‘quvchilarning ota-onalari bilan dars jarayonlari 8:00 dan boshlanishi va ushbu vaqtda o‘quvchilarning maktabga kelishlarini ta’minlash zarurligi yuzasidan suhbat olib borildi.
Shuningdek, maktab direktori tomonidan mas’ul xodim D.T.ga o‘quvchilar bilan pedagogik etika qoidalariga rioya etgan holda munosabatda bo‘lishi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borilib, unga nisbatan intizomiy chora qo‘llandi”, – deyiladi rasmiy izohda.
Eslatib o‘tamiz, saytda e’lon qilingan xabardan so‘ng Bolalar ombudsmani va Maktab vaziri Hilola Umarova vaziyat nazoratga olinganini, buni oqlab bo‘lmasligini bildirishgandi.
Ma’lumot uchun, 5-maktabdagi jazolash – 2022 yil iyulda vazir buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining ichki tartib va odob-axloq qoidalari”ga zid hisoblanadi.