Markaziy Osiyo va Afg‘oniston haqidagi ba’zi xabarlar jamlangan haftalik dasturni tomosha qiling.
Uch bosh vazir chegarada ko‘rishdi
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston bosh vazirlari 8 yanvar kuni davlat chegaralari tutashgan nuqtada ko‘rishdi. Ma’lum qilinishicha, Abdulla Aripov, Odilbek Qosimaliyev va Qohir Rasulzoda davlat chegarasi bo‘yicha avvalgi erishilgan kelishuvlar doirasida ko‘rishgan. O‘zbekiston hukumati matbuot xizmatiga ko‘ra, uchrashuv mintaqaviy integratsiyani mustahkamlash maqsadida o‘tkazilgan. Bosh vazirlarning davlat chegarasi tutashgan hududda ko‘rishgani esa ramziy ma’noga ega. Ular savdo, logistika, suv-energetika, madaniy-gumanitar aloqalar bo‘yicha katta salohiyat borligini gaplashgan. Xo‘sh, bosh vazirlarning bu uchrashuvi nimani anglatadi. Bilasiz, uch davlat ham uzoq yillar davomida chegara da’volari va territorial nizolar bilan yashadi. Oldingi hukumatlar yon bermadi, butun dunyoga qo‘shnilar o‘zaro bahamjihat emasligi bilan namoyon bo‘lib, bu davlatlar siyosiy imijiga ham putur yetkazdi. Hozirgi chegara kelishuvlari esa rostdanam yaxshi natija, bosh vazirlar uchrashuvi bilan esa masala to‘la ijobiy hal bo‘lgani messeji berilmoqda.
Tojikistonda metro quriladi
Tojikistonda metro qurilishi mumkin. Buning uchun poytaxt Dushanbe shahri tanlanmoqda, o‘tgan yilning o‘rtalaridan metro qurish loyihasini ishlab chiqish boshlangan. Respublika Transport vazirligiga ko‘ra, uzunligi 10,5 km bo‘lgan birinchi metro liniyasi shaharning janubiy qismidan davlat sirki hududigacha davom etadi. Metro qurish tashabbusi poytaxtdagi tirbandlik va jamoat transporti tizimining noqulay ekani ortidan bildirilgan. Lekin metro vaziyatni yaxshilash-yaxshilamasligi bo‘yicha tahlillar o‘tkazilayotgani yo‘q.
Asia Plus Tajikistan aholining fikrini o‘rganarkan, ko‘pchilik metro qurilishini yoqladi. Odamlar bu tirbandlikning oldini olishiga umid qilmoqda. Poytaxt aholisi fikricha, piyodalar o‘tish yo‘laklarini demontaj qilish ortidan ham tirbandlikni kamaytirish rejalangandi, lekin natija aks ta’sir qildi. Yoshlar fikricha, qiyin bo‘lsa ham Tojikistonga metro kerak. Ammo so‘rovnomada qatnashganlar ichida bu muammoni hal qilmasligini aytuvchilar ham topildi. “Menimcha, tirbandliklar avvalgidek qoladi. “Mana, piyodalar o‘tish joylari ham yopildi, lekin hech narsa o‘zgarmadi-ku”, deydi poytaxtlik qiz.
Tojikiston mintaqada elektron hukumat eng kam rivojlangan davlat
Tojikiston Markaziy Osiyoda elektron hukumat eng kam rivojlangan davlat deb topildi. Birlashgan Millatlar Tashkilotining 2024 yilgi elektron hukumatni rivojlantirish indeksi ro‘yxati e’lon qilinarkan, Markaziy Osiyo davlatlari orasida Tojikiston oxirgi o‘rinni egalladi. Mintaqa bo‘yicha eng yaxshi ko‘rsatkich esa Qozog‘istonniki. Indeks doirasida dunyoning 193 davlati raqamli rivojlanishi baholangan va davlatlarga turli kriteriyalar asosida ballar berilgan.
Tojikiston shu baholashda 1 ball ham ololmay, 123-o‘rinni egalladi. Umumiy ro‘yxatda Qozog‘iston 24-o‘rinda, O‘zbekiston esa 63, Qirg‘iziston 78-o‘rinda.
Eng yaxshi elektron hukumat esa Daniya, Estoniya va Singapurniki bo‘ldi. AQSh bu bo‘yicha 19-o‘ringa loyiq ko‘rilgan. Eng yomon ko‘rsatkichlar Somali, Janubiy Sudan va Markaziy Afrika Respublikasida. Ular balli shkala bo‘yicha yarim ball ham yig‘isholmagan.
Benzin 2 baravarga arzonladi
Qirg‘izistonda benzin arzonladi, shu yanvar oyida benzinning narxi deyarli ikki baravarga arzonlagan. 2024 yil dekabr oyida benzin narxi 3 so‘mga, 2025 yilning yanvar oyida esa 4-5 so‘mga arzonlashdi. “Bu qolgan yoqilg‘ini sotish uchun qilingan mavsumiy chegirmalardir”, - deydi neft treyderlari uyushmasi rahbari Kanat Eshatov. Ya’ni bu uzoq davom etmaydi, yaqin kunlarda benzin narxlari yana o‘z joyiga qaytadi. Shu bilan birga, neft treyderlarining prognozlariga ko‘ra, Rossiyada ham yangi yil bayramlaridan keyin yoqilg‘ining narxi yana ko‘tariladi.
Aeroportdagi granata o‘yinchoq bo‘lib chiqdi
“Manas” xalqaro aeroporti hududida 9 yanvar kuni granata topildi. Voqea joyiga viloyat ichki ishlar boshqarmasi va tuman tezkor tergov guruhi chaqirilgan. Aeroport hududi o‘rab olingan va barcha fuqarolar tezlik bilan evakuatsiya qilingan. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi voqea joyiga sapyorlar guruhini tashlagan. Topilgan granata esa shunchaki o‘yinchoq bo‘lib chiqdi. “Manas” aeroportidagi videokameralar yordamida o‘yinchoq granata qo‘ygan jinoyatchilarni aniqlash va qo‘lga olish ishlari davom etmoqda.
Chegara o‘tkazish punktlari yangilanadi
Hozirgi xabar Qozog‘iston chegarasida kunlab rangi sarg‘aygan yuk mashinalari haydovchilarini quvontirsa kerak. Qozog‘iston Xitoy, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegara o‘tkazish punktlarini to‘liq modernizatsiya qiladi, ularning o‘rniga yangi va zamonaviylarini quradi. Natijada chegara o‘tish joylarining o‘tkazish qobiliyati kamida olti barobarga ortadi. Bu haqida Qozog‘iston davlat daromadlari qo‘mitasi ma’lum qilgan.
“Mamlakatning tranzit salohiyatini rivojlantirish va qo‘shni davlatlar bilan tovar ayirboshlash hajmini oshirish maqsadida hukumat Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegara o‘tkazish punktlarini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishni boshladi. Modernizatsiya, aslida, zamonaviy talablarga javob bermaydigan eski infratuzilmani buzib, yangi chegara punktlarini qurishni o‘z ichiga oladi”, deb tushuntirdi qo‘mita. Ma’lum bo‘lishicha, yuk tashishning butun siklini avtomatlashtirish tufayli chegaradan o‘tish vaqti 30 daqiqagacha qisqaradi.
“TAPI” loyihasi tezlashadi
Turkmaniston va Afg‘oniston TAPI gaz quvuri loyihasini tezlashtirish harakatida. 4 yanvar kuni Kobul shahrida Afg‘oniston kon va neft vaziri vazifasini bajaruvchi Hidoyatulloh Badri va TAPI Pipeline Company Limited kompaniyasi bosh direktori Muhammetmurod Amanov ko‘rishgan. Ular Turkmaniston-Afg‘oniston-Pokiston-Hindiston (TAPI) gaz quvuri loyihasining qolgan ishlarini jadallashtirishni gaplashgan. Afg‘onistonliklar uchun yangi ish o‘rinlari yaratish, loyihaga jalb qilingan afg‘on muhandislarining malakasini oshirish haqida ham so‘z borgan.
Dekabr oyida Turkmaniston delegatsiyasi Afg‘onistondagi uchastkalarda qurilish ishlarining borishini ko‘zdan kechirgandi. Bu bilan loyiha turkmanlar uchun muhimligi o‘z isbotini topadi.
Shifoxona uchun kredit
Turkmaniston Saudiyadan kredit olmoqda. 7 yanvar kuni asosiy hujjat imzolangan. Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi 300 million Saudiya riali miqdorida kredit beradi, Turkmaniston esa bu pulga Maryam viloyatida 200 o‘rinli onkologiya markazini qurmoqchi.
Bitim Saudiya taraqqiyot jamg‘armasi bosh ijrochi direktorining Turkmanistonga tashrifi chog‘ida imzolangan. Bosh direktor Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhammedov bilan ham ko‘rishgan.
Kitobxon prezident
Turkmaniston prezidenti xuddi otasi kabi kitoblar yozmoqda. Kichkina Berdimuhammedovning “Maxtumquli – dunyo mutafakkiri” kitobi taqdimoti o‘tkazilib, qaysiki diplomat bo‘lmasin, hamma unga taklif qilindi. Tashqi ishlar vaziri qo‘liga ushbu kitobni ko‘tarib, ta’rif berdi, yaxshi gaplar yog‘dirdi. Marosimda O‘zbekiston elchisi ham qatnashgan, diplomatlar birma-bir kitob bilan rasmga tushgan. Hindiston elchisi so‘zga chiqib, kitobni maqtay ketgan. Elchi kitobni o‘qib chiqqan chog‘i, unda 30 marta Hindiston so‘zi ishlatilganidan xursandligini aytgan.