Qishloqlardagi namunaviy uylar qachongacha malakasiz quruvchilar tomonidan quriladi? Vazir o‘rinbosari izoh berdi

O‘zbekiston 20:30 / 20.11.2019 25848

Qurilish vaziri o‘rinbosari Shuhratxo‘ja Hoshimov «Qishloq qurilish invest» injiniring kompaniyasi MChJ buyurtmasi asosida qishloqlarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uylarda smetada ajratilgan pulni tejab qolish maqsadida arzon ish kuchi bo‘lgan malakasiz ishchilar, mardikorlar quruvchi sifatida ishlatilayotgani, vazirlik bu jarayonni qachon nazoratga olishi haqidagi savolga javob berdi.

«Davlat rahbari tomonidan joylarda qurilayotgan uy-joylarning sifat darajasini ko‘tarish haqida topshiriq berilgan. Bugungi kunda buyurtmachi xizmati, pudratchilarning saviyasini oshirishimiz kerak. Loyiha-smeta hujjatlarida belgilangan hamma yechimlarni to‘g‘ri amalga oshirish masalasi ham bor.

Shulardan kelib chiqib ayni paytda Qurilish vazirligi tomonidan Prezident qarori loyihasi ishlab chiqilmoqda. Hujjatda buyurtmachilar va pudratchilar bozorini shakllantirish, ularning ishini takomillashtirish, moddiy-texnika bazasini rivojlantirish, kadrlar bilan bog‘liq muammolarni hal qilish kabi masalalar ko‘zda tutilmoqda. Ochiq-oydin aytadigan bo‘lsak, joylarda buyurtmachining texnik nazoratini, Qishloq qurilish loyiha institutining mualliflik nazorati bo‘limi nazoratini kuchaytirishimiz kerak», deb aytgan Shuhratxo‘ja Hoshimov.

Qurilish vaziri o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, qurilayotgan uylarning sifati Davlat arxitektura va qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan ham nazorat qilib boriladi. Qurilish normalarini buzganlarga nisbatan jarima sanksiyalari ham qo‘llangan.

«Mehnat bozoridagi bo‘shliqni to‘ldirish, malakali ishchilar sinfini shakllantirish uchun vazirligimiz tasarrufidagi 14ta kollejda mutaxassislarni qayta tayyorlashni yo‘lga qo‘ydik. 2019 yil oxirigacha 3 mingga yaqin ishchining malakasini oshirib, ularga tegishli sertifikatlarni berish ustida ishlayapmiz. Ya'ni u beton quyuvchi bo‘ladimi, g‘isht teruvchi bo‘ladimi, bularning hammasining tegishli malakaga ega bo‘lishi ustidayam ishlar olib borilmoqda. Buyam ertaga sifat darajasini ko‘tarishga olib keladi. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshirilaveradi. Soni ko‘payaveradi», deb aytgan Shuhratxo‘ja Hoshimov.

Qurilish vazirligi axborot xizmati rahbari Dilshod Jalolovning qo‘shimcha qilishicha, sifatsiz uylar qurishning oldini olish maqsadida ilgari qurilish tashkilotlari o‘rtasidagi tenderlar Qurilish vazirligining Tender-konsaltingi orqali uyushtirilgan. O‘sha paytda tenderda qatnashish uchun pudratchilar muayyan shartlarga javob berishi, masalan, malaka va ko‘nikmaga ega bo‘lgan ishchi-xodimlarga ega bo‘lishi, bankdagi hisob-raqamida ma'lum bir miqdorda mablag‘i bo‘lishi talab etilgan. Keyinchalik bu vakolat mahalliy hokimliklarga o‘tib ketgan.

«Hozirgi kunda uy-joylarni qurish, hattoki, davlat dasturiga kiritilgan inshootlarni qurish uchun tender o‘tkazilmayapti, faqatgina mahalliy hokimlik organlarining o‘zi tanlov o‘tkazib, obektlarni qurilish-pudrat tashkilotlariga berayotgani oqibatida mana shunaqa sifatsiz binolarni qurish kelib chiqayotgan bo‘lishi ehtimoldan xoli emas», deydi Dilshod Jalolov.

Ko‘proq yangiliklar: