Jahon | 21:50 / 16.04.2025
13757
16 daqiqa o‘qiladi

Yaponiyadan Italiyagacha – pulli yo‘llar haqidagi taassurotlar

Bu yil O‘zbekistondagi birinchi pulli yo‘llarning qurilishi boshlanishi mumkin. Bunday yo‘llar boshqa ko‘plab davlatlar uchun allaqachon odatiy holga aylanib ulgurgan. Kun.uz turli davlatlarda yashayotgan o‘zbeklardan u yerdagi pulli yo‘llar qanaqaligini so‘radi. Vatandoshlar Yaponiya, Singapur, Malayziya, Italiya va Avstriya pulli yo‘llaridagi taassurotlari haqida so‘zlab berishdi.

Foto: Getty images

Rivojlangan davlatlar bepul yo‘llarga muqobil tarzda tirbandlikni kamaytirish, aholi va yuk tashuvchi transportlar uchun muhim yo‘nalishlarda vaqt tejash, iqtisodiy faoliyatni tezlashtirish va infratuzilmani moliyalashtirish uchun pulli yo‘llarni tashkil qilgan. O‘zbekistonda ham bu borada bir nechta rejalar bor.

Hukumat xalqaro moliya tashkilotlari ko‘magida “Toshkent–Samarqand” va “Toshkent–Andijon” pulli yo‘llari qurilishini 2025 yilda boshlamoqchi. Bungacha belgilangan muddatlar bir necha marta surilgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi Kun.uz'ning bu yo‘llar qanday tuzilishi, qaysi kompaniya qurishi va qancha mablag‘ sarflanishi borasidagi so‘roviga “hali hech narsa aniq emas” deya javob berdi. Biroq dastlabki rejalarga ko‘ra, poytaxtdan Samarqandga eltadigan yo‘l davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy operator boshqaruvida bo‘ladi va loyihaning taxminiy qiymati 2,2 mlrd dollarga baholangan.

Biz bir necha vatandoshlarimizning xorijiy mamlakatlardagi pulli yo‘llar haqidagi taassurotlari bilan qiziqdik.

Yaponiyadagi pulli avtomagistrallar – madaniyat va iqtisodiyot kesishmasi

Ashrafbek Olimov:

Yaponiya avtomagistrallari oddiy yo‘l infratuzilmasi emas — ular mamlakat madaniyati va iqtisodiyotining ajralmas qismiga aylangan murakkab tizimdir. Bu yo‘llar nafaqat haydovchilar qulayligi uchun yaratilgan, balki zamonaviy texnologiyalar, urbanistik rejalashtirish va xususiy sektor boshqaruvi uyg‘unlashgan sohani ifodalaydi.

Yaponiya avtomobil yo‘llari asosan ikki turga bo‘linadi:

1. Tezyurar avtomagistrallar (Expressways) – bu pulli yo‘llar bo‘lib, davlat va xususiy operatorlar tomonidan boshqariladi. Ular orasida eng mashhurlari – Tokiodan Nagoyagacha cho‘zilgan Tomei Expressway va Nagoyadan Osakagacha uzayadigan Meishin Expressway.

2. Milliy avtomobil yo‘llari (Kokudō) – bu bepul va raqamlangan yo‘llar bo‘lib, shaharlararo aloqani ta’minlaydi. Masalan, National Route-4 kabi yo‘llar mamlakatning shimoli-g‘arbidan janubi-sharqigacha davom etadi.

Yaponiyada ayrim avtomagistrallar o‘zining me’moriy va muhandislik yechimlari bilan ham mashhur. Masalan, Hanshin Expressway tarmog‘i Osakadagi zich shaharsozlik ichida joylashgan eng murakkab yo‘llardan biridir. Bundan tashqari, Akashi Kaikyō ko‘prigi dunyodagi eng uzun osma ko‘priklardan biri bo‘lsa, Kawazu-Nanadaru halqa ko‘prigi esa aylanma shakli bilan haydovchilarni hayratda qoldiradi.

Kawazu-Nanadaru halqa ko‘prigi

Yaponiyadagi magistrallar ETC – Electronic Tool Collection tizimi orqali boshqariladi. Bu tizim yordamida avtomobillar maxsus qurilmalar orqali to‘xtamasdan to‘lov punktlaridan o‘tadi va pul avtomatik tarzda yechib olinadi. Yo‘llarning aksariyati xususiy kompaniyalar tasarrufida bo‘lib, ular to‘lov evaziga yo‘llarni saqlash, xizmat ko‘rsatish va xavfsizlikni ta’minlash bilan shug‘ullanadi.

Yaponiyadagi pulli yo‘llarga o‘tishdagi turniketlar

Magistral bo‘ylab har 100-200 km masofada xizmat hududlari borligi haydovchilarga qulaylik yaratadi. Bunday joylarda restoranlar, mehmonxonalar, hojatxonalar va kichik do‘konlar bor. Bu joylar nafaqat dam olish, balki mahalliy mahsulotlar bilan tanishish uchun ham yaxshi imkoniyatdir.

Yaponiyadagi avtomagistrallar sifat, xavfsizlik va qulaylik borasida yuqori baholanadi. Yo‘llar tekis, tartibli va yaxshi saqlangan. Lekin narx jihatidan hamyonbop emas: masalan, Tokiodan Osakagacha avtomobilda borganingizda yo‘l haqi 100 dollarga yaqinlashadi. Kichik masofalar, masalan, Toshkentdan Jizzaxgacha teng bo‘lgan yo‘nalishlar 30-40 dollar atrofida tushadi. Shunga qaramay, ETC tizimi foydalanuvchilari uchun bayram kunlarida yoki tungi vaqtlarda chegirmalar bor.

Yaponiya politsiyasi yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashda ilg‘or usullardan foydalanadi. Yashirincha kuzatuv olib boruvchi GT-R mashinalari orqali tezlikni oshirgan haydovchilar aniqlanadi va jazolanadi. Bu yondashuv yo‘llarda intizom va tartibni saqlab turishga yordam beradi.

Singapur: Pulli yo‘llar tirbandlikni kamaytirish uchun qilingan

Jasurbek Tursunov:

Singapurda (shahar-davlat) pulli yo‘llar bor, lekin ular har doim ham pulli emas — asosan ma’lum soatlarda to‘lov olinadi. Masalan, ertalab 07:30 dan 09:30 gacha, hamda kechki tig‘iz soatlarda (peak time) yo‘llardan o‘tishda to‘lov yechib olinadi. Bu tizimning asosiy maqsadi – tirbandliklarni kamaytirish.

Singapurda mototsikllar uchun har bir pulli yo‘ldan o‘tish narxi 0,60 Singapur dollari (taxminan 6000 so‘m), avtomobillar uchun esa har bir to‘lov nuqtasi bo‘yicha 1–2 Singapur dollari atrofida. Masalan, uyimdan ishxonamgacha masofa 14 km, lekin bu yo‘lda kamida ikkita yirik avtomagistral – Pan Island Expressway va Central Expressway orqali o‘tishga to‘g‘ri keladi. Natijada kuniga 4 dollargacha to‘lashim kerak bo‘ladi.

Pan Island Expressway

Ertalab soat 6:30 dan 7:30 gacha men metroda yurishni afzal bilaman. O‘zi umuman, bu yerda ko‘pchilik ishga mashinada emas, jamoat transportida qatnaydi. Bu yerda metro va avtobuslar juda qulay, toza va tez. Mashinada ishga borish 35-40 daqiqa, jamoat transportida esa 50 daqiqa vaqt oladi. Ya’ni vaqtdagi farq katta emas. To‘lov ham ancha arzon – bir martalik metro yo‘lkirasi 1,90-2,00 Singapur dollari, bu taxminan 20 ming so‘m atrofida.

Bundan tashqari, avtoturargohlar juda qimmat: shaharda kunlik to‘lov 15-20 dollar, oyiga esa 400-500 Singapur dollarini tashkil qilishi mumkin. Shaharda joy yetishmovchiligi sabab odamlar jamoat transportiga o‘tishga majbur.

Uyimiz Singapur chekkasida joylashgan va Malayziyaga chiqish uchun ikkita chegara punkti bor: Woodlands Checkpoint va Tuas Checkpoint. Mashinada bu chegaradan o‘tish juda qulay: pasportingizni ko‘rsatgan holda o‘tasiz. Doimiy yashash huquqiga ega rezidentlar esa Immigration & Checkpoins Authority (ICA) veb-sayti orqali oldindan ro‘yxatdan o‘tib, QR-kod orqali chegara nazoratidan o‘tishlari mumkin.

Singapurda yo‘l to‘lovi elektron datchiklar orqali yechiladi. Pul tashlab qo‘yish shart emas – transport vositangizda o‘rnatilgan qurilma (masalan, EZ-Link yoki NETS CashCard) orqali pulli yo‘l punktidan o‘tayotganingizda avtomatik tarzda pul yechiladi. Agar 70 km/soat tezlikda harakatlanayotgan bo‘lsangiz, hech qanday to‘xtashsiz shu tezlikda davom etasiz.

Singapurdagi pulli yo‘lga o‘tish turniketlari

Singapurdagi pulli yo‘llarga ECP (East Coast Parkway), MCE (Marina Coastal Expressway) va AYE (Ayer Rajah Expressway) kiradi. Men aynan shu yo‘llarda harakatlanib ko‘rganman. Bu yo‘llarda maksimal tezlik 90 km/soat (ba’zi joylarda 80 km/soat) etib belgilangan. Qoidalar qattiq nazorat qilinadi, shuning uchun odatda haydovchilar tezlikni oshirmaydi. Singapurda yo‘llarda tirbandlikni kamaytirish maqsadida kunning muayyan soatlarida ERP tizimi orqali yo‘l haqi olinadi. Bu haq bir yo‘nalish uchun 0.6 SGDʼdan 6 SGDʼgacha bo‘lishi mumkin.

Malayziya: 110 km/soat tezlikkacha ruxsat berilgan

Jasurbek Tursunov:

Malayziyada ham pulli yo‘llar mavjud va ular naqd pul qabul qilmaydi. Yo‘lovchilar Touch ’n Go yoki SmartTAG tizimlaridan foydalanadi. Birinchi usulda siz kartani to‘lov punktida terminalga bosasiz. Ikkinchisida esa mashinangizga o‘rnatilgan qurilma orqali to‘lov avtomatik tarzda amalga oshadi.

Malayziyada yo‘llar keng va tekis. Ba’zi yo‘llar aholi punktlaridan o‘tsa ham, ular to‘liq ajratilgan bo‘ladi va 110 km/soat tezlikda harakatlanishga ruxsat etiladi. Katta yuk mashinalari ham ko‘pincha 100 km/soatdan yuqori tezlikda harakatlanadi. Yo‘llarda infratuzilma yaxshi rivojlangan: ovqatlanish maskanlari, namozxonalar, dam olish joylari mavjud.

Bir safar Kuala-Lumpur ichida mehmonxonaga ketayotganimizda GPS bizga pulli tunnel yo‘lni ko‘rsatdi. Bu yerda tezlik 60 km/soat bilan cheklangan edi, lekin mashinalar ko‘pincha 70-80 km/soat bilan harakatlanardi. Bu yo‘ldan yurganimiz uchun biz taxminan 10 ming so‘m to‘ladik. Tunnel orqali 15 daqiqalik masofani atigi 5 daqiqada bosib o‘tdik.

Malayziyada avtomatik to‘lov tizimlari mavjud bo‘lsa-da, ba’zi hollarda mashina biroz sekinlashib, to‘lov punktlaridan o‘tishga to‘g‘ri keladi. Avtomatlashtirilgan RFID yoki Touch ’n Go to‘lov tizimlari keng tarqalgan, ammo ular orqali to‘lov amalga oshirilmaguncha yo‘l ochilmaydi.

Malayziyadagi pulli yo‘llarda mashinalar tez harakatlanadi, biroq hozirgacha men hech qanday baxtsiz hodisaga duch kelmaganman.

To‘g‘risi, Malayziyadagi yo‘llar ba’zida chalkash bo‘lishi mumkin. Yo‘nalishni topish oson emas. Ko‘pincha bir bo‘lakdan ikkinchi bo‘lakka tezda o‘tish yoki ikkinchi darajali ko‘chadan birinchi darajali ko‘chaga chiqish paytida orqadan kelayotgan mashina sizga signal bermaydi. Aksincha, sekinlashib sizga yo‘l beradi. Malayziyada mashina boshqarish O‘zbekistonda mashina haydash tajribasini qisman eslatib yuboradi, lekin bu yerda haydovchilar orasida o‘zaro hurmat yuqori. Shuning uchun menga Singapurda ham, Malayziyada ham pulli yoki bepul yo‘llarda harakatlanish bir xil, ikkovi ham yoqadi.

Yaqinda ish bilan Tailandda ham bo‘ldim. U yerda pulli yo‘lga to‘lov uchun naqd pul ham ishlatilarkan. Trassaga kirishda haydovchi chipta oldi. Chiqishda pul to‘lanadi. Yo‘l haqi naqd pul yoki karta orqali to‘lanarkan. Malayziya va Singapurda faqat karta orqali mumkin.

Tailandda pulli yo‘l

Yevropadagi taassurotlar

Sherzod Mirzaahmedov:

O‘tgan yoz ota-onamni sayohatga olib chiqqan paytimiz pulli yo‘ldan o‘tganmiz. Bu yo‘l pulli ekanini oldindan bilmaganmiz, Google Maps eng qisqa yo‘l sifatida shuni ko‘rsatgan. Italiyaning shimolida, Komo ko‘lidan Milan shahrigacha bo‘lgan oraliqda taxminan 4-5 yevro to‘laganmiz.

Pulli yo‘lga avtomatlashtirilgan to‘lov punktlari – turniketga o‘xshagan joylar orqali o‘tiladi. Pul to‘lab pulli yo‘lga o‘tasiz. Bepul yo‘l esa torroq, tezlik cheklangan va ba’zan mahallalarning ichidan o‘tadi. Pulli yo‘lda esa maksimal 130 km/soat tezlikda yurish mumkin, yo‘llar juda tekis. Bu yo‘llarda piyodalar o‘tish yo‘laklari, svetoforlar va veloyo‘laklar yo‘q edi, mashinalar tez yuradi, yo‘l esa aholi yashash hududlaridan o‘tmaydi, shuning uchun xavfsizlik ta’minlangan. Yo‘l sifati bepul va pulli yo‘llarda deyarli bir xil.

Italiyadagi pulli yo‘l – avtostrada

Ertasi kuni Komodan Venetsiyagacha bo‘lgan yo‘l uchun 25 yevro to‘laganmiz, chunki masofa ancha uzoq edi. Agar tekin yo‘lni tanlaganimizda, tog‘lar ustidan aylanib, uzoq vaqt harakatlanishga to‘g‘ri kelardi. Pulli yo‘lda esa 130 km/soatgacha tezlikda yuriladi, tirbandlik yo‘q, maksimal burilish va chorrahalarsiz qurilgan. Chiqib ketish uchun alohida yo‘laklar bor – o‘ngga burilib, pastga tushib, orqaga qaytish mumkin.

Bu yo‘llarda do‘konlar deyarli yo‘q, chunki mashinalar deyarli to‘xtamaydi. Harakatni boshqaruvchi turniketlarga o‘xshagan joylardan faqat bitta mashina sig‘adi. To‘lov punktiga borganda esa yo‘laklar soni 15-20 tagacha ko‘payadi, bu tirbandlik yuzaga kelmasligi uchun qilingan. Xohlasangiz naqd, xohlasangiz kartadan to‘laysiz. Men bu joylarda odam o‘tirganini ko‘rmaganman – hammasi avtomatlashtirilgan. Kirishda va chiqishda karta uriladi va shu asosda qancha masofa yurganingiz aniqlanadi.

Italiyadan farqli, Avstriyada pulli va bepul yo‘l o‘rtasidagi farq juda sezilarli ekan. Italiyadagi kabi 15–20 ta turniketdan iborat tizim o‘rniga, Avstriyada yo‘lda nechta bo‘lak bo‘lsa, o‘tish punktida ham shuncha turniket o‘rnatilgan. Bu esa ba’zida tirbandliklarga sabab bo‘ladi.

Mashinada onam o‘zini yomon his qilgani uchun yo‘l chetiga o‘tdim: dorixona izlab, shuningdek, benzin quyish uchun o‘ngga burildim. Bu harakatimiz bilan turniket ortda qolib ketdi. Oradan biroz o‘tib, ikki nafar xodim to‘xtatib, yo‘l uchun to‘lov qilgan-qilmaganimni so‘rashdi. Vaziyatni tushuntirib berganimdan so‘ng ular menga tekin yo‘lga o‘tishni tavsiya qilib, o‘ng tomonni ko‘rsatishdi.

Keyinchalik bilsam, Avstriyada agar pulli yo‘lning to‘lov punktidan to‘lamasdan o‘tib ketsangiz, ortga qaytib to‘lash imkoniyati yo‘q ekan. Bunday holatda avtomatik ravishda tekin yo‘lga yo‘naltirilasiz. Ammo bu tekin yo‘l bizga ancha qimmatga tushdi: u bizni Alp tog‘lari ustidan olib o‘tdi. Bu yo‘l iyun oyida qorli, tumanli va nihoyatda xavfli edi. Ko‘rinish darajasi bir metrga ham yetmasdi. Soatiga 5–10 km tezlikda harakatlanib, tog‘ tepasiga chiqdik va pastga tushdik. Oddiy pulli yo‘lda borish mumkin bo‘lgan masofani shu yo‘lda bosib o‘tishimizga 2–3 soat vaqt ketdi. Ana shunda bepul va pulli yo‘lning haqiqiy farqini sezganmiz.

Ammo qiziq tomoni – asfalt sifati deyarli bir xil, farq yo‘q. Ammo pulli yo‘llar asosan avtomobillar harakati uchun maxsus qurilgan, xavfsizlik va tezlik jihatdan qulay yo‘llar hisoblanadi.

Avtohalokatlar haqida gap ketganda, men o‘zim duch kelmaganman, lekin, albatta, ba’zan yuz berishi mumkin. Yevropaning ayrim hududlarida, xususan, Germaniyada, cheklovsiz tezlikda harakat qilishga ruxsat berilgan magistrallar – avtobanlar bor. Ammo bu yerda haydovchilarning madaniyati ham yuqori darajada.

130 km/soat tezlikda harakatlanayotganingizni hatto sezmaysiz – yo‘l sifati shunchalik a’lo darajada. Yana bir narsa – mashinalar soni ham unchalik ko‘p emasdek tuyuldi. Har kim o‘z polosasidan harakatlanadi, hech kim boshqa polosaga o‘tishga urinmaydi. Yo‘llar esa aholi punktlaridan iloji boricha uzoqroqda qurilgan – bu esa shovqin va xavfsizlik jihatidan foydali.

Madina Ochilova tayyorladi.

Mavzuga oid