Joriy yilning 30 oktabr kuni KUN.UZ saytida «Nega Andijonda Prezident qarori ijro etilmayapti?» sarlavhali maqola e'lon qilingan va unda O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2018 yil 7 iyundagi «Har bir oila — tadbirkor» dasturini amalga oshirish to‘g‘risida»gi PQ-3777-son qarori ijrosi doirasida Andijon viloyatida amalga oshirilgan ishlar tanqid ostiga olingan edi.
Mazkur holatga nisbatan Andijon viloyat prokuraturasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan izohlar bildirildi.
Quyida mazkur izohlar taqdim etiladi.
Andijon viloyat prokuraturasining tushuntirishi
Prezidentning PQ-3777-sonli qarori asosida Andijon viloyatiga jami 231 mlrd. so‘mlik resurs mablag‘i ajratilishi nazarda tutilgan.
Shundan, 176,5 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘i «Har bir oila — tadbirkor» dasturi bo‘yicha viloyatdagi 14ta tijorat banklari tomonidan jismoniy shaxslarga 147,3 mlrd. so‘m, yuridik shaxslarga 29,2 mlrd. so‘m kredit mablag‘i ajratilgan.
Kredit har bir fuqaroga EKIH 150 baravarigacha miqdorida (27,6 mln. so‘mgacha), 7 foizlik ustama to‘lash sharti bilan ta'minotsiz, 3 yil muddatgacha berilishi nazarda tutilgan.
Tarqatilgan 176,5 mlrd. so‘m mablag‘ning qoramol yo‘nalishi uchun 32 mlrd. so‘m, parrandachilikka 3,3 mlrd. so‘m, qo‘ychilikka 39,2 mlrd. so‘m, echkichilik uchun 55 mln. so‘m, asalarichilikka 4,0 mlrd. so‘m, baliqchilikka 3 mlrd. so‘m, issiqxonaga 16,6 mlrd. so‘m, quyonchilikka 1,8 mlrd.so‘m, bog‘dorchilikka 644 mln. so‘m, ishlab chiqarishga 27,9 mlrd.so‘m, tikuvchilik uchun 30,7 mlrd.so‘m, xizmat ko‘rsatishga 10,7 mlrd. so‘m, hunarmandchilikka 6,5 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Ishchi guruh tomonidan kreditlarning maqsadli sarflanishi joyiga chiqilgan holda o‘rganilganda, 1871 nafar fuqaro 34,8 mlrd. so‘mlik kredit mablag‘ini maqsadsiz sarflangani aniqlangan.
Xususan, maqsadsiz sarflangan mablag‘larning 14,9 mlrd. so‘mi chorvachilik yo‘nalishi, 6,2 mlrd. so‘mi xizmat ko‘rsatish, 5,4 mlrd. so‘mi issiqxona, 4,5 mlrd. so‘mi ishlab chiqarish, 1,4 mlrd. so‘mi asalarichilik va 2,7 mlrd. so‘mi parrandachilik, baliqchilik va boshqa yo‘nalishlarga ajratilgan kreditlar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Yirik ta'minotchilarga tushgan kreditlarning 80 mlrd. so‘mlik qismi o‘rganilganda, 30 mlrd. so‘mdan oshig‘i ta'minotchilarning hisob raqami orqali plastik kartalarga, 10 mlrd. so‘mi naqdlashtirishga, 1,9 mlrd. so‘mi moliyaviy yordamga yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, ishchi guruhi tomonidan maqsadsiz ishlatilishi oqibatida o‘zlashtirilgan 2,2 mlrd. so‘mlik kreditlar bank muassasasiga qaytarilgan, ta'minotchilar tomonidan yetkazib berilmagan 28,1 mlrd. so‘mlik mol-mulklar yetkazib berilishi va xizmatlar ko‘rsatilishi ta'minlangan.
Shu bilan birga, bankdan ajratilgan kreditlar maqsadsiz sarflangani holati bo‘yicha 3ta, kredit chiqarib berish uchun pul talab qilganlik holati bo‘yicha 1ta jinoyat ishi Departamentning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan qo‘zg‘atilgan.
Maqolada tilga olingan va oldindan to‘lovsiz sotilgan chorva mollari uchun 28 mlrd. so‘m ajratilishi haqida ma'lumot
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko‘ra, viloyat bo‘yicha 28 mlrd. so‘mlik qoramol va qo‘ylar 97ta ta'minotchidan oldindan to‘lovsiz 1532ta shartnoma asosida fuqarolarga yetkazilgan.
Shundan, 15,3 mlrd. so‘mlik 1491 bosh qoramol 713 nafar fuqaroga, 12,9 mlrd. so‘mlik 10375 bosh qo‘y 819 nafar fuqaroga berilgan.
Tahlil davomida, 97ta ta'minotchining 55tasi hokimiyat tomonidan tavsiya etilmagan va chorvachilik bilan shug‘ullanmagan ta'minotchilar bo‘lib, ular tomonidan 312ta shartnoma asosida 4,9 mlrd. so‘mlik qoramol va qo‘y yetkazib berilgan.
Mazkur shartnomalar tanlov asosida o‘rganib chiqilganda, ularning ayrimlari belgilangan tartibda tuzilmasdan, shartnoma uchun muhim ahamiyat kasb etuvchi ma'lumotlar kiritilmagani aniqlangan.
Qayta o‘rganish natijasi yuzasidan
97ta ta'minotchidan oldindan to‘lovsiz berilgan 28 mlrd. so‘mlik chorva mollari joyiga chiqib o‘rganilganda, 6,6 mlrd. so‘mlik chorva (3,6 mlrd. so‘mlik 261 bosh qoramol va 3,0 mlrd. so‘mlik 2507 bosh qo‘y) fuqarolarning xonadonida mavjud emasligi aniqlangan.
Shundan:
- 811,6 mln. so‘mlik chorva mollari (209,9 mln. so‘mlik 20 bosh qora mol va 601,7 mln. so‘mlik 497 bosh qo‘y) sotib yoki so‘yib yuborilgani;
- 2,2 mlrd. so‘mlik chorva mollari (1,1 mlrd. so‘mlik 103 bosh qoramol va 1,1 mlrd. so‘mlik 919 bosh qo‘y) boqish uchun yaylovlarga yuborilgani;
- 194,7 mln. so‘mlik (132,7 mln. so‘mlik 11 bosh qoramol va 62,0 mln. so‘mlik 53 bosh qo‘y) kasallanib nobud bo‘lgani;
- 1,3 mlrd. so‘mlik chorva mollari (750,0 mln. so‘mlik 60 bosh qoramol va 528,2 mln. so‘mlik 433 bosh qo‘y) ta'minotchi korxonalar tomonidan qaytarib olingani;
- 1,6 mlrd. so‘mlik (928,0 mln. so‘mlik 67 bosh qoramol va 713,2 mln. so‘mlik 605 bosh qo‘y) ta'minotchi korxonalar tomonidan yetkazib berilmagani aniqlangan.
O‘rganish natijasida, oldindan to‘lovsiz berilgan 28,0 mlrd. so‘mlik chorva mollarining 21,4 mlrd. so‘mini to‘lab berish mumkinligi va 6,6 mlrd. so‘mni ta'minotchilar bilan birgalikda qayta o‘rganilgandan keyin xulosaga kelinishi maqsadga muvofiqligi haqida to‘xtamga kelingan.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki izohi
Prezidentining PQ–3777-sonli qaroriga muvofiq Andijon viloyatida 2018 yilning 10 iyunidan boshlab bugungi kunga qadar 10.355ta oila va tadbirkorlik sub'yektlariga 212,6 mlrd. so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratilgan.
Qayd etish lozimki, ajratilgan imtiyozli kreditlardan foydalanish samaradorligini o‘rganish, imtiyozli kredit ajratilgan loyihalarning to‘liq ishga tushirilishi hamda kelgusida ushbu loyihalarning samarali ishlashini monitoring qilish vazifasi mazkur qaror bilan tashkil etilgan viloyat tashkiliy muvofiqlashtiruvchi ishchi guruhlar va tumanlar hududiy ishchi guruhlari zimmasiga yuklatilgan.
Ajratilgan kreditlarning maqsadliligi va samaradorligi joyida o‘rganilganda kreditlarni maqsadsiz ishlatib yuborilganlik, ayrim ta'minotchilar tomonidan aholiga mahsulotni yetkazib bermaslik, haqiqatda hisobida mahsuloti bo‘lmasa-da kredit mablag‘larini hisobraqamiga tushirib, turli yo‘llar bilan naqdlashtirib berish kabi holatlar aniqlangan.
Xuddi shunday, maqolada qayd etilgan fuqaro M.Madiyarova bilan qo‘y yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolagan «Rahim Rivoj Agro» MChJ 2018 yilning 23 may kuni Buloqboshi tuman hokimligida yangi ro‘yxatdan o‘tib, dastlabki o‘rganishlar jarayonida balansda umuman qoramol va qo‘ylar bo‘lmasa-da, bir necha fuqarolarga ajratilgan imtiyozli kreditlar ushbu MChJning hisobraqamiga o‘tkazilib, undan plastik kartaga ko‘chirilgani va naqdlashtirilgani kabi shubhali operatsiyalar aniqlangan.
Andijon viloyatida aniqlangan yuqoridagi kabi salbiy holatlar Bosh prokuratura qoshidagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan o‘rganilmoqda.
Maqolada qayd etilgan, fuqaro Mavluda Madiyarova kredit mablag‘i hisobiga 11ta qo‘y sotib olish uchun ta'minotchi «Rahim Rivoj Agro» MChJ bilan ikki tomonlama shartnoma imzolagani, hujjatlarni bankka topshirgani, uning xonadoniga 2018 yil 1 noyabr kuni borilganda haqiqatda 11ta qo‘y mavjudligi aniqlangan.
Bosh prokuratura qoshidagi Departament tomonidan «Rahim Rivoj Agro» faoliyatini o‘rganish ishlari yakuniga yetkazilgandan so‘ng, fuqaro M.Madiyarovaga belgilangan tartibda imtiyozli kredit ajratiladi.