O‘zbekiston | 16:08 / 28.03.2025
11459
12 daqiqa o‘qiladi

«Toshshahartransxizmat»ning sobiq rahbari va 20 kishiga sud hukmi o‘qildi

«Toshshahartransxizmat» sobiq rahbari Anvar Jo‘rayev va uning o‘rinbosari Abdujamil Azizov davlat mulkini talon-toroj qilish, mansab soxtakorligi kabi moddalarda aybdor deb topildi. Ularga 7,5 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

2025 yilning 3 fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tumani sudida «Toshshahartransxizmat» AJ sobiq boshqaruv raisi Anvar Jo‘rayev va yana 20 kishiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. Sudga jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tumani sudi sudyasi Umidbek Musayev masul etib belgilangan. Bu haqda sud hukmi bilan tanishgan «Gazeta.uz» xabar berdi.

Sud ochiq tarzda o‘tdi, biroq jarayonda holatni tasvirga olish, diktofondan foydalanish taqiqlangan, OAV vakillariga faqat qog‘oz va ruchkadan foydalanishga ruxsat berilgan edi.

Sudda ayblanuvchilarning jinoyatlari aks etgan 24 ta epizod mavjud.

Sud hukmi bilan 2024 yilgacha poytaxt Transport boshqarmasi boshlig‘i va «Toshshahartransxizmat» AJ boshqaruv raisi lavozimida ishlagan Anvar Jo‘rayev 3 yil «Toshshahartransxizmat» tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik bor lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Unga qo‘yilgan ayblovlar:

  • Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 184-moddasi 3-qismi (juda ko‘p miqdorda soliqlar yoki yig‘imlarni to‘lashdan bo‘yin tovlash);
  • 184 prim 1-moddasi 2-qismi (juda ko‘p miqdorda budjet va smeta-shtat intizomini buzish);
  • 205-moddasi 2-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda zarar yetkazgan holda hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish);
  • 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (takroran mansab soxtakorligi);
  • 227-moddasi 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
  • 243-moddasi (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish).

Anvar Jo‘rayev sudda bergan ko‘rsatmasida unga qo‘yilgan ayblovlarga umuman iqror bo‘lmagan, talon-toroj qilingan ehtiyot qismlari holatlaridan tergovda xabar topganini aytib o‘tgan.

Abdujamil Azizov: «Toshshahartransxizmat» sobiq boshqaruv raisi o‘rinbosari Abdujamil Azizov ham 3 yil «Toshshahartransxizmat» tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Unga qo‘yilgan ayblovlar:

  • 167-modda 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish);
  • 209-modda 2-qismi «a» bandi (takroran mansab soxtakorligi);
  • 227-modda 1-qismi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalarni egallash, nobud qilish, ularga shikast yetkazish yoki ularni yashirish);
  • 243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish).

Abdujamil Azizov ham sudda aybiga umuman iqror bo‘lmagan.

Husan Mahkamov: «Toshavtota’mirxizmat» raisi Husan Mahkamov 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan ayrilib, 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan. Mahkamov Jinoyat kodeksining 167-modda 3-qismi «a» bandi (juda ko‘p miqdorda o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 207-modda 1-qismi (mansabdor shaxsning mansabga sovuqqonlik bilan qarashi) hamda 209-modda 2-qismi «a» bandi (takroran mansab soxtakorligi) bilan aybli deb topilgan.

Ahmad Alimov: «Toshavtota’mirxizmat» raisi o‘rinbosari Ahmad Alimov ham 5,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U ham 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum bo‘lgan.

Bekzod Ibragimov: 8-avtobus saroyining sobiq rahbari Bekzod Ibragimovga 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 2 yil 3 oy 3 kun ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan. U Jinoyat kodeksining 167-, 184-, 205-, 209 va 227-moddasida ko‘ratilgan jinoyatlarni sodir qilishda aybli deb topilgan.

Shuhrat Ahmedov: 8-avtobus saroyi bosh muxandisi Shuhrat Ahmedovga 2 yil 7 oy 8 kun ozodlikni cheklash jazosi berildi. Unga 3 yilga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqi cheklangan.

Dilshod Toshpo‘latov: 1-avtobus saroyining sobiq rahbari Dilshod Toshpo‘latov sud zalida qamoqdan ozod qilindi. Unga JKning 61-moddasi 2-qismiga asosan Qamoqqa olish" tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilingan. U ham 3 yil muddatda «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida ishlolmaydi.

Shoaziz Ashirov: 1-avtobus saroyi rahbari o‘rinbosari Shoaziz Ashirovga 119 mln so‘m jarima qo‘llanildi. U 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Ismoil Baratov: 8-avtobus saroyi rahbari o‘rinbosari Ismoil Baratovga 3 yil «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida ishlash huquqidan mahrum qilinib, 105 mln 875 ming so‘m jarima qo‘llanildi.

Sunnat Rahimberdiyev: 8-avtobus saroyining ombor mudiri Sunnat Rahimberdiyev sud zalida qamoqdan ozod qilindi. U 2 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan.

Najmiddin Davlatov: «Toshshahartransxizmat» sobiq boshqaruv raisi o‘rinbosari Najmiddin Davlatov 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilnib, unga nisbatan 51 mln so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Habibulla Muzaffarov: «Toshavtota’mirxizmat» ombori xodimi Habibulla Muzaffarov 2 yilga tizimda mansab va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimda ishlash huquqidan cheklanib, 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Kozimbek Xudoyorov: 2-avtobus saroyi bo‘lim boshlig‘i Kozimbek Xudoyorov ham sud hukmi bilan 5 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. U ham 2 yilga tizimda mansab va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimda ishlash huquqidan mahrum bo‘ldi.

Baxtiyor Sharipov: 8-avtobus saroyi moddiy mexanigi Baxtiyor Sharipovga 9 mln 520 ming so‘m jarima jazosi tayinlandi. Sud uni 1 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qildi.

Ravshan Atamuhammedov: 1-avtobus saroyi bosh muxandisi Ravshan Atamuhammedovga 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 3 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.

Islombek Ibragimov: 1-avtobus saroyi ombor mudiri Islombek Ibragimov 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil 1 oy muddatga ozodligi cheklangan.

Nargiza Abdurahmonova: 8-avtobus saroyi ishlab chiqarish bo‘limi muxandisi Nargiza Abdurahmonovaga 3 yil muddatga «Toshshahartransxizmat» AJ tizimida mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilinib, 3 yil 1 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi berilgan.

Shuningdek, 8-avtobus saroyi navbatchi mexanigi Qobil Nosirovga 22 mln 100 ming so‘m, 8-avtobus saroyi navbatchi mexanigi Ravshan Bairovga 25 mln so‘m, 1-avtobus saroyi navbatchi mexanigi Faxriddin Zokirjonovga 23 mln 800 ming so‘m hamda «Toshshahartransxizmat» AJ harakat xavfsizligi bo‘limi yetakchi mutaxassisi Dostonbek Alimbekovga 97 ming 500 so‘m jarima jazosi tayinlangan.

Ularning har biri Jinoyat kodeksining 167-moddasi 2-qismi «v», «g» bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib mansab mavqeini suiiste’mol qilish yo‘li orqali o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) va 28, 209-moddasi 2-qismi «a» bandi (jinoyatni bajaruvchi bilan bir qatorda takroran mansab soxtakorligi) bilan aybdor deb topilgan.

Hukm qonuniy kuchga kirgandan so‘ng:

  •  Anvar Jo‘rayevAbdujamil AzizovHusan MahkamovAhmad AlimovHabibullo MuzaffarovKozimbek Xudoyorovdan solidar tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi foydasiga 2 mlrd 146 mln 309 ming so‘m;
  • Anvar Jo‘rayevAbdujamil AzizovBekzod IbragimovShuhrat AhmedovIsmoil BaratovNajmiddin DavlatovDilshod Toshpo‘latovShoaziz Ashirov va Ravshan Atamuhammedovlardan solidar tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi foydasiga 905 mln 800 ming so‘m;
  • Abdujamil AzizovBekzod IbragimovShuhrat AhmedovSunnat RahimberdiyevBaxtiyor Sharipovlardan solidar tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi foydasiga 66 mln 251 ming so‘m;
  • Dilshod Toshpo‘latovRavshan Atamuhammedov va Nargiza Abdurahmonova va Bekzod Ibragimovlardan solidar tartibda Iqtisodiyot va moliya vazirligi foydasiga 196 mln 471 ming so‘m;
  • Bekzod Ibragimovdan vazirlik foydasiga 66 mln 654 ming so‘m undirish belgilangan.

Shuningdek, DXX moliya-iqtisod boshqarmasiga topshirilgan jami 23 ming AQSh dollari va 629 ming so‘m pul, Sudlarni moddiy-texnik ta’minlash departamenti Toshkent shahar hududiy bo‘limi hisob raqamiga topshirilgan jami 56 mln 885 ming so‘m pul, «Toshavtota’mirxizmat» UK hisob raqamiga kvitansiyalar asosida topshirilgan jami 98 mln 25 ming so‘m pul Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yetkazilgan moddiy zararni qoplash uchun qaratilgan.

Hozirda advokatlar apellyatsiya shikoyatlari kiritgan.

2024 yil fevral oyida Kun.uz manbasi Anvar Jo‘rayev Toshkent shahar transport boshqarmasi boshlig‘i hamda «Toshshahartransxizmat» rahbarligidan ketgani, u hibsga olingan bo‘lishi ham mumkinligini xabar qilgandi. Ko‘p o‘tmay uning qamoqqa olingani tasdiqlangan.

  • Eslatib o‘tamiz, 29 yanvar kuni prezident raisligida o‘tgan yig‘ilishda transport sohasining bir qator mansabdorlari, xususan, Anvar Jo‘rayevga hayfsan va so‘nggi ogohlantirish berilgandi. Davlat rahbari Toshkent shahrida tirbandlikni kamaytirish va jamoat transportini yaxshilashdagi kamchiliklarni birma-bir sanab, mutasaddilarning bu boradagi ishlari qoniqarsiz ekanini qayd etgandi.
  • Ma’lumot uchun, Anvar Jo‘rayev 2017-2018 yillarda «Toshshahartransxizmat» raisi bo‘lgan, biroz muddat ishdan olinib, 2019 yilda yana shu lavozimga qaytarilgan.

Mavzuga oid