O‘zbekiston | 16:21 / 05.03.2025
21089
4 daqiqa o‘qiladi

Romitanda “rayono” mudiri va uning sheriklari jinoiy jazoga tortildi

Romitan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlagan Xayrullo Zikrillayev jinoiy sheriklari bilan iqtisodiy jinoyatlarga qo‘l urgan. Ular soxta ma’lumotlar kiritilgan hujjatlar orqali bo‘limning katta miqdordagi pulini o‘zlashtirish orqali talon-toroj etishga suiqasd qilishgan.

Foto: Romitan tumani hokimligi

Buxoro viloyati Romitan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Xayrullo Zikrillayev, “Imron Stroy Cluster” MChJ rahbari Mirjalol Qodirov hamda Romitan sport maktabi direktori vazifasida faoliyat yuritgan Jamshid Avezov jinoiy javobgarlikka tortildi. Kun.uz sud hujjati bilan tanishdi.

Sud hujjatida keltirilishicha, Mirjalol Qodirov sheriklari bilan birgalikda 2023 yil 11 aprel kuni tumandagi 4 ta bog‘cha (5, 6, 14, 9-sonli) hududi atrofiga temir panjara o‘rnatish bo‘yicha jami 2,2 mlrd so‘mdan ortiq, shuningdek, 2023 yil mart oyida markaziy sport o‘yingohini joriy ta’mirlash uchun 291 mln so‘mlik, Mirishkor mahallasi hududida mini futbol o‘yingohini qurish uchun esa 709 mln so‘mlik shartnomalar imzolagan.

Guruh mazkur shartnomalarni qasddan “Shaffof qurilish” dasturiga kiritmasdan rasmiylashtirib, ularni tuman g‘azna bo‘limidan ro‘yxatdan o‘tkazmagan. So‘ngra pudrat shartnomalari asosida MChJ tomonidan go‘yoki 3 mlrd 220 mln so‘mlik metall panjara o‘rnatish, joriy ta’mirlash va mini futbol o‘yingohi qurish ishlari bajarilgani to‘g‘risida soxta ma’lumotlar kiritilgan dalolatnomalarni rasmiylashtirishgan. Keyin ularni imzolab, noqonuniy ishlariga qonuniy tus berish maqsadida mazkur soxta hujjatlarni Romitan tumanlararo iqtisodiy sudiga taqdim qilgan. Shu tariqa tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limidan “Imron Stroy Cluster” MChJ foydasiga jami 3 mlrd 220 mln so‘m undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarorlarini chiqarishga erishishgan. Bu orqali esa bo‘lim va maktabning juda ko‘p miqdordagi mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilishga suiqasd qilishgan.

Bundan tashqari, sudlanuvchilar o‘z jinoiy qilmishlarini yashirish maqsadida o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘lgan hujjatlarni tergov organiga qasddan taqdim etmasdan yashirib, nobud qilishgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudining 2024 yil 13 apreldagi hukmiga ko‘ra, Xayrullo Zikrillayev, Mirjalol Qodirov va Jamshid Avezov Jinoyat kodeksining 25,167-moddasi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilishga suiqasd qilish) 3-qismining “a” bandi bilan aybdor deb topilgan.

Xayrullo Zikrillayevga 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilgan holda BHMning 110 baravari miqdorida jarima, Jamshid Avezovga 2 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik vazifalarida ishlash huquqidan mahrum qilib, ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi hamda Mirjalol Qodirovga ish haqining 20 foizini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2024 yil 4 iyundagi ajrimi va Buxoro viloyat sudi jinoyat ishlari bo‘yicha taftish instansiyasining 2024 yil 12 sentabrdagi ajrimi bilan dastlabki sud hukmi o‘zgarishsiz qoldirilgan.

Ma’lumot uchun, 1965 yilda tug‘ilgan Xayrullo Zikrillayev 2023 yil aprelda Romitan tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. U bungacha tuman Xalq ta’limi bo‘limiga mudirlik qilib kelgan

Mavzuga oid