Qo‘qonda bank xodimlari moddiy yordam va nafaqa pullarini o‘zlashtirib yubordi
Bank kartalarida harakatsiz turgan 104 mln so‘m moddiy yordam va nafaqa pullari o‘zlashtirilgani aniqlandi.

Illyustrativ foto
Farg‘ona viloyatining Qo‘qon shahrida bank xodimlari moddiy yordam va nafaqa pullarini naqdlashtirib, o‘zlashtirib yuborgani aniqlangan. Bu haqda Bosh prokuratura xabar berdi.
Qayd qilinishicha, «Xalq banki» Qo‘qon universal bank xizmatlari markazi mansabdor shaxslari va boshqalar oldindan til biriktirib, bir guruh bo‘lib, kompyuter texnika vositalaridan foydalanib, budjet mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.
Xususan, markazning mansabdor shaxslari hamda boshqalar oldindan til biriktirib, bank dasturiy ta’minoti markazining ikki xodimiga biriktirilgan login va parol orqali 68 nafar fuqaroning xabarisiz va ishtirokisiz ularning nomiga bank kartalarini ochgan. So‘ngra bank kartalarida harakatsiz turgan 104 mln so‘m moddiy yordam va nafaqa pullarini bankomatlar orqali naqdlashtirilib, o‘zlashtirib yuborgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (O‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish) 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Ushbu modda bo‘yicha gumondorlarga eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 600 baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud besh yildan o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tahdid qilmoqda. Ammo yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplangan taqdirda ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanmaydi.
Mavzuga oid

12:30 / 06.03.2025
Qariyb 200 mln so‘mlik gazni talon-toroj qilgan kafe egasi ushlandi

16:21 / 05.03.2025
Romitanda “rayono” mudiri va uning sheriklari jinoiy jazoga tortildi

10:57 / 20.02.2025
Qo‘qonda 2,9 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan zapravka aniqlandi

10:15 / 17.02.2025