O‘zbekiston | 11:53
4715
5 daqiqa o‘qiladi

Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

2024 yil O‘zbekistondagi jinoyat sudlarida 61 ming kishi sudlandi, 723 kishi oqlandi. Respublika bo‘ylab har kuni kamida bitta odam o‘ldirish, har 2 kunda bir marta nomusga tegish jinoyatiga doir ishlar ko‘rilmoqda. So‘nggi 4 yilda talon-toroj qilish bilan bog‘liq ishlar esa 1,5 mingdan 6 minggacha oshgan. Kun.uz 2024 yilda JIB birinchi instansiya sudlari tomonidan ko‘rilgan ishlar yuzasidan Oliy sud e’lon qilgan raqamlar tahlilini taqdim etmoqda.

Foto: Bloomberg / Getty Images

Oliy sud 2024 yil davomida birinchi instansiya sudlari tomonidan jinoyat ishlarining ko‘rib chiqilishiga doir statistikani ochiqladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jinoyat sudlarida ko‘rilayotgan ishlar va qatnashchilar soni yildan yilga oshib bormoqda.

Xususan, 2020 yilda 30 282 ta jinoyat ishi ko‘rilgan va unda 38 mingdan ortiq shaxs qatnashgan. 2024 yil sudlarda ko‘rilgan jinoiy ishlar soni esa 61 mingdan oshgan, ularda qariyb 78 ming kishi qatnashgan.

2024 yilda hududlar miqyosida Toshkent shahri, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida eng ko‘p jinoyat ishlari ko‘rilgan. Bu 3 ta hudud jinoyatchilik ko‘lami bo‘yicha boshqalardan yaqqol ajralib turibdi, oldingi 5 yilda ham jinoyatchilik bo‘yicha “peshqadam” bo‘lgan. Shu turdagi eng kam ishlar esa Xorazm, Sirdaryo va Navoiy viloyatlari JIB sudlarida ko‘rilgan (aholi soni eng kam hududlar).

Shaxslarning sudlanganlik holati – jazo tayinlanib hukm chiqarilgan hamda shartli hukm qilingan shaxslar soni 2020 yildan buyon 2,2 barobarga – 28 ming kishidan 61 minggacha oshgan. Oqlanganlar dinamikasi esa 2023 yilgacha oshib borgan – 1244 kishi. 2024 yilda esa kamaygan – 723 kishiga oqlov hukmi chiqarilgan.

2024 yilda JIB birinchi instansiya sudlarida ko‘rilgan ishlarning 5 foizi o‘ta og‘ir, 29 foizi og‘ir jinoyatlardir. Qolgan 66 foiz ishlar esa ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar toifasiga kiradi.

Oliy sud keltirgan statistikaga ko‘ra, so‘nggi 5 yillikda o‘ta og‘ir va og‘ir turdagi jinoyatlar soni oshib bormoqda.

Masalan, odam o‘ldirish bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2023 yilda 358 tadan 2024 yilda 402 taga oshgan. Nomusga tegish jinoyati 2023 yilda 234 tadan 2024 yilda 272 taga oshgan.

Bu raqamlar – O‘zbekiston bo‘ylab har kuni kamida bitta qotillik, har 2 kunda bir marta nomusga tegish jinoyatiga doir ish ko‘rilayotganini/sodir qilinayotganini anglatadi.

Bundan tashqari, statistika 2020-2024 yillarda qasddan badanga tan jarohati yetkazish, bosqinchilik, bezorilik, o‘g‘rilik va giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar soni ham 2-3 barobardan oshganini ko‘rsatmoqda.

Xususan, giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlar soni 2020 yilda 3941 tadan 2024 yilda 8373 taga oshgan. Xuddi shu davrda o‘g‘rilik jinoyati 4403 tadan 8321 taga oshgan. Talon-toroj qilish jinoyati yuzasidan ishlarda esa eng katta o‘sish kuzatilgan – 1528 tadan 6046 taga oshgan.

2024 yilda sudlangan shaxslarning – 54 370 nafarini erkaklar, 7132 nafarini ayollar tashkil qilmoqda. Shu jumladan, mazkur muddatda 2214 nafar voyaga yetmagan yoshlar sudlangan.

Jinoyat qonunchiligiga asosan, 2024 yilda JIB birinchi instansiya sudlari tomonidan aybdor deb topilgan fuqarolarga 8 turdagi jazolar qo‘llangan – jarima, muayyan huquqdan mahrum qilish, majburiy jamoat ishlari, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash, ozodlikdan mahrum qilish, umrbod ozodlikdan mahrum qilish va shartli hukm. Eng ko‘p qo‘llangan jazolar – ozodlikdan mahrum qilish (20 655), axloq tuzatish ishlari (17 390) va ozodlikni cheklash (14 644).

Statistikaga e’tibor qilinsa, 2020 yildan buyon ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq jazolarni qo‘llash amaliyoti jinoyatlar soniga mos ravishda o‘sib kelmoqda. Xususan, 2020 yilda 7,1 ming kishi ozodlikdan mahrum qilingan bo‘lsa, 2024 yilga kelib 20 ming kishidan oshgan. O‘tgan yilda ozodlikdan mahrum qilingan 20 655 kishidan 1500 nafarini ayollar tashkil qiladi.

Axloq tuzatish ishlari va ozodlikni cheklash jazolarini 2020-2024 yillarda qo‘llash amaliyoti

So‘nggi 5 yilda umrbod ozodlikdan mahrum qilingan shaxslar soni 17 nafarni tashkil qilmoqda. Ushbu muddatda eng og‘ir jazo eng ko‘p qo‘llangan yil 2023 yil bo‘lgan: 5 kishi umrbod ozodlikdan mahrum etilgan.

Mavzuga oid