O‘zbekiston | 19:54 / 28.02.2025
4473
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonliklar doriga qancha pul sarflaydi?

Fiskal cheklar bo‘yicha to‘plangan ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili o‘zbekistonliklar dori vositalariga jami 19,7 trln so‘mdan ortiq pul sarflagan. Aholi jon boshiga eng yuqori xarajatlar Toshkent shahri (1,7 mln so‘m), Buxoro (746 ming so‘m) va Samarqand viloyatlarida (660 ming so‘m) qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda dori-darmon eng ko‘p sotiladigan mahsulotlardan biri. Poytaxtning ayrim ko‘chalarida dorixonalar soni oziq-ovqat do‘konlari sonidan oshib ketganidan ham buni sezish mumkin.

Soliq qo‘mitasining Kun.uz’ga fiskal cheklar tahlili bo‘yicha taqdim qilgan ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar 2024 yilda dori vositalariga jami 19,7 trln so‘mdan ortiq pul sarflagan. Shundan 15,7 trln so‘mdan ko‘prog‘i import preparatlar, 4 trln so‘m mahalliy ishlab chiqarilgan preparatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. 

Aholi jon boshiga nisbatan to‘g‘ri keladigan eng yuqori xarajatlar quyidagi hududlarda qayd etilgan:

  • Toshkent shahrida – 1,7 mln so‘m;
  • Buxoro viloyatida – 746 ming so‘m;
  • Samarqand viloyatida – 660,7 ming so‘m.

Eng kam xarajatlar:

  • Qashqadaryo viloyatida – 308,9 ming so‘m;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasida – 302,3 ming so‘m;
  • Surxondaryo viloyatida – 289,5 ming so‘m.

Umuman o‘tgan yilda dori vositalari uchun eng katta xarajatlar Toshkent shahri (5 trln so‘m), Samarqand (2,6 trln so‘m) va Farg‘ona viloyatida (1,5 trln so‘m) qayd etilgan.

Eng ko‘p mablag‘ quyidagi kasalliklarni davolash uchun mo‘ljallangan dori vositalariga sarflangan:

  • yurak-qon tomir kasalliklari;
  • infeksion kasalliklar;
  • og‘riq qoldiruvchi vositalar;
  • asab tizimi kasalliklari;
  • oshqozon-ichak kasalliklari

Dori vositalari importi

Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekistonga 1 mlrd 744,7 mln dollar farmatsevtika va tibbiyot buyumlari import qilingan. Shundan 1,5 mlrd dollarlik mahsulotlar aynan chakana savdo uchun olib kirilgan dori vositalari hissasiga to‘g‘ri kelgan. Taqqoslash uchun, o‘tgan yilda 0,5 mlrd dollarlik go‘sht mahsulotlari, 258 mln dollarlik un va un mahsulotlari, 373 mln dollarlik o‘simlik yog‘lari import qilingan. Umumiy oziq-ovqat mahsulotlarining importi esa 3 mlrd 917 mln dollarni tashkil etgan.

Mavzuga oid