Tramp ma’muriyati USAID orqali to‘lovlarning 90 foizini to‘xtatib qo‘ydi
AQSh prezidenti ma’muriyati tomonidan sudga yo‘llangan ma’lumotlarda keltirilishicha, umumiy hisobda qariyb 5800 ta USAID granti bekor qilingan.

Foto: Reuters
Donald Tramp ma’muriyati AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) orqali to‘lovlarning 90 foizini to‘xtatishni buyurdi. CNN’ning ma’lum qilishicha, bu haqda 26 fevral kuni da’vo doirasida sudga yuborilgan hujjatlarda so‘z boradi.
«Umumiy hisobda qariyb 5800 ta USAID granti bekor qilingan va 500 dan ortiq grantlar saqlab qolingan. Saqlab qolingan grantlarning maksimal qiymati taxminan 57 milliard dollarni tashkil etadi», — deyiladi ma’muriyat bayonotida.
USAID orqali ajratiladigan grantlardan tashqari 4,1 mingga yaqin davlat grantlari bekor qilingan va salkam 2,7 ming davlat grantlari saqlab qolingan. Tramp ma’muriyatiga ko‘ra, moliyalashtirish bo‘yicha 297 ta qaror hali baholanishi kerak.
Donald Tramp ma’muriyati grantlar to‘g‘risidagi tushuntirishlarni chet el yordamini muzlatish to‘g‘risidagi qaroriga qarshi kiritilgan da’vo doirasida sudga yo‘naltirgan.
Donald Tramp prezidentlik lavozimiga kirishganining birinchi kunidanoq USAID’ning chet el davlatlariga yordamini 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Ushbu muddat davomida agentlik dasturlari «Amerika qadriyatlari» va AQShning tashqi siyosiy maqsadlariga qanchalik mos kelishi tekshiriladi. AQSh hukumati USAID’ni Davlat departamenti bilan birlashtirish, shuningdek, agentlik xodimlarini 10 ming kishidan qariyb 300 kishigacha qisqartirishni rejalashtirmoqda. Mablag‘lar ajratilishining muzlatilishi to‘g‘risidagi qaror ustidan sudga shikoyat kiritilgan.
Avvalroq AQSh prezidenti yangi hukumat samaradorligi departamenti rahbarlaridan biri etib tayinlagan biznesmen Ilon Mask USAID’ni tanqid qilgan edi. Tesla va SpaceX bosh direktori agentlikni jinoiy tashkilot deb atagan va USAID’ni biologik qurollarni ishlab chiqishni moliyalashda ayblagan. Shuningdek, AQSh prezidenti Donald Tramp AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligi rahbariyati iste’foga chiqishini ma’lum qilgan edi.
Mavzuga oid

22:00 / 10.03.2025
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:32 / 10.03.2025
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40 / 10.03.2025
Bloomberg: Trampning maslahatchilari Rossiyaga nisbatan sanksiyalarni yumshatish rejasini ishlab chiqmoqda

17:28 / 10.03.2025