Prezident sud binolarini ko‘paytirish, odamlar uchun sharoit yaratishni buyurdi
Shavkat Mirziyoyev 27 fevral kuni sud faoliyatini yanada yaxshilash, ochiqlik va raqamlashtirish darajasini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Yig‘ilishda sud faoliyatini raqamlashtirish darajasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Taqdimotga ko‘ra, sud ishlarini yuritishda qog‘oz shaklidan butunlay voz kechish maqsadida «Raqamli sud» konsepsiyasi amalga oshiriladi. Buning uchun Oliy sud huzurida Axborot texnologiyalari markazi tashkil etiladi. U sudlarga zarur bo‘lgan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar yaratish, sun’iy intellektni joriy etish hamda axborot xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanadi. Tadbirkorlik sub’yektlari bilan sudlar o‘rtasida elektron ma’lumot almashish yo‘lga qo‘yiladi. Ta’kidlanishicha, ishlarni ko‘rib chiqish tezkorligi oshadi.
Davlat rahbari buning uchun sudlar va barcha aloqador tashkilotlarning axborot tizimlari integratsiyasi muhimligini, qulayliklarni odamlar sezishi kerakligini ta’kidladi. Bu ishlarni kengaytirish, huquq-tartibot idoralari ma’lumotlarini sudlar bilan samarali bog‘lash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Har yili sudlarda 1 millionga yaqin nizosiz ishlar ham ko‘rilyapti. Masalan, o‘tgan yili fuqarolik sudlarida kommunal qarzdorlik bo‘yicha 200 mingga yaqin shunday ish ko‘rilgan. Aslida buni notariusda ham hal qilsa bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, nizosiz ishlarni ko‘rib chiqishni tegishli idoralarga o‘tkazish taklifi bildirildi.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Oliy sudga qonunchilik tashabbusi vakolati berilgan. Shunga asosan, tadbirkorlik, investitsiya, infratuzilma, yer, soliq, kredit, mehnat munosabatlari kabi eng ko‘p uchrayotgan masalalarni tahlil qilib, har oyda hukumatga, har chorakda parlamentga taklif kiritib borish muhimligi ta’kidlandi.
Sohaga oid qonunlarni xalqaro standartlarga moslashtirish, sudni yanada xalqchil qilish, tizimni moliyalashtirish bo‘yicha qonunlar zarurati qayd etildi.
Iqtisodiy sud tizimini isloh qilish, bu borada yagona sud amaliyotini yo‘lga qo‘yish masalasiga to‘xtalib o‘tildi. Sud binolarini ko‘paytirish, odamlar uchun zarur sharoit yaratish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berildi.
Sudyalar malakasini, jumladan, axborot texnologiyalari bo‘yicha bilimini oshirish, yosh kadrlarni shu jihatlardan yetuk etib tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.
Mavzuga oid

11:53
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

21:18 / 07.03.2025
Shavkat Mirziyoyev Tadbirkor ayollar kengashini tashkil etish tashabbusini ilgari surdi

20:41 / 07.03.2025
Har yili kamida 200 nafar qiz dunyoning nufuzli oliygohlariga o‘qishga yuboriladi

20:29 / 07.03.2025