Sport | 20:41 / 26.02.2025
3087
2 daqiqa o‘qiladi

World Boxing federatsiyasi XOQ tomonidan vaqtincha tan olindi

Tegishli qaror XOQ Ijro qo‘mitasining 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi.

Foto: Getty images

World Boxing federatsiyasi Xalqaro olimpiya qo‘mitasi (XOQ) tomonidan boksni global darajada boshqaradigan xalqaro federatsiya sifatida vaqtincha tan olindi.

Tegishli qaror XOQ Ijro qo‘mitasining 26 fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida qabul qilindi, deb xabar berdi qo‘mita matbuot xizmati. Qayd qilinishcha, tashkilot XOQ tomonidan qo‘yilgan ko‘plab talablarni bajargan va bajarmoqda.

World Boxing federatsiyasiga besh qit’adan 78 ta milliy federatsiya kiradi. 2024 yilda Parijda bo‘lib o‘tadigan Olimpiada o‘yinlarida bokschilarning 62 foizi va medal sovrindorlarining 58 foizi ushbu federatsiyalar a’zolari edi. O‘zbekiston 2024 yil noyabrida World Boxing a’zosi bo‘ldi.

2023 yilda XOQ rossiyalik Umar Kremlyov boshchiligidagi Xalqaro boks assotsiatsiyasini (IBA) tan olish haqidagi qarorini bekor qildi.

Avvalroq, 2019 yilda XOQ tashkilot boshqaruvi, moliya va hakamlik faoliyati bilan bog‘liq shikoyatlar tufayli IBA a’zoligini to‘xtatib qo‘ygandi. IBA 2020 yilgi Tokio Olimpiadasiga saralash va Olimpiada musobaqalarini tashkil etish bilan shug‘ullanmadi hamda unga 2024 yilda Parijda va 2028 yilda Los-Anjyelesda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlarda boks bo‘yicha Olimpiada turnirini tashkil etishga ruxsat berilmadi. IBA vazifalari XOQ tomonidan amalga oshirildi.

Mavzuga oid