O‘zbekiston | 18:45 / 25.02.2025
8019
4 daqiqa o‘qiladi

“Videolarni montaj qilib tarqatishyapti” – YHXX rasmiysi «no photo» qonuni haqida

YHXX xodimlari haqidagi videolarni to‘liq qo‘ymasdan, ayrim joylarini kesib olib, kinolardan yoki boshqa obro‘sizlantiruvchi lavhalar qo‘shib ijtimoiy tarmoqlarda tarqatishyapti, deydi mas’ullar. Shu sababli, huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining foto va videolarini buzib tarqatganlik uchun jarima yoki ma’muriy qamoq jazosi belgilangan.

21 fevraldan kuchga kirgan MJtKga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, xizmat vazifasini bajarayotgan huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimining foto va videotasvirlarini ularning obro‘sizlantirilishiga olib keladigan tarzda buzib tarqatganlik uchun BHMning 50 baravari miqdorida jarima yoki 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi belgilandi.

25 fevral kuni AOKA YHXX rahbariyati ishtirokida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbiri rasmiylardan xodimni obro‘sizlantirish maqsadida videolarini tarqatish deganda aynan nima nazarda tutilgani haqida so‘radi.

Jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘lgan holatlardan biri YHXX xodimlarining foto va videolarini obro‘sizlantirish maqsadida tarqatish uchun javobgarlik belgilandi. Lekin obro‘sizlantirish deyilganda aynan nima nazarda tutilayotgani ochiq qolgan. Masalan, kimdir YHXX xodimi tomonidan o‘z huquqlari buzilgani haqida post qoldirsa, bu ham obro‘sizlantirish hisoblanadimi? Yoki bu holatda unga yomon izoh yozganlar uchun ham javobgarlikka tortiladimi?

Erali Bozorov, YHXX boshlig‘i o‘rinbosari:

– Savolingizga javob berishga harakat qilaman. Bu yerda foto va videolarni buzib tarqatish degan narsa turibdi. Masalan, videoni oldi, ayrim kinolardan bir qismini qo‘shib, o‘sha holatning o‘zini emas, aksincha, buzib ko‘rsatish yuzaga kelgan. Mana shuning oqibatida kelinadi…

Bitta narsani to‘g‘ri tushunishimiz kerak, faqat YHXX xodimlari emas, huquqni muhofaza qiluvchi xodimlar haqida gap ketyapti. Mana shu buzib ko‘rsatgani aniqlansa…

Undan tashqari yana bitta narsani aytmoqchiman, YHXX xodimlari nojo‘ya harakat qilgan bo‘lsa, o‘sha olingan videotasvir va dalillarni bemalol bizning O‘z xavfsizlik xizmatiga, rahbariyatimizga murojaat qilishi mumkin. Noto‘g‘ri bayonnoma rasmiylashtirildi, deb onlayn murojaat qilish ham mumkin. Xodim nohaq bo‘ladigan bo‘lsa, unga nisbatan intizomiy choralar ko‘riladi.

Azizxon Murodov, YHXX xodimi:

– Bu yerda video va fotolarni buzib tarqatishga aytilyapti. Tajribamizda ko‘ryapmizki, ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘plab tarqalayotgan holatlarda voqeani boshidan qo‘ymaydi. Aynan urishgan joyini yoki boshqa joyini kesib oladi-da, har xil kinolardan, stikerlardan yoki xodimni obro‘sizlantiruvchi holatlarga olib keluvchi haqoratli lavhalarni qo‘shib, montaj qilib, keyin uni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatyapti. O‘sha masala bu qonunda ko‘tarilyapti, agar shunday holatlar yuzaga kelsa, jazo chorasi belgilanmoqda.

Mavzuga oid