Yo‘l harakati qoidalarini qayta-qayta buzgan haydovchilar bilan “mahalla yettiligi” ish olib boradi. Bu haqda IIV Jamoat xavfsizligi departamenti Yo‘l harakati xavfsizligi xizmati boshlig‘i Sherzod Ibragimov Senatining ellik yettinchi yalpi majlisida aytib o‘tdi.
Ta’kidlanishicha, joriy yilning birinchi yarmida mamlakatda sodir etilgan YTHlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 7,6 foizga, o‘lim holatlari 1,1 foizga, tan jarohati olish holatlari 9,2 foizga kamaygan.
«Albatta, bu bizga taskinlik bermaydi. Har bitta o‘lim bilan bog‘liq YTH biz jiddiy ishlashimizni taqazo etadi. Bugungi kunda sodir etilayotgan har bir YTH chuqur ilmiy tahlillar asosida o‘rganilyapti. O‘rganish natijalariga ko‘ra, bir qator vazifalarni belgilab olganmiz. Bu YTHga sabab bo‘luvchi omillarning har birini chuqur tahlil qilish va ularni bartaraf etish bilan bog‘liqdir.
Tahlillar shuni ko‘rsatyaptiki, bu omillardan biri yo‘l infratuzilmasining talabga javob bermasligidir. Bularni bartaraf etish uchun alohida ishchi guruhlar tuzib, mutasaddi idoralar bilan avariya o‘choqlari bo‘lgan yoki noto‘g‘ri infratuzilma oqibatida yuzaga keladigan yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha qator ishlar olib borilyapti.
O‘lim holatlarining sodir etilishida tezlik bilan bog‘liq bo‘lgan ayrim avariya holatlari mavjud. Ularning oldini olish bo‘yicha raqamlashtirishga katta e’tibor qaratilmoqda. Haydovchilar malakasini oshirish bo‘yicha ham alohida chora-tadbirlar belgilangan”, deya ta’kidlab o‘tgan YHXX rahbari.
Sherzod Ibragimovning qo‘shimcha qilishicha, besh va undan ortiq qo‘pol qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilar alohida guruh qatlamiga kiritilib, ular bilan “mahalla yettiligi” alohida maqsadli ishlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bolalar o‘limini kamaytirish maqsadida esa Milliy gvardiya inspektor-pedagoglari va inspektor-psixologlari bolalarga bog‘cha va maktabdan boshlab yo‘l harakati qoidalarini o‘rgatishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.
O‘zbekistonda YTH va ular oqibatida halok bo‘layotganlar soni yuqoriligicha qolmoqda. 2023 yilda mashina boshqarish huquqidan mahrum etilib, ruxsatnomasi bo‘lmagan holda yana qaytadan rulga o‘tirgan shaxslar tomonidan 707 ta YTH sodir etilgan. Buning oqibatida 212 kishi halok bo‘lgan, 546 kishi esa turli darajada tan jarohatlari olgan.
2024 yilning yanvar-may oylarida respublikada 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan, 294 nafar o‘quvchi esa turli darajada tan jarohati olgan.
2023 yilda esa yo‘l-transport hodisalari natijasida 1568 nafar bola jarohatlangan, 263 bola hayotdan ko‘z yumgan. Joriy yilning dastlabki 5 oyida esa 359 nafar o‘quvchi bilan bog‘liq avariya sodir etilgan va 65 nafar o‘quvchi halok bo‘lgan.
Jarima ballarini hisoblash tizimidan hamon darak yo‘q
O‘zbekistonda yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi joriy etish haqidagi ilk xabar 2018 yilda (!) chiqqandi. O‘shanda Normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimini joriy qilish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi joylashtirilgandi.
Ichki ishlar vazirligi tashabbusi bilan yaratilgan loyiha yuzasidan muhokamalar 2018 yil 25 oktyabrda boshlanib, 2018 yil 9 noyabrda yakunlanishi belgilangandi. Qarorga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ball asosida baholash tizimi 2020 yil 1 yanvardan boshlab joriy qilinishi belgilangandi.
O‘shanda ijtimoiy tarmoqlarda juda ko‘pchilik IIVning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi. Biroq bu qaror loyihasi taqdiri noma’lumligicha qoldi. Oradan bir necha oy o‘tgach, 2019 yil may oyida qaror loyihasi yana muhokama uchun regulation.gov.uz’ga joylandi. Biroq 2020 yilda tizim joriy qilinmadi.
2021 yil noyabr oyida qaror loyihasi uchinchi marta (!) muhokama uchun regulation.gov.uz’ga joylashtirildi. Shundan so‘ng mana, uch yil o‘tyapti hamki, yo‘l harakati qoidalariga amal qilishni jarima ballari asosida baholash tizimi hali ham ishga tushmadi.
2023 yil noyabr oyida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi haydovchilar tomonidan doimiy ravishda qoidabuzarlik sodir etganlik uchun jarima ballari hisoblash tizimini belgilovchi qonunni ko‘ra boshladi. Ammo ushbu qonundan hamon darak yo‘q.