Jahon | 10:33 / 22.02.2025
8098
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Ukraina bo‘yicha BMT rezolyutsiyasi loyihasini taqdim etdi

Qo‘shma Shtatlar Ukrainadagi urushning uch yilligi munosabati bilan BMT rezolyutsiyasi loyihasini ilgari surdi. Hujjatda «mojaro»ga chek qo‘yish va mustahkam tinchlik o‘rnatish talab etiladi.

Foto: Alexey Kudenko/Sputnik/IMAGO

Qo‘shma Shtatlar Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bostirib kirishining uch yilligi munosabati bilan BMT rezolyutsiyasi loyihasini taqdim etdi. Bu haqda 21 fevral, juma kuni hujjatni ko‘rib chiqqan Reuters agentligi xabar berdi. Vashingtonning uch bandlik qisqacha rezolyutsiya loyihasida «Rossiya-Ukraina mojarosi»da insonlarning halok bo‘lganidan afsus bildirilgan va «Birlashgan Millatlar Tashkilotining asosiy maqsadi xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlash hamda nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish» deyilgan. Vashington taklif qilgan rezolyutsiya, shuningdek, «mojaroni tezroq tugatishga» va keyinchalik «Ukraina va Rossiya o‘rtasida mustahkam tinchlik» o‘rnatishga chaqiradi.

AFP agentligi diplomatik manbalarga tayangan holda ta’kidlaganidek, AQSh tomonidan ilgari surilgan loyihada Ukrainaning Rossiya tomonidan bosib olingan hududi haqida hech qanday eslatma yo‘q. Vashington tomonidan taklif etilgan va qo‘llab-quvvatlangan avvalgi rezolyutsiyalardan farqli o‘laroq, so‘nggi loyihada Moskva tanqid qilinmaydi yoki u mojaro manbasi deb atalmaydi.

Rossiya AQSh rezolyutsiya loyihasini olqishladi, lekin unga tuzatishlarni taklif qildi

Rossiya «mojaroni tezroq tugatishga chaqiradi» degan so‘zlardan keyin «jumladan, uning asosiy sabablarini bartaraf etish orqali» iborasini qo‘shish orqali hujjatga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi, deb yozadi Reuters. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya esa Amerika loyihasini «yaxshi qadam» deb atadi.

Ismini oshkor qilishni istamagan rossiyalik diplomatning Reuters agentligiga aytishicha, agar tuzatish BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilinsa, Moskva AQSh rezolyutsiyasiga ovoz beradi. Nebenzyaning aytishicha, AQSh rasmiylari loyiha Bosh Assambleyaning 193 a’zosiga tarqatilishidan oldin uni xabardor qilgan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 24 fevral kuni Ukraina va Yevropa Ittifoqi tomonidan tayyorlangan deeskalatsiya, harbiy harakatlarni tezda tugatish va BMT Nizomi va xalqaro huquq normalariga muvofiq tinch yo‘l bilan hal qilishga chaqiruvchi rezolyutsiya loyihasini ovozga qo‘yishi kerak. Undan oldin Yevropa Ittifoqining BMTdagi doimiy vakillari AQSh taklifini muhokama qilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid