Toshkentda yerusti metro liniyasi yaqinida yong‘in yuz berdi
Poytaxt FVB yong‘in avtomobillarni yuvish joyida sodir bo‘lganini ma’lum qildi. O‘z navbatida Toshkent metropoliteni yong‘in poyezdlar harakatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmaganini bildirdi.

Foto: Videodan kadr
Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Yashnabod tumanida sodir bo‘lgan yong‘in to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda Yashnobod tumani hududidan o‘tgan yerusti metro liniyasi yaqinida yong‘in chiqqani tasvirlangan videolar tarqaldi.
Qayd etilishicha, 21 fevral kuni soat 22:02 da Aviasozlar 4-dahasida joylashgan avtomobillar yuvish joyida yong‘in bo‘layotgani to‘g‘risida Toshkent shahar FVBga xabar kelib tushgan.
Yong‘in qutqaruv ekipajlari etilgan manzilga soat 22:14 da yetib borgan, yong‘in soat 22:27 da qurshab olingan va soat 22:33 da o‘chirilgan.
Yong‘in natijasida tan jarohati olgan va vafot etgan fuqarolar yo‘q. Ayni vaqtda yong‘in sababi va moddiy zarari aniqlanmoqda.
Toshkent metropoliteniga ko‘ra, yong‘in «Texnopark-Yashnobod» bekatlari oralig‘iga yaqin bo‘lgan hududda yuz bergan. «Hozirda bu holat tegishli mas’ullar tomonidan bartaraf etilgan bo‘lib, metropoliten harakatiga hech qanday ta’sir ko‘rsatmagan va yo‘nalishdagi poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida tashkillashtirilgan», — deyiladi munosabatda.
Avvalroq Namanganda mebel ustaxonasida yong‘in chiqqani, Olmazor tumanida ishlab chiqarish korxonasi yonib ketgani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Mavzuga oid

10:23
Toshkentdagi savdo majmualarining birida yong‘in sodir bo‘ldi

21:23 / 09.03.2025
Nyu-Yorkda yong‘inlar sabab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi

18:55 / 01.03.2025
Toshkentdagi 9 qavatli uyda yuz bergan yong‘in vaqtida bir kishi o‘zini pastga tashlab halok bo‘ldi

13:49 / 28.02.2025