Jamiyat | 18:55 / 01.03.2025
19836
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi 9 qavatli uyda yuz bergan yong‘in vaqtida bir kishi o‘zini pastga tashlab halok bo‘ldi

FVB xabariga ko‘ra, holat fuqaroning o‘z joniga qasd qilishga urinishi oqibatida yuz bergan.

Foto: Videodan kadr

1 mart kuni Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Qorasuv 4 mavzesida joylashgan ko‘pqavatli uylarning biridagi xonadonda gaz portladi.

Toshkent shahri FVB xabariga ko‘ra, yong‘in-qutqaruv ekipajlari ushbu manzilga yetib borib, 9 qavatli uyning 9-qavatidagi xonadonda gaz portlashi oqibatida yong‘in sodir bo‘lganini aniqlagan.

Yong‘in o‘chirilgan, 6 nafar fuqaro qutqarilib tez tibbiy yordam xizmatiga topshirilgan. Voqea oqibatida bir necha kishi, jumladan ikki nafar bola jarohat olgan. Ulardan biri shifoxonaga olib ketilayotganda vafot etgan, ikkinchisi shifokorlar nazorati ostida ekani ta’kidlanmoqda.

Hodisa sodir bo‘lgan uyda yong‘in oqibatlarini bartaraf qilish ishlari olib borilmoqda.

FVB xabariga ko‘ra, yong‘in sodir bo‘lgan xonadonda fuqaro oshxonada gaz plitasini yoqish orqali o‘z joniga qasd qilishga urungan. Gaz portlab, yong‘in yuz bergach, o‘zini 9-qavatdan pastga tashlab, halok bo‘lgan.

Mavzuga oid