Jahon | 21:23 / 09.03.2025
6362
2 daqiqa o‘qiladi

Nyu-Yorkda yong‘inlar sabab favqulodda holat rejimi e’lon qilindi

Kuchli shamol alanganing tezroq tarqalishiga sabab bo‘lmoqda. Long-Aylendni Nyu-Yorkning boshqa hududlari bilan bog‘lab turuvchi NY 27 shossesi yopib qo‘yildi.

Foto: AP

Nyu-York shtati gubernatori Keti Xokul Long-Aylendda yuzaga kelgan bir nechta yong‘in ochoqlari sabab favqulodda holat rejimi joriy etilishini e’lon qildi.

Qayd etilishicha, kuchli shamol natijasida katta maydonga tarqalgan yong‘in tufayli Long-Aylendni Nyu-Yorkning boshqa hududlari bilan bog‘lab turuvchi NY27 shossesi yopilgan.

Rasmiylarning ma’lumotlariga ko‘ra, alanga kamida ikkita inshootga zarar yetkazgan bo‘lib, ulardan biri Frensis Gabreski aeroporti yaqinida joylashgan. Aeroport xodimlari vaqtinchalik evakuatsiya qilingan. Yong‘inni o‘chirish vaqtida o‘t o‘chiruvchilardan biri jarohat olgan va u yuzining ikkinchi darajali kuyishi bilan shifoxonaga yetkazilgan. Hozircha aholini evakuatsiya qilish ishlari boshlanmagan.

Shu bilan birga, shamolli ob-havo saqlanib qolishi va hatto ushbu hududda shamol kuchayishi prognoz qilinmoqda. Gubernator Xokulning CNN’ga ma’lum qilishicha, «barchasi bir necha kunga cho‘zilishi mumkin» va «olov hozirda egallab olgan hududidan tashqariga ham tarqalishi ham hech gap emas». Yong‘in o‘choqlaridan biri eng yaqin turar-joy binolaridan 4 kilometr uzoqlikda joylashgan.

Eslatib o‘tamiz, yanvar boshlarida Los-Anjyeles okrugida yong‘inlar boshlangan edi. Ushbu yong‘inlar oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan, 16 mingga yaqin inshoot yonib ketgan yoki shikastlangan, 180 ming kishi evakuatsiya qilingandi. Yong‘inlar yetkazgan zarar 250 milliard dollarga baholangan.

Mavzuga oid