Emeri «Liverpul»ni to‘xtatdi va «Arsenal»ga yordam berib yubordi
Darvin Nunesning xatosi jamoasini ochkolarsiz qoldirdi. APLga intriga qaytmoqda.

Foto: Nick Pots/PA Images via Getty Images
«Aston Villa» — «Liverpul» 2:2
Gollar: Tilemans (38), Uotkins (45+3) — Saloh (29), Aleksander-Arnold (61).
«Aston Villa» — Martines, Garsiya (Kesh, 67), Disasi, Mingz, Din (Matsen, 78), Makginn (Bogard, 86), Tilemans, Asensio (Malen, 67), Rojyers, Reshford (Remzi, 67), Uotkins.
«Liverpul» — Alisson, Aleksander-Arnold (Bredli 66, Kvansa 89), Konate, van Deyk, Roberson, Gravenberh, Mak Allister (Dias, 81), Saloh, Soboslai, Jons, Jota (Nunes, 66).
Ogohlantirish: Disasi (23).
«Aston Villa» va «Liverpul» ham shu kuni Chempionlar ligasi o‘yinlari bilan band bo‘lishi mumkin edi, ammo ikki jamoa ham 1/8 final yo‘llanmasini oldindan hal etgandi va APLning 29-turidan ko‘chirilgan uchrashuvda maydonga tushishdi. O‘yinga qiziqish YeChL pley-offidan kam emasdi. Yakunda esa Arne Slot jamoasi «Arsenal»dan 10 ochkoga o‘zib ketish imkoniyatidan foydalana olmadi.
O‘yin debyutida «Aston Villa» «Liverpul»ni pressing qilishga urinib ko‘rdi, ammo Unai Emeri shogirdlarining bunday faolligi uzoqqa cho‘zilmadi. Keyin esa mersisaydliklar mezbonlarni shunchalik kuchli bosim ostida qoldirishdiki, raqib maydonning ikkinchi yarmidan chiqa olmay qoldi. APL peshqadami qator standart vaziyatlarga ega bo‘lib, xavfli zarbalar yo‘lladi. Birminghemliklar mudofaa chizig‘ini biroz oldinroqqa chiqarishi bilan mehmonlar himoyachilar ortiga uzatilgan paslar evaziga bir necha xavfli vaziyatlarga ega bo‘lishdi.
Keyin esa o‘yin biroz tinchlandi. «Liverpul» bosimni susaytirib, «Aston Villa» futbolchilariga nafas rostlashga imkon berdi. Birminghemliklar hujum chizig‘ida Reshford va Asensio birgalikda harakat qilishdi. Aynan mazkur juftlik 17-daqiqada «devor» uslubida o‘ynab, Slot jamoasi mudofaasini yorib o‘tishdi va darvoza ishg‘ol etildi. Ammo mezbonlarning xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi, Reshford biroz shoshilgani va ofsaydga kirib qolgani ma’lum bo‘ldi.
«Liverpul» va «Aston Villa» yetarlicha yuqori tempni ushlab turishdi, shunga qaramay dastlabki yarim soat ichida APL peshqadamlarining birorta zarbasi darvoza sohasi tomon to‘g‘ri bormadi, mezbonlarda esa umuman birorta zarbaning o‘zi bo‘lgani yo‘q. Bo‘lim o‘rtalaridan o‘tganida esa birminghemliklarning yana bir yangi futbolchisi Garsiya esa shunchaki raqibga gol sovg‘a qildi. O‘ng qanot himoyachisi ortga pas berishga urinib, to‘pni Jotaga topshirdi, portugaliyalik hujumchi jarima maydoniga kirib bordi va to‘pni markazda ochilgan Salohga uzatdi, misrlik hujumchi esa APL joriy mavsumidagi 24-golini nishonladi.
Voqealarning bunday rivoji «Aston Villa» uchun hech narsa va’da qilmayotgandi, ammo jamoalar tanaffusga mezbonlar foydasiga 2:1 hisobida yo‘l olishdi. Birminghemlar katta kuch sarflamay ikki gol urishdi. Avvaliga – standart vaziyatdan foydalanishdi. Uzatmadan keyin to‘p «Liverpul» jarima maydonida uzoq qolib ketdi, Soboslai esa uni to‘g‘ri Tilemansning oyog‘iga tashladi.
Bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda esa «Aston Villa»ning asosiy to‘purari Olli Uotkins katta sahnaga chiqdi. Mezbonlarning bu hujumini orqaroqqa qaytib o‘ynagan Asensio nozik pas bilan to‘pni chiziqlar orasidan o‘tkazgan holda boshlab berdi. Keyin esa to‘p chap qanotga yetkazildi, u yerdan Din muvaffaqiyatli kross ijro etdi. «Liverpul» himoyachilari katta xatoga yo‘l qo‘yishdi – darvozaga yaqin masofada ochilgan Uotkinsni bo‘sh qoldirishdi.
Oxirgi o‘yinlarda «Liverpul» o‘yinning ma’lum qismida o‘ta muvaffaqiyatsiz harakatlanmoqda. Birminghemda barchasi 10 daqiqa ichida o‘zgarib ketdi. Qolaversa, ikkinchi bo‘lim boshida «Aston Villa» uchinchi golni urishi ham mumkin edi, Alison Reshfordga uzatilgan to‘pga chiqishda kechikdi va «Manchester Yunayted» sobiq futbolchisi jarima maydoni tashqarisidan turib ochiq qolgan darvozani o‘qqa tutdi. Mersisaydliklar baxtiga Konate darvozabonni qutqardi. Fransiyalik markaziy himoyachi bo‘sh darvozaga kirib ketayotgan to‘pni to‘xtatdi.
Bu epizod «Aston Villa»ga salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Xuddiki Emeri jamoasining barcha futbolchilari birdaniga charchab qolgandek ko‘rindi. Mezbonlar raqib futbolchilariga ulgura olmay qolishdi – «Liverpul» to‘pni tezroq harakatlantirdi va vaziyatlar yaratishga kirishdi. Jotaning jarima maydoni chizig‘i yaqinidan yo‘llagan zarbasi to‘singa tegdi, biroz o‘tib esa Aleksander-Arnold mehmonlarning navbatdagi hujumini gol bilan yakunladi. Aniqrog‘i «Aston Villa» qarshi hujumdan gol o‘tkazib yubordi. Saloh Din bilan yakkakurashda omad evaziga to‘pni o‘zida saqlab qoldi, Trentning zarbasidan keyin esa to‘p mezbonlar himoyachisi Mingzga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib, darvoza to‘riga bordi.
Emeri darhol uch futbolchini almashtirdi – Reshford, Asensio va Garsiya dam olishga yuborildi. Ammo darhol yana «Liverpul»da golli vaziyat yuzaga keldi. Soboslai jarima maydoniga kirib bordi va narigi qanotda ochilgan Nunesga to‘pni tashlab berdi – ammo Darvin o‘z odatiga ko‘ra bo‘sh darvozaga gol ura olmadi, kuchli zarbadan keyin to‘p to‘sin yuqorisidan o‘tib ketdi.
Keyinroq Mingzning qo‘pol xatosidan keyin urugvaylik hujumchi darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib ketayotgandi, ammo jarima maydonini tashlab chiqqan Martines to‘pni uning oyoqlari ostidan olib qo‘ydi.
Shundan keyin o‘yin ochildi. «Aston Villa» o‘yiniga zaxiradan tushgan Kesh va Malen energiya qo‘shishdi. Birminghemliklar yakunda zarbalar soni bo‘yicha ikki baravar ortda qolgan bo‘lsa ham – 9:17 (jarima maydoni ichidan yo‘llangan zarbalar bo‘yicha – 4:14, ammo darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan zarbalar bo‘yicha – 4:3), mezbonlarda g‘alabani ilib ketish uchun yaxshi imkoniyatlar bo‘ldi. «Aston Villa» bir nechta golli vaziyatlar yaratdi, zaxiradan tushgan yana bir futbolchi Remsi darvozani ishg‘ol etdi ham – ammo bu safar ham ofsayd qayd etildi. O‘yin oxirida «Liverpul» muxlislarining dilini xira qiladigan yana bir voqea ro‘y berdi: zaxiradan tushgan Bredli jarohat tufayli maydonni ertaroq tark etdi.
«Liverpul» fevral oyida bundan oldingi ikki o‘yinida ham qiyinchilikka uchragandi, jamoa avvaliga «Everton»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvning qo‘shimcha daqiqalarida gol o‘tkazib yuborib, qimmatli ochkolardan quruq qolgandi (2:2), bir necha kun o‘tib «Vulverhempton» bilan o‘yindagi g‘alabali hisob (2:1) qiyinchilik bilan ushlab qolingandi – mersisaydliklar o‘sha o‘yinning ikkinchi bo‘limida birorta zarba bera olmadi. Slot shogirdlarini navbatdagi turda 23 fevral kuni «Etihad»da «Manchester Siti»ga qarshi yana bir qiyin o‘yin kutmoqda, 27 fevral kuni esa «Enfild»da «Nyukasl» mehmon bo‘ladi.
Mavzuga oid

13:53
«Real» «Barsa»ga yetib oldi, «Roma»da g‘alabali seriya. Kun o‘yinlari

10:50 / 09.03.2025
«Siti» muhim o‘yinda yutqazdi, «Barselona»da fojia. Kun o‘yinlari

03:05 / 06.03.2025
«PSJ» «Liverpul»ga alamli tarzda yutqazdi, «Barsa» 10 kishi bo‘lib g‘alaba qozondi

12:16 / 05.03.2025