Iqtisodiyot | 16:15 / 17.02.2025
3097
7 daqiqa o‘qiladi

Neft arzonlashdi, AQShda inflatsiya tezlashmoqda - iqtisodiy dayjest

O‘tgan hafta jahon iqtisodiyoti va O‘zbekiston iqtisodiy hayotida ro‘y bergan yangiliklar – iqtisodchi Ahliddin Malikov sharhida.

Rossiya–Ukraina urushi bo‘yicha tinchlik muzokaralari ehtimoli neft narxini tushirdi

13 fevral kuni AQSh prezidenti Donald Tramp Ukrainadagi urushni to‘xtatish bo‘yicha Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashdi. AQSh-Rossiya-Ukraina tinchlik muzokaralarining e’lon qilinishi, bozorlar Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalarining yumshatilishi ehtimolini kutgani sababli, xom neft narxlarining darhol pasayishiga olib keldi. Aniqroq aytadigan bo‘lsak, Brent markali neft narxi $75 gacha, West Texas Intermediate (WTI) narxlari esa $70 gacha pastladi.

Ukraina urushini tugatish bo‘yicha diplomatik sa’y-harakatlar umidli bo‘lsa-da, tarixiy tajriba shuni ko‘rsatadiki, uzoq davom etgan geosiyosiy mojarolar global savdo va investitsiya yo‘nalishlarida chuqur iz qoldiradi. Tinchlik muzokaralari muvaffaqiyatli bo‘lgan taqdirda ham, G‘arb mamlakatlari sanksiyalarni darhol bekor qilishga ikkilanishi mumkin, bu esa neft narxlarining pasayishi vaqtinchalik bo‘lishi mumkinligini anglatadi.

AQShda inflatsiya

2025 yil yanvar oyi uchun AQSh inflatsiya ma’lumotlari 17 oy ichidagi eng yuqori narx o‘sishini ko‘rsatdi. Bu tovar va xizmatlar narxlarining kutilganidan ancha ko‘proq o‘sayotganidan darak beradi. Agar neft narxlari pasaysa, transport va ishlab chiqarish xarajatlari kamayadi, bu esa butun dunyo bo‘ylab inflatsiyani pasaytirishi mumkin. Ammo agar AQShda inflatsiya yuqori bo‘lib qolsa, AQSh Federal Rezervi (markaziy bank) foiz stavkalarini yuqori darajada saqlab qolishi mumkin, bu esa global miqyosda pul qarz olishni qimmatroq qiladi.

Bu – global kapital oqimlariga, ayniqsa, chet el investitsiyalariga tayanadigan O‘zbekiston kabi rivojlanayotgan bozorlarga ta’sir ko‘rsatadi. Agar qarz olish qimmatlashsa, bu yangi zavodlar, bizneslar va uylar uchun investitsiyalarni sekinlashtirishi mumkin.

AQSh–Xitoy savdo urushining kuchayishi

Donald Tramp prezidentlikka qayta saylanganidan keyin Xitoy importiga 10 foiz bojxona soliqlarini oshirdi. Bunga javoban Xitoy ham AQShning bir qator tovarlariga bojlarni joriy etganini e’lon qildi. Bu tariflar orasida ko‘mir va suyuqlashtirilgan tabiiy gazga 15 foiz, xom neft, qishloq xo‘jaligi texnikasi va katta dvigatelli avtomobillarga 10 foiz tarif mavjud. Ushbu voqea ikki mamlakat o‘rtasidagi davom etayotgan savdo urushida muhim bir bosqichni belgilaydi.

Bu savdo ziddiyatlarining sezilarli darajada kuchayishini ko‘rsatadi hamda AQSh va Xitoyning yanada faol savdo proteksionizmiga o‘tishi mumkinligidan dalolat beradi. Bojlarning oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy “ajralish”, ya’ni iqtisodiy jihatdan o‘zaro bog‘liqlikni kamaytirish tendensiyasining bir qismidir. Bu yetkazib berish zanjirlarining ko‘proq o‘zgarishiga olib kelishi mumkin, bunda Viyetnam, Meksika va Hindiston kabi mamlakatlar muqobil ishlab chiqarish markazlari sifatida foyda ko‘rishi mumkin.

Proteksionizmga yuz tutayotgan xalqaro savdo muhiti, nafaqat AQSh va Xitoyda, ular o‘rtasidagi ta’minot zanjirida rol o‘ynaydigan boshqa mamlakatlarda ham tovarlar narxi qimmatlashishiga olib kelishi mumkin. Ammo ba’zi mamlakatlar uchun bu bir vaqtning o‘zida ma’lum imkoniyatlarni ham taqdim etadi. Masalan, yangi savdo yo‘nalishlarining ochilishi O‘zbekistonning to‘qimachilik va oziq-ovqat sanoatiga foyda keltirishi mumkin. Ammo bu sohalardagi investorlarni jalb etish uchun mamlakat ishlab chiqarish quvvatini oshirishi hamda logistika va savdo infratuzilmasini yaxshilashi lozim.

O‘zbekistonning Jahon Savdo Tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lishi bu jarayonda muhim ahamiyatga ega, chunki bu global bozorlarga kengroq kirish imkoniyatini beradi, savdo to‘siqlarini kamaytiradi va investorlar ishonchini oshiradi. JSTga a’zolik, shuningdek, infratuzilma va ishlab chiqarish standartlarini modernizatsiya qilishga yordam beradi, O‘zbekiston sanoatini yanada raqobatbardosh va xalqaro ta’minot zanjirlariga integratsiya qiladi. JSTga qo‘shilmasdan O‘zbekiston past tariflar va kuchli savdo shartnomalaridan foyda ko‘rayotgan qo‘shni mamlakatlarga savdo imkoniyatlarini boy berish xavfi ostida qoladi.

Yanvar oyidagi inflyatsion kutilmalar

O‘zbekiston Markaziy banki hisobotiga ko‘ra, yanvar oyida o‘tkazilgan so‘rovlar aholining inflyatsion kutilmalari o‘tgan oyga nisbatan o‘zgarishsiz saqlanib qolib, 14,4 foizni tashkil etdi.

Ma’lumotlar qiziq tendensiyani ko‘rsatmoqda: yanvar oyida O‘zbekiston valutasi (so‘m) dekabr (0,4 foiz) va noyabr (0,2 foiz) oylariga nisbatan tezroq qadrsizlandi (oylik 0,7 foiz pasayish). Lekin valuta kursining inflatsiyaga ta’siridan kamroq odam xavotirlandi (yanvarda 46 foiz va dekabrda 55 foiz). Bu mantiqqa zid ko‘rinadi. Nega odamlar valuta ko‘proq zaiflashayotganda kamroq xavotirga tushdi?

Chunki odamlarni oylik o‘rtacha ko‘rsatkichlar emas, o‘tgan haftada nima bo‘lgani qiziqtiradi.

Yanvar oyida so‘rovnoma o‘tkazilishidan bir hafta oldin so‘m dollarga nisbatan 0,12 foizga qadrsizlangan va bu ko‘rsatkich dekabr oyidagi (0,16 foiz) ko‘rsatkichdan pastroq shakllangan. So‘rovnoma haftasida esa (joriy oyning 27 va kelasi oyning 5 sanalari oralig‘i) so‘m dollarga nisbatan biroz (0,04 foizga) mustahkamlangan (dekabr oyining so‘rovnoma kunlarida so‘m dollarga nisbatan 0,14 foizga qadrsizlangan edi).

Bu – filmni butun syujyet emas, so‘nggi 10 daqiqasi asosida baholashga o‘xshaydi. Agar shu kunlarda vaziyat tinch bo‘lsa, odamlar oldingi tartibsizliklarni unutadi.

Mavzuga oid