Qiynalayotgan budjet, g‘alati xususiylashtirish va IMVda rokirovka - iqtisodiy taymlayn

Iqtisodiyot 16:41 / 05.08.2023 37591

Dollar kursi 11700 so‘mdan oshdi. Uy-joy bozorida narx pufagi paydo bo‘lyapti. Eng katta banklardan biri g‘alati tarzda xususiylashtirilishi mumkin. Prezident soliqchilarni jiddiy tanqid qildi. Hukumatning iqtisodiy blokida rokirovka. Kun.uz hafta iqtisodiy yangiliklarini iqtisodchi Otabek Bakirov bilan tahlil qildi.

O‘zbekistondagi ma’muriy islohotlardan 7 oy o‘tib, iqtisodiy sohani muvofiqlashtiruvchi iqtisodiyot va moliya vaziri Sherzod Qudbiyev yana Soliq qo‘mitasiga qaytdi. Ayni vaqtda Soliq qo‘mitasi yana mustaqil tuzilma bo‘lib, vazirlik tarkibidan chiqarildi. Jamshid Qo‘chqorov esa iqtisodiyot va moliya vaziri bo‘ldi.

— Tajribalar faqat muvaffaqiyatlardan iborat bo‘lmaydi. Ayrim hollarda xatolar ham anglashiladi. Xatolar birinchi marta qilingan bo‘lsa, ular kechiriladi. Oldinga qarab qadam bosishda davom etish kerak. Adminreforma doirasida iqtisodiy blokda mavjud bo‘lgan idoralarning bitta supervazirlikka birlashtirilishi xato edi. Adminreformaning birinchi kunlaridayoq juda ko‘p ekspertlar bu haqda aytdi. Qarshi argument o‘laroq Fransiyada shunday tajriba borligi aytildi, lekin fransuz tajribasining qolgan qismi ham bor: ularda yagona vazirlikka birlashtirilgan departamentlar mutlaq avtonomiyaga ega. Ular bir-biriga muvozanatli va mustaqil qarorlar qabul qila oladi. Bizning sharoitimizda esa daromadlarni ham, budjet xarajatlarini ham bitta vazirlik ostida nazorat qiladigan, boshqariladigan vazirlikka aylantirilishi to‘g‘ri ish bo‘lmagani aniq edi. Va bu amaliyotda tushunib yetildi.

Hozir iqtisodiyotimiz va budjet muvozanatida yuzaga kelayotgan qator muammolar ham xato ma’muriy qadamning aks-sadolaridan biri hisoblanadi. Masalaga qaytadigan bo‘lsak, bu ajralish shu bilan yakunlanmasligi kerak. Chunki hozir Iqtisodiyot va moliya vazirligi tarkibida bojxona qo‘mitasi saqlanib turibdi, u ham daromad shakllantiradigan davlat idorasidir. Iqtisodiyot va moliya vazirligidagi funksiyalar vertikali o‘zgartirishlarda davom etsa kerak. Muvaffaqiyatli moliya va fiskal boshqaruv prinsiplariga ko‘ra, daromad topuvchilar taqsimlovchilarga, yoki taqsimlovchilar daromad topuvchilarga aylanmasligi kerak, deydi Otabek Bakirov.

Eng yirik davlat banklarini xususiylashtirish kechiktirildi. SQBga noodatiy sxema tanlandi

O‘zbekistondagi eng yirik davlat banklaridan biri O‘zsanoatqurilishbankning xususiylashtirilishi 2024 yil oxirigacha, Asabakabankniki esa 2025 yil oxirigacha uzaytirildi. Qishloq qurilish bank IPOsi esa 2024 yil 1 martga qadar cho‘zildi. Bu yangilikdagi asosiy jihat shundaki, O‘zsanoatqurilishbankni xususiylashtirish uchun noodatiy sxema tanlandi.

— Aslida xususiylashtirish haqida gap ketganda davlatning qaysidir biznes sub’yekti tarkibidagi boshqaruvidan mulkdor sifatida to‘liq ketishi tushuniladi. Ochiq bozor, fond bozori shakllangan, erkin bozor qoidalari amal qilayotgan boshqa mamlakatlarda qaysidir yirik banklarda davlat ulushi saqlanib qolayotganini qabul qilish mumkin. Chunki u yerda kuchli korporativ qoidalar amal qiladi. Bozor davlatni ishtirokchi sifatida bozor qoidalari asosida o‘ynashga majbur qiladi. Lekin bizga o‘xshagan bozor qoidalari tomon to‘liq yetib bormagan mamlakatlar uchun davlatning qaysidir xususiylashtirilayotgan biznesda ulushini saqlab qolishi xususiylashtirishga savollar qoldiradi.

Belgilangan rejaga ko‘ra, 2024 yil oxirigacha Sanoatqurilishbankning davlat ulushi 50 foizdan pasaytirilishi aytilgan. Davlat bank kapitalidan to‘liq ketishni hali rejalashtirmagan. Asosiy yirik xalqaro moliya tashkilotlaridan olingan kredit yoki qarz liniyalari O‘zsanoatqurilishbankning aksiyalariga konvertatsiya qilinadi. Ya’ni qarzlar o‘rniga aksiyalar taqdim etiladi. Shu bilan bankning kapitalidagi davlat ulushi 50 foizga tushiriladi. Qaror chiqqandan keyin hisob-kitob qilib ko‘rdim: 200 mln dollar atrofidagi qarzlar aksiyalarga konvertatsiya qilinadi, lekin davlat qoladi. Shu nuqtayi nazardan, bunday sxemani xususiylashtirishni muvaffaqiyatli bo‘ladi deb o‘ylamayman. Agar davlat har qanday aktivni xususiylashtirishda undan to‘liq ketishni reja qilmas ekan, aktivga nisbatan ta’sirini saqlab qolaveradi.

Sanoatqurilishbankni xususiylashtirish bilan Ipotekabankning xususiylashtirilish keysida juda katta farq bo‘ladi. O‘zbekistonda korporativ boshqaruv yaxshi rivojlanmagani uchun bitta bankka bitta egalik ko‘proq samara beradi.

Boshqa banklarning xususiylashtirilishi kechikishi to‘g‘ri deb hisoblayman. Chunki hozir global bozorda investorlar juda ko‘p qarorlarni keyinga qoldiryapti. Chunki qarz bozori juda yuqori narxlar fonida shakllanyapti. Investorlar qaror qabul qilishda juda ko‘p byurokratik to‘siqlarga ega yoki huquq bilan bog‘liq yechimlarda muammolari bor davlatlardan o‘zlarini yiroq tutishyapti. Nafaqat O‘zbekiston, balki Qozog‘iston yoki Qirg‘iziston bozoriga ham yirik investorlarni jalb qilish muammoli. Chunki risklar juda yuqori. Chunki bu faqat qarz yoki fond bozoridagi muammolar bilan bog‘liq emas. Bizning hududimiz Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi urush bilan ham bog‘liq.

Toshkentda uy-joy bozorida narx pufagi kengayyapti. Uning yorilishi banklarga emas, investorlarga jiddiy ta’sir qiladi

Uy-joy narxlari qimmatlashda davom etyapti. Toshkentda narx pufagi kengaygan bo‘lishi mumkin. Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti tahlillariga ko‘ra, har bir kvadrat metr uchun eng arzon uy Qoraqalpog‘istonda (390 dollar), eng qimmati esa Toshkent shahrida (1251 dollar) qayd etilgan. Poytaxtda 2022 yilning iyunidan 2023 yilning iyuligacha bo‘lgan davrda yangi uylarning narxi o‘rtacha 44 foizga, ikkilamchi bozordagi uylar narxi esa o‘rtacha 33 foizga qimmatlashgan.

— Xo‘sh, narx pufagi nima? Bunda xalq ommasi tushunadigan narsa – spekulyatsiya, ya’ni tovar yoki xizmat narxi bozorni fundamental omillariga emas, spekulyativ omillarga bog‘liq holda oshishni boshlashi tushuniladi. Ya’ni Toshkent shahridagi narx pufagi ko‘proq fundamental emas, spekulyativ omillar bilan osha boshladi. Bu investorlarning foydasini ko‘paytirish maqsadida bozorga pul tikishni boshlashi, bizdan tashqaridagi Rossiya yoki boshqa hududlardan relokantlarning o‘tgan yil fevral-mart va sentabr-oktyabr oylarida kirib kelishi bilan shakllandi. Ya’ni ungacha butun O‘zbekistonda uy-joy narxlarining oshishi fundamental qoida va faktorlar – aholining o‘sishi, daromadlar o‘sishi, sog‘lom talabning o‘sib borishi asosida shakllanayotgan edi.

Toshkentda narx pufagi yuzaga kelishi mumkinligi Markaziy bankning bir necha oy oldingi hisobotida aytilgandi. Bunga media kechroq e’tibor qaratdi. Yangi uy-joy bozori bo‘yicha yangi sharhlar taqdim etilgani yo‘q. Aynan o‘sha 2022 yil yakunlari bo‘yicha sharhda bozor narxlari va fundamental narx o‘rtasidagi farq kengayib borayotgani ifoda etilgan. Taxminan 100 mln so‘m qiymatdan yuqorirog‘ini tashkil etayotgani borasida xavotirlar bildirilgan. Bu xavotirlar nima bilan bog‘liq? Uy-joy narxiga ta’sir qiladigan eng asosiy indikatorlardan biri – daromadlarning o‘sishi hisoblanadi. Daromadlarning o‘sishidan uy-joy narxlarini o‘sishi oxirgi 1,5-2 yil ichida juda katta farq qilmoqda. Daromadlarning real o‘sishi 6-10 foiz asosida saqlanayotgan bo‘lsa, uy-joy bozoridagi o‘sish ikki xonali raqam – 30-40 foizdan yuqori shakllanyapti.

Bu xavotirlar o‘rinli. Ammo kreditlar va banklarning risklari nuqtayi nazaridan Markaziy bank aytyaptiki, biz bu risklarni minimallashtirish uchun ipotekaning eng yuqori chegarasini belgilab qo‘yganmiz. Qolgan risk, uy-joy narxlarining keskin pasayib ketishi bilan bog‘liq risklar uy-joy egalarining bo‘ynida bo‘ladi. Shartli ravishda 800 mln so‘mga sotib olingan uyning 416 mln so‘mi kredit hisobidan, 384 mln so‘mi uy egasining hisobidan. Ehtimoliy ravishda uy-joy narxlarining 750 mln so‘mgacha pasayishi oqibatlarini ko‘proq uy-joy egasi his qiladi. Ya’ni bu yerda bank va kredit nuqtayi nazaridan hech qanday vahimaga o‘rin yo‘q deb hisoblayman. Lekin uy-joyga investor sifatida qarayotganlar, narx oshishidan foyda olaman deganlar uchun bu ko‘proq oqibat yaratadi. Uyni yashayman deb sotib olayotganlar uchun bu hech qanday oqibat olib kelmaydi.

Bu pufak Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi hududlarda kuzatilyapti. Boshqa hududlarda bunday pufak shakllanmayapti. Shartli aytganda ayrim depressiv hududlarimizda uy-joy narxlari hatto pasayishni boshlagan.

Budjet taqchilligining cheklangan miqdori oshirilyapti

Davlat budjeti defitsitining YaIMga nisbatan cheklangan miqdorini 5 foizga oshirish taklif qilinyapti. Bu hukumatning joriy yilda ham qonunda ko‘rsatilgan 3 foizlik limitga “sig‘mayotganidan” darak beradi. Kuni kecha Markaziy bank iqtisodiyotda narxlar barqarorligini saqlash uchun limitga amal qilish muhimligini bildirgandi.

— Budjet taqchilligi masalasida hukumat, Markaziy bank va parlament o‘rtasida konsensus bo‘lishi kerak. Har yili iqtisodiy maqsadlarga qarab, davlatning ijtimoiy siyosatida ko‘zda tutilgan loyihalarga qarab turib budjet defitsiti ongli belgilanishi kerak. Bu qanday maqsadlar bo‘lishiga qaramay iqtisodiy asoslangan bo‘lishi kerak. Budjet daromadlarini ta’minlash va xarajatlarni kamaytirishga ko‘zingiz yetmasa, avvalboshdan defitsitni o‘zingiz bajara oladigan qoidalar asosida belgilashingiz kerak. Markaziy bank ham xuddi shu qoidalardan kelib chiqib pul-kredit siyosatini amalga oshirishi kerak. Agarda sodda tushuntirsam, 3 foizlik defitsit sharoitida boshqacha, undan yuqori defitsit sharoitida Markaziy bank boshqacharoq siyosat yuritishi kerak bo‘ladi. Markaziy bankning asosiy vazifasi – inflatsiyani minimallashtirish. Hukumatning asosiy vazifasi – iqtisodiy o‘sishni ta’minlash. Ular har doim ham bir-birini muqoyasa qiladi deb aytish qiyin. Shu ma’noda O‘zbekistonda budjet konsensus sifatida – Markaziy bank, parlament, jamiyat, hukumat o‘rtasida qabul qilinishi kerak.

Biz 2021 yildan boshlab qator fiskal qoidalar belgilaganmiz. Shu qoidalardan biri YaIMga nisbatan defitsitning 3 foizdan oshmasligi. Biz buni 2021 yilda ham, 2022 yilda ham bajarolmadik, 2023 yilning yarmidan o‘tganda biz o‘zimiz belgilagan qoidalarga amal qila olmasligimizni tushundik. Avval boshdan birinchi vazifa rejalarni to‘g‘ri belgilash, xarajatlarni to‘g‘ri chamalash bo‘lishi kerak. Ikkinchisi, agar budjet bajarilishda ortda qolayotganini inobatga olsak, xarajatlarni qilib bo‘lmasdan muhokama qilishimiz kerak. O‘tgan yil ko‘rgan bo‘lsangiz, dekabr oyining oxirgi 10 kunligida 2022 yilgi budjet defitsiti 4 foizdan yuqoriroqqa oshirildi. Ya’ni allaqachon xarajatlar amalga oshirilgan, allaqachon loyihalar moliyalashtirilyapti, lekin bunday bo‘lmasligi kerak. Hali defitsit oshmasdan turib, qaror qabul qilishimiz kerak. Yuz berib bo‘lgandan keyin orqa sana bilan defitsitni parlamentda tasdiqlatib qo‘yish dissiplina yaratmaydi. Bu qaytanga xaspo‘shlash mumkinligi to‘g‘risida qoidalar yaratadi. Hukumat, hokimliklarda parlament yil yakunlanib bo‘lgandan keyin xarajatlarni baribir ma’qullab beradi degan qarashni shakllantiradi, afsuski bunday ko‘nikma shakllanib ham bo‘lgan. Keyingi yilga ham shu tajribani o‘tkazadi.

Prezident soliqchilarni jiddiy tanqid qildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 2 avgust kuni Toshkent viloyatiga tashrifi chog‘ida soliq organlari xodimlarini tanqid qildi. Soliq idoralari qo‘shimcha manbalar topish o‘rniga eski zamon kasaliga berilib, ishlayotgan tadbirkorlarning tayyor mablag‘larini undirishga o‘rganib olgani qayd etildi. Iqtisodiyotdagi o‘sish samarasi budjet daromadlarida to‘liq ko‘rinmayotgani aytildi.

— Bizda soliq masalasida muammomiz stavkalarda emas, imtiyoz va istisnolarda. Men soliqchilarni ham, tadbirkorlarni ham tushunaman. Hozir yig‘ilayotgan soliqlarni budjetga muvofiq taqsimlayotganlarni ham tushunaman. Hammasining o‘z haqiqati bor. Umumiy mahraj shuki, budjet muvozanatini qiynayotgan masala – imtiyozlar va istisnolar hisoblanadi. Biz 2021 yildan keyin imtiyozlar belgilashni kamaytirish borasida vazifalar qo‘yganmiz. Og‘ir boshlanib, og‘ir davom etayotgan 2023 yilda ham soliq bilan bog‘liq imtiyozlarni to‘xtatganimiz yo‘q. Davlat rahbarining soliqchilarga qarata aytgan gaplariga qo‘shilgan holda, soliqchilarning ham pozitsiyasini eshitish kerak deb hisoblayman. Ularga ham so‘z berish kerak: muammo qayerda?

Biznes soliq yuki katta deydi, axir kimdir soliq to‘lamayotgan bo‘lsa, boshqalar uning o‘rniga soliq to‘lashga majbur. Soliqchilarning pozitsiyasini ham eshitish kerak. Bizda oxirgi 1-2 yil ichida shu muloqot yo‘qolib qoldi. Ya’ni biznes o‘z muammolarini aytyapti, bular haqiqatan ham muammo, ammo ular kun tartibiga ongli ravishda chiqarilmayapti. QQSni qaytarish yoki QQS uzilishi bilan bog‘liq huquqiy masalalar bor. Soliqchilar ham, biznes ham o‘z muammolarini aytyapti. Lekin ularning muloqoti parlamentda ham, hukumatda ham sodir bo‘lmayapti.

Davlat rahbari avgust oyida tadbirkorlar bilan uchrashadi. Men tadbirkorlarimiz qandaydir imtiyozlar so‘rashidan qo‘rqaman. Soliqchilar yoki qaror qabul qiluvchilar yo‘q deya olmasdan, imtiyozlarni qabul qilishidan qo‘rqaman. Chunki har bir imtiyoz budjet uchun muammo yaratadi, tadbirkorlarga soliq yukini oshiradi.

Madina Ochilova suhbatlashdi.
Operatorlar – Mirvohid Mirrahimov,
Boymirza Xalilov,
Montajchi – Muhiddin Qurbonov

Ko‘proq yangiliklar: