Iqtisodiyot | 18:12 / 24.02.2025
8109
8 daqiqa o‘qiladi

So‘m va rublning mustahkamlanishi, Jek Maning sahnaga qaytishi - iqtisodiy dayjest

AQShning Rossiya bilan yaqinlashuvi fonida rubl va so‘m kursi sezilarli mustahkamlandi. O‘zbekistonning Markaziy Osiyo davlatlariga eksporti sezilarli qisqardi, ikkinchi eng yirik eksport hamkori statusi Afg‘onistonga o‘tdi. O‘tgan hafta jahon va O‘zbekiston iqtisodiy hayotida ro‘y bergan yangiliklar – iqtisodchi Ahliddin Malikov sharhida.

AQSh–Rossiya munosabatlarida iliqlashuv

18 fevral kuni AQSh va Rossiya diplomatlari Saudiya Arabistonida dastlabki muzokaralarni o‘tkazdilar. Ukraina va Yevropa mamlakatlari ishtirokisiz o‘tkazilgan bu muzokaralarda AQSh va Rossiya ikki tomonlama munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish va Ukrainadagi urushni hal qilish masalalarini muhokama qilishdi. Bundan oldin, AQSh allaqachon Ukrainaning NATO a’zoligiga intilishlari va hozirda Rossiya nazorati ostida bo‘lgan hududlarni qaytarib olish ehtimolini rad etib, Rossiyaga katta yon berishlarni amalga oshirgan edi.

Muzokaralardan keyingi bayonotda AQSh tomoni "Ukrainadagi mojaroning yakunlanishi"dan so‘ng Rossiya bilan "tarixiy iqtisodiy va investitsiya imkoniyatlari" haqida so‘z yuritdi. Rossiya rubli Prezident Donald Trampning Moskvaga nisbatan keskin burilishi fonida sezilarli darajada kuchaydi. Rossiya markaziy bank payshanba kuni AQSh dollariga nisbatan rasmiy valuta kursini 88,5 rubl darajasida belgiladi – bu 2024 yil avgustidan beri eng kuchli ko‘rsatkich. Rubl Tramp 20-yanvarda Oq uyga qaytganidan beri taxminan 14 foizga kuchaygan. Shuningdek, Rossiya fond bozori ham yil boshidan beri 17 foizga ko‘tarildi. Bu haftadagi fond bozorining ko‘tarilishini ham qisman "geosiyosiy bosimning kamayishi" tufayli ekanligi bilan izohlash mumkin.

Rossiya rublining AQSh dollariga nisbatan mustahkamlanishi fonida, O‘zbekistonda ham hafta davomida so‘m kursi dollarga nisbatan faqat mustahkamlanib bordi. Dollarning rasmiy kursi 13 fevraldagi 13 ming so‘mlik maksimumdan keyin ketma-ket 6 savdo kunida pasayib, 21 fevralda 12 916 so‘mgacha tushdi.

Rossiya rublining O‘zbekistondagi dollar kursi bilan qanday aloqasi bor? Rossiya tashqi savdo va xalqaro pul o‘tkazmalarida O‘zbekistonning asosiy hamkorlaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra, rublning dollarga nisbatan mustahkamlanishi qisman so‘m qiymatining ham oshishiga ta’sir o‘tkazishi tabiiy. Ya’ni, agar rubl mustahkamlansa, Rossiyada ishlayotgan o‘zbek muhojirlarining maoshlari AQSh dollari hisobida oshadi va O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari ko‘rinishida ko‘proq dollar kirib keladi. Ayni paytda, Markaziy bank raisi Timur Ishmetovning bayonotiga ko‘ra, 2025 yilda so‘mning nominal qiymatida keskin o‘zgarish bo‘lishi kutilmayapti.

AQSh–Xitoy sun’iy intellekt poygasi

Sun’iy intellektda yetakchilik qilish bo‘yicha AQSh–Xitoy poygasi yana e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Elektron tijorat giganti hisoblanadigan Alibaba kutilgandan yuqori daromadlar qayd etganidan so‘ng, Xitoyning sun’iy intellekt aksiyalariga bo‘lgan talab qariyb 13 foizga ortgan. Ta’kidlash joiz, Alibaba hozirgi kunda sun’iy intellektning keyingi avlod turi – “sun’iy umumiy intellekt”ni rivojlantirishni asosiy maqsadlaridan biriga aylantirgan. Sun’iy umumiy intellektning oddiy sun’iy intellektdan farqi shundaki, u ba’zi vazifalarni inson zakovatiga teng darajada bajara oladi.

Tushuntirish uchun, hozirgi foydalanilayotgan sun’iy intellekt turlari, xususan ChatGPT yoki DeepSeek'ni bolg‘a yoki otverka deb olsak, umumiy sun’iy intellekt quruvchi ustaga o‘xshab ketadi. Usta vaziyatga qarab xohlagan vazifaga moslashib, nafaqat mix qoqa oladi, balki boshqa ishlarni ham bajarib ketaveradi.

17 fevral kuni Alibaba asoschisi Jyek Ma Xitoy prezidenti Si Jinpin va bir qator yirik biznes egalari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuv paytida ko‘rinish berdi. Bu ham Pekin yuqori texnologiyalarga yanada kuchliroq e’tibor bera boshlayotganidan darak beradi.

O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasidagi o‘zgarishlar

21 fevral kuni Statistika agentligi O‘zbekistonning 2025 yil yanvar oyi uchun tashqi savdo statistikasini e’lon qildi. Raqamlar biroz qarama-qarshi, lekin ayni paytda qiziq dinamikani ko‘rsatmoqda. Unga ko‘ra, O‘zbekistonning umumiy eksporti o‘sgan bo‘lsa-da, qo‘shnilarimiz bo‘lgan Markaziy Osiyo davlatlariga eksport qiymati sezilarli darajada qisqargan. O‘tgan yilning yanvariga nisbatan O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblangan Xitoyga qilgan eksport hajmi ham ikki barobardan ko‘pga qisqargan. Qizig‘i shundaki, Xitoyga qilingan umumiy eksport qisqarishiga qaramay, gaz eksporti 9 foizga oshgan.

Yana bir qiziq holat, Afg‘onistonga eksport 2,3 barobarga ko‘paygan. Endilikda Afg‘oniston O‘zbekistonning ikkinchi yirik eksport hamkori statusini qo‘lga kiritgan. Bundan tashqari, Turkiya eksport hajmining yana o‘sish dinamikasini tiklayotgani va BAAga eksportning sezilarli darajada oshgani e’tiborga loyiq.

Boshqa bir narsa – yanvar oyidagi eksportning o‘sishi asosan oltin eksporti evaziga emas, ko‘proq tovar va xizmatlar eksporti evaziga sodir bo‘lgan. Albatta, eksport savatchamizda shunchaki homashyo va qimmatbaho metallardan ko‘ra, tovar va xizmatlar ulushining o‘rni ko‘proq bo‘lishi quvonarli, albatta.

O‘zbekistonning bu yil yanvar oyida qilgan jami import hajmiga to‘xtaladigan bo‘lsak, u o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 4,4 foizga ko‘paygan. Import qilingan tovarlar savatchasida oziq-ovqat mahsulotlari va tirik hayvonlar 10,5 foiz ulush bilan birinchi o‘rinni egallab turibdi.

Yanvar oyida, umumiy hisobda 27,8 mln dollarlik gaz import qilingan. Shuningdek, Turkmanistondan import hajmi 2,6 marta ortgan. Bu – yuqori ehtimollik bilan, yanvar oyida O‘zbekistonga import qilingan gazning katta qismi Turkmanistondan bo‘lganiga ishora qiladi.

O‘zbekiston JST a’zosi bo‘lishiga uzog‘i 1 yil qolgani aytildi

18-19 fevral kunlari Jyenevada Jahon savdo tashkiloti bosh kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili Azizbek Urunovning so‘zlariga ko‘ra, JST bosh direktori Ngozi Okondjo-Iveala 2026 yil mart oyida Kamerunda bo‘lib o‘tadigan JST sammitigacha O‘zbekistonning tashkilotga qo‘shilishiga e’tibor qaratilishini taklif etgan. Yig‘ilishda 16 ta a’zo mamlakat vakillari o‘z nutqida O‘zbekistonni qat’iy qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Bu davlatlar orasida Argentina, Braziliya, Xitoy, Hindiston, Indoneziya, Koreya, Turkiya, Qozog‘iston va Qirg‘iziston kabi mamlakatlar bor.

“Qaror qat’iy, 2026 yilga ko‘p vaqt qolmadi”, deya yozdi Urunov LinkedIn sahifasida.

Mavzuga oid