Rekord miqdordagi elektr, kamayayotgan gaz, kun tartibiga chiqqan suv - iqtisodiy taymlayn

Iqtisodiyot 18:44 / 24.06.2023 33090

Energetika vazirligi Rossiyadan gaz sotib olish bo‘yicha shartnomaning ayrim shartlarini ochiqladi. Ma’lum bo‘lishicha, oktyabrdan boshlab Rossiya O‘zbekistonga kuniga 9 mln kub tabiiy gaz yetkazib beradi. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi. “UZGAsTrade” va “Gazprom” eksport kompaniyalari o‘rtasidagi bitim 2 yil muddatga tuzilgan.

Tijoriy bitimdan tashqari, tomonlar bu bitimni amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ham imzolagan. Uning doirasida Rossiya gazini qabul qilib olish uchun O‘zbekistonning gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtiriladi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal ta’mirlash hamda tiklash ishlari bajariladi. Shuningdek, 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari quriladi, 56 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlanadi.

Energetika vazirligi xarid narxini ochiqlamadi. Rasmiy xabarda aytilishicha, tabiiy gaz narxi mintaqadagi bozor narxlari asosida, shuningdek, respublikadagi amaldagi narxlar hamda ularni bozor tamoyillari asosida shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan islohotlardan kelib chiqib kelishilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Rossiyadan gaz sotib olish bo‘yicha muzokara o‘tkazayotgani o‘tgan yili oxirida ma’lum bo‘lgandi. Rasmiy Moskva O‘zbekiston va Qozog‘istonni uch tomonlama gaz ittifoqi tuzishga undayapti. OAVga sizdirilgan xabarlarga ko‘ra, Rossiya tomoni gaz egasiga O‘zbekiston va Qozog‘istonning gaz uzatish tarmoqlari egaligini qo‘lga olmoqchi bo‘lgan, lekin har ikki mamlakat buni rad etgan.

Gaz qazib olish kamayishda davom etyapti

Gaz mavzusidan uzoqlashmaymiz. O‘zbekistonda gaz qazib olish pasayishda davom etyapti. Joriy yilning yanvar-may oylarida gaz qazib olish o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,8 foizga qisqardi. Statistika agentligiga ko‘ra, joriy yilning dastlabki 5 oyi davomida gaz qazib olish hajmi 19,86 mlrd kub metrni tashkil etgan, bu – o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,15 mlrd kubga kam.

Ahamiyatlisi shundaki, o‘tgan yilning ayni shu davrida gaz qazib olish 4 foizga kamaygan edi, joriy yil esa pasayish qariyb 10 foizga yetgan.

O‘zbekistonda so‘nggi yillarda gaz qazib olishning qisqarishi va ichki bozorda talab ortib borayotgani sababli xorijga tabiiy gaz sotishni jiddiy qisqartirdi. Xususan, 2020 yilda Rossiyaga gaz eksporti butunlay to‘xtatildi va Xitoyga yetkazib berish hajmi kamaydi. Xitoy Bosh bojxona boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil yanvar-may oylarida O‘zbekistondan Xitoyga gaz yetkazib berish hajmi qiymat jihatidan 60,7 foizga kamayib, 118,6 million dollarni tashkil etgan. Gaz ta’minotining fizik hajmi ko‘rsatilmagan.

Xitoy tomoni statistikasidan ko‘rinishicha, O‘zbekiston may oyida gaz yetkazib berishni oshirgan. 5 oy davomidagi qariyb 120 mln dollarlik eksportning 78 mln dollarlik qismi birgina may oyiga to‘g‘ri keladi. Lekin bu ham o‘tgan yilning may oyi bilan taqqoslaganda ancha kam: 2022 yilning mayida O‘zbekistondan Xitoyga 161,5 mln dollarlik gaz yetkazib berilgandi.

May oyida elektr toki ishlab chiqarish rekord darajaga yetdi

Statistika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, may oyida O‘zbekistonda 7,3 mlrd KW-soat, ya’ni rekord darajada ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarilgan. Joriy yilning 5 oyidagi o‘sish ko‘rsatkichi atigi 3 foizni tashkil qilsa-da, may oyining o‘zida elektr energiyasi ishlab chiqarish aprelga nisbatan 34 foizga o‘sgan.

Agentlikning izoh berishicha, bu noodatiy o‘sish elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kichik korxonalardan to‘rttasi yirik korxona toifasiga o‘tgani sabab ular oylik hisobot taqdim qila boshlagani bilan bog‘liq. Har oylik press-relizlar esa yakuniy emas, dastlabki ma’lumotlar hisoblanadi.

O‘zbekiston yil boshidan beri elektr energiyasi importini ham oshirgan. Energetika vazirligiga ko‘ra, yanvar-may oylarida 2,5 mlrd kub elektr toki import qilingan, bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda 18,6 foizga ko‘p. Elektr energiyasi eksporti esa aksincha 18,5 foizga qisqargan.

Suv bo‘yicha choralar ko‘rish boshlanyapti

O‘tgan hafta iqtisodiyot va moliya vaziri ma’lum qilganidek, hukumat ichimlik suvi isrofini kamaytirish borasida ma’lum choralar ko‘rishni boshlayapti. Prezident farmoniga asosan, iste’molchilarga suv yetkazib berish davlat-xususiy sheriklikka o‘tkaziladi. Buning tartibi 2023 yil sentabrgacha ishlab chiqiladi.

Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini nazorat qilish inspeksiyasi Suv xo‘jaligi obektlari xavfsizligini va suvdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi deb qayta nomlanadi. Inspeksiya yerusti suvlaridan foydalanish va suv iste’moli qoidalarini hamda suv olish tartibini buzish holatlari bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish, shuningdek, jismoniy shaxslarga nisbatan ma’muriy jazo qo‘llashi mumkin.

Senatning 42-yalpi majlisida Toshkent shahrida suv sarfi ayrim paytlarda aholi jon boshiga sutkasiga 400 litrni tashkil qilayotgani va bu dunyo shaharlari ko‘rsatkichidan karrasiga yuqori ekani aytildi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida har bir gektarga suv sarfi ayrim davlatlarga nisbatan 2-2,5 barobar ko‘p. Ekin maydonlariga suv yetkazib berishda sezilarli yo‘qotishlar bor. Irrigatsiya tizimlarida nosozliklar mavjud. Qolaversa, yerosti suvlarining hajmi va sifati ham tobora pasayib bormoqda.

“Oxirgi paytlarda suv bilan bog‘liq tizimli muammolar haqida jamoatchilik bong urmoqda. Turli tanqidiy-tahliliy chiqishlar, asosli mulohazalar bildirilmoqda. Biroq mas’ullar jim. Suvdan ratsional foydalanishga qaratilgan keng qamrovli chora-tadbirlarni ko‘rmayapmiz”, - dedi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Sobiq “Algoritm” zavodi sotildi

E-Auksion platformasidagi auksionlar bo‘yicha eng yuqori narx rekordi yangilandi. 23 iyun kuni 16 daqiqa-yu 32 soniya davom etgan auksionda Toshkentning Chilonzor tumanidagi sobiq “Algoritm” zavodi 307,6 mlrd so‘mga sotildi. 16 gektarlik maydonga ega obekt uchun “Strategic Development Team” MChJ boshlang‘ich narxdan 5 foiz yuqori narx taklif qildi. Auksionning boshqa ishtirokchilari esa taklif bildirmadi.

“Strategic Development Team” 2018 yilda tashkil etilgan, Tijorat faoliyati va boshqaruv masalalari bo‘yicha maslahat berish bilan shug‘ullanadi. Ustav kapitali 7 mln so‘m, ta’sischisi sifatida Sadikov Fatxulla Xayrullayevich ko‘rsatilgan.

Sobiq “Algoritm” zavodi binolari 2022 yilda sotuvga qo‘yilgan. 2012 yilda bu yerda “Candy” jahon brendi va milliy “Roison” brendi ostida muzlatkichlar, konditsionerlar va kir yuvish mashinalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi.

307,6 mlrd so‘mlik taklif E-Auksion platformasida o‘ynalgan auksionlardagi eng yuqori narxga aylandi. Bundan oldingi rekord 2021 yil dekabrida qayd etilgan, o‘shanda Doʻmbirobod City Group Chilonzor tumanidagi 28 gektarlik harbiy shaharcha hududini 266,4 mlrd so‘m taklif bilan yutib olgandi.

“Hyper Partners” “O‘rta Osiyo Trans”dagi 51 foizlik davlat ulushini sotib oldi

Yana bir yirik xususiylashtirish bitimi “O‘rta Osiyo Trans” aksiyadorlik jamiyatiga oid. Logistika kompaniyasidagi 51 foizlik davlat ulushi 65 mlrd so‘mga “Hyper Partners” MChJga sotildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi xabariga ko‘ra, xususiylashtirish jarayonida 3 ta taklif kelib tushgan, ulardan ikkitasi yakuniy bosqichga o‘tkazilgan. G‘olibni aniqlashda uning malaka va tajribasi, bitimni yopish shartlari va eng yaxshi narx taklifi inobatga olingan. Jarayonda konsultant sifatida Merritz ishtirok etgan.

Xaridor “Hyper Partners” 2018 yilda ro‘yxatdan o‘tkazilgan. Joriy ustav fondi – 194 mlrd so‘m. Jamiyatning 100 foizlik ulushi “Hyper Partners GMBH”ga tegishli bo‘lib, bu kompaniya Germaniyada ro‘yxatdan o‘tgan. Investor Toshkent siti va Jizzax sement zavodi kabi loyihalarda ishtirok etgani haqida ma’lumotlar bor.

“O‘rta Osiyo Trans” AJ esa 1992 yilda tashkil etilgan. 1,5 mlrd so‘mlik ustav kapitaliga ega kompaniya yuk avtomobillari asosidagi logistika bilan shug‘ullanadi.

Madina Ochilova tayyorladi.
Operator va montajchi – Muhiddin Qurbonov.

Ko‘proq yangiliklar: