Jahon | 23:56 / 15.02.2025
11394
3 daqiqa o‘qiladi

O‘nlab rossiyalik oligarxlar sanksiyalardan qutulishga muvaffaq bo‘ldi

Ular sud orqali sanksiyalarning bekor qilinishiga erishgan. Har ikki arizaning biri sud tomonidan qanoatlantirilgani aytilmoqda.

Arkadiy Voloj Foto: Dmitriy Astaxov / TASS

O‘nlab rossiyalik milliarderlar sanksiyalarning olib tashlanishiga erishdi. Cheklovlardan qutulishga muvaffaq bo‘lganlar Rossiya bilan barcha aloqalarini uzgan, yashash joyini o‘zgartirgan va Rossiyada biznes yuritmasligini isbotlagan.

RTVI nashrining yozishicha, milliarder Dmitriy Pumpyanskiy rafiqasi Galina va o‘g‘li Aleksandr bilan birgalikda sanksiyalardan xalos bo‘lgan. Poygachi Nikita Mazepin «Uralxim» ​​kompaniyasiga egalik qiluvchi otasi Dmitriy Mazepin biznesiga aloqasi yo‘qligini isbotlagan.

Bir qancha tadbirkorlar sud orqali sanksiyalarning bekor qilinishiga erishgan:

- Dmitriy Konov - «Sibur» kompaniyasining sobiq rahbari;

- Vladimir Rashevskiy - «Yevroxim» kompaniyasining sobiq rahbari;

- Sergey Mndoyans - «AFK Sistema» kompaniyasining sobiq top-menejeri;

- Aleksandr Shulgin - «Ozon» kompaniyasining sobiq rahbari.

Bundan tashqari, rossiyalik ishbilarmonlarning ba’zi qarindoshlari ham muvaffaqiyatga erishgan:

- Pavel Yezubov - sanksiyalar ostidagi Oleg Deripaska amakivachchasi;

- Mayya Tokareva — sanksiyalar ostidagi «Transneft» rahbarining qizi;

- Violetta Prigojina - «ChVK Vagner» asoschisi, marhum Yevgeniy Prigojinning onasi.

Bundan tashqari, 2023 yilda «Yandeks» sobiq rahbari, 2014 yildan beri Isroilda yashab, urushga qarshi ochiq bayonot bilan chiqqan Arkadiy Voloj sanksiyalar ro‘yxatidan chiqarilgan.

Shuningdek, YeSN guruhi va RBK mediaxolding egasi Grigoriy Berezkin, «Nortgaz» sobiq egasi Farhod Ahmedov va milliarder Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaga nisbatan cheklovlar olib tashlangan. Ayni vaqtda Usmonov va uning yana bir opasi Gulbahor Ismoilovaga nisbatan sanksiyalar kuchda qolmoqda.

Qayd etilishicha, Kanada ham ayrim rossiyaliklarga nisbatan sanksiyalarni bekor qilgan. Shunday qilib, «Sberbank» raisining sobiq birinchi o‘rinbosari Lev Xasis, uchta sobiq top-menejerlari: Natalya Alimova, Aleksandra Buriko va Sergey Malsev ham sanksiyalardan xalos bo‘lgan.

Nashrning ta’kidlashicha, har ikki arizaning biri sud tomonidan qanoatlantirilgan.

Mavzuga oid