Jahon | 21:20 / 21.03.2025
7997
2 daqiqa o‘qiladi

Britaniya shahzodasi tankda Rossiya chegarasiga bordi

Shahzoda Uilyam Estoniyada Britaniya qo‘shinlari kontingenti bilan uchrashdi, tankda Rossiya chegarasi yaqinida bo‘ldi.

Foto: PA Media

Shahzoda Uilyam Estoniyaga, Buyuk Britaniya armiyasining xorijiy missiyasiga tashrif buyurdi. U Boltiqbo‘yi davlatini Rossiyadan kelayotgan ehtimoliy tahdidlardan himoya qilishga qaratilgan tadbirlarida ishtirok etgan britaniyalik qo‘shinlar bilan uchrashdi, deb xabar berdi BBC.

Nashr shahzodaning harbiy kiyimda, Challenger 2 tankidan, shuningdek, zirhli jangovar transport vositasidan olingan suratlarini e’lon qildi. Bu suratlar Rossiya chegarasi yaqinida olingan. Agar qirollik vakili tashrifi ramziy ma’noga ega bo‘lsa, unda shahzodaning Rossiya chegarasiga yaqin joyda tankda paydo bo‘lishini to‘g‘ridan-to‘g‘ri signallardan biri deb hisoblash mumkin, deb ta’kidladi BBC.

Estoniyaga ikki kunlik tashrifi doirasida shahzoda Uilyam mintaqada joylashgan Britaniya qo‘shinlari kontingenti, jumladan, o‘zi bosh polkovnik bo‘lgan Mersian polki askarlari bilan uchrashdi. Uning sharafiga harbiy mashg‘ulotlar o‘tilayotgan Tapa lagerida harbiy poligon bo‘ylab ekskursiya uyushtirildi.

Shahzodaga dala manyovrlari ko‘rsatildi. Shuningdek, u Estoniya va Fransiya harbiy xizmatchilari bilan uchrashdi.

Mavzuga oid