Jahon | 20:05 / 21.03.2025
1015
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya 2022 yildan beri Rossiyaning 25 mlrd funtlik aktivlarini muzlatdi

Mutaxassislarga ko‘ra, sanksiyalar oqibatida yetkazilgan zarar 400 mlrd dollardan oshadi, bu esa Rossiyaning to‘rtta harbiy budjetiga teng.

Foto: Reuters

Britaniya hukumati Ukrainaga qarshi urush boshlanganidan beri Rossiyaning 25 milliard funt sterlingdan ortiq aktivlarini muzlatib qo‘ydi. Bu haqda Moliya sanksiyalarini qo‘llash boshqarmasining (OFSI) yillik hisobotda so‘z boradi.

Qayd etilishicha, Britaniya va uning ittifoqchilari tomonidan RFga qarshi joriy etilgan sanksiyalar 2022 yil fevraldan beri Rossiyani 400 milliard dollardan ortiq mablag‘dan mahrum qilgan.

«2022 yil fevraldan 2024 yil dekabrga qadar OFSI’ga Rossiya aloqador 25,03 milliard funtlik aktivlar muzlatilgani to‘g‘risida xabar kelib tushgan», — deyiladi Britaniya hukumati saytiga joylashtirilgan hisobotda.

Hujjat matnida ta’kidlanishicha, yil davomida muzlatilgan aktivlarning umumiy qiymati baholash vaqtiga ko‘ra ko‘rsatilgan. «OFSI muzlatilgan aktivlarning umumiy qiymatini faqat muzlatish paytida qayd etadi va keyingi o‘zgarishlarni aniqlamaydi hamda qayd etmaydi», — deyiladi unda.

Hisobotda, shuningdek, 2022 yil fevralidan buyon Buyuk Britaniya va uning ittifoqchilari tomonidan Rossiyaga qo‘yilgan sanksiyalar sababli yuzaga kelgan umumiy moliyaviy yo‘qotishlar bahosi ham keltirilgan. Mutaxassislar zararni 400 milliard dollarga baholab, bu summani Rossiyaning to‘rtta harbiy budjeti bilan taqqoslagan. «Rossiyaning umumiy moliyaviy ahvoli yomonlashdi va federal budjet defitsiti kamida 2026 yilgacha saqlanib qolishi kutilmoqda», — deya ta’kidlaydi ekspertlar.

2022 yil 24 fevraldan beri Buyuk Britaniya Rossiyaga aloqador 1,9 mingdan ortiq jismoniy va yuridik shaxslarga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Xususan, yanvar boshida London «Gazprom neft» va «Surgutneftgaz»ga qarshi sanksiyalar e’lon qildi. Britaniya bosh vaziri Kir Starmer fevral oyida Bryusselga tashrifi davomida yevropalik hamkasblarini Rossiya energetika kompaniyalariga qarshi cheklovlarni kuchaytirishga chaqirgan edi.

Mavzuga oid