Jahon | 18:14
8031
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Rossiyaning maxfiy floti tankerini musodara qildi

Unda 40 million yevroga teng bo‘lgan 100 ming tonnaga yaqin neft bor edi.

Foto: DPA

Germaniya bojxonachilari yanvar oyi o‘rtalaridan beri Boltiq dengizidagi Ryugen oroli qirg‘oqlarida langar tashlab turgan Eventin tankerini hibsga oldi, deb yozdi Der Spiegel.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, tanker 14 mart kuni taxminan 40 million yevroga teng bo‘lgan 100 ming tonnaga yaqin neft yuki bilan birga musodara qilingan. Hozir Germaniya hukumati Eventin tankeridan neftni qanday va qayerda xavfsiz oqizish va tanker bilan nima qilish kerakligini hal qilmoqda.

Bojxona tankerni musodara qilishidan oldin, Germaniyaning turli xil idoralari o‘rtasida kemaning taqdiri bo‘yicha qizg‘in munozaralar bo‘lgan. Endi hukumat qaroriga ko‘ra, tanker nomi o‘zgartirilishi mumkin.

Nashrning qayd etishicha, musodara qilish to‘g‘risida qaror qabul qilish bilan Germaniya rasmiylari Rossiya neftining Boltiq dengizi orqali tranzitiga toqat qilmasligi haqida signal yubormoqda.

Panama bayrog‘i ostidagi Eventin tankeri 6 yanvar kuni Leningrad viloyatining Kingisepp tumanidagi Ust-Luga portidan chiqib, Misrning Port-Said shahriga yo‘l olgan edi. 10 yanvar kuni 2006 yilda qurilgan kema Germaniya qirg‘oqlarida boshqaruvni yo‘qotgani ma’lum bo‘ldi. Neft to‘kilishi xavfi tufayli u yaqin portga tortildi. Fevral oyi oxirida Yevropa Ittifoqi rasmiylari tankerni Rossiya maxfiy floti kemasi deb hisoblab, Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi.

Mavzuga oid