O‘zbekiston aholisi soni 37,5 milliondan oshdi
O‘zbekiston aholisi bir yil davomida 2 foizga o‘sib, 37,5 million kishidan oshdi.

Foto: Kun.uz
O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 2025 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra 37 million 543,2 ming kishiga yetdi. Shu tariqa 2024 yilda aholi o‘sishi 2 foizni yoki 743,4 ming kishini tashkil etdi.
Statistika agentligi xabariga ko‘ra, jami aholining 18,9 millioni (50,4 foizi) erkaklar, 18,6 millioni (49,6 foizi) ayollardir. Shahar aholisi 19,1 million (51 foiz), qishloq aholisi 18,4 million (49 foiz) kishini tashkil etadi.
Hududlar kesimida aholining eng yuqori zichligi Toshkent shahrida 6948,1 nafar, Andijon viloyatida 804,9, Farg‘ona viloyatida 613,1 nafarni tashkil etdi. Eng past ko‘rsatkichlar Navoiy viloyatida — 9,9 va Qoraqalpog‘istonda — 12,2.
2024 yilda 926,4 ming bola tug‘ildi, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,7 foizga kam.
Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning otalari yoshga qarab quyidagi nisbatda taqsimlandi: 10,7 foiz — 25 yoshgacha, 82,5 foiz — 25−39 yosh, 6,8 foiz — 40 yosh va undan katta. Yangi tug‘ilgan chaqaloqlarning 39,3 foizida onalar yoshi 25 yoshgacha, 59,5 foizida 25−39 yosh, 1,2 foizida 40 yosh va undan katta bo‘lgan.
Tug‘ilishning eng katta ulushi Samarqand viloyatida (12 foiz) kuzatildi, Farg‘ona viloyatida — 11,1 foiz, Qashqadaryo viloyatida — 10,9 foiz, Andijon viloyatida — 9,3 foiz va Surxondaryo viloyatida — 9,1 foiz.
Tug‘ilish darajasi Sirdaryo viloyatida (2,4 foiz), Navoiy viloyatida (2,8 foiz), Jizzax viloyatida (4,2 foiz), Qoraqalpog‘istonda (4,5 foiz) va Buxoro viloyatida (5 foiz) nisbatan past.
2024 yilda ro‘yxatga olingan nikohlar soni 271,8 mingtani tashkil etdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 12 mingtaga kam.
Nikohda ayollarning o‘rtacha yoshi 22,3 yosh, erkaklarning o‘rtacha yoshi 27,1 yoshni tashkil qildi.
Ajralishlar soni 45,1 mingtani tashkil etdi, bu 2023 yilga nisbatan 8,3 foizga kam.
Ajrashgan erkaklarning o‘rtacha yoshi 35,4 yoshni, ayollarniki 32,1 yoshni tashkil etdi. Ajralishlarning eng katta ulushi 35 yoshgacha bo‘lgan ayollarga to‘g‘ri keladi, bu umumiy ko‘rsatkichning 64,6 foizini tashkil qiladi.
O‘zbekistonga xorijdan ko‘chib kelganlar soni 2229 kishini, xorijga ko‘chib ketganlar soni 10 842 kishini tashkil etadi.
Mavzuga oid

11:53 / 10.03.2025
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

15:05 / 07.03.2025
Biznes uchun statistika hisobotlari hajmi kamayadi

13:32 / 07.03.2025
O‘zbekistonda rasmiy statistikani tayyorlashga autsorsing joriy etiladi

11:55 / 04.03.2025