O‘zbekistonda inflatsiya tezlashdi. Bir oy ichida aviachiptalar 22 foizga qimmatlashgan
Fevral oyida O‘zbekistonda inflatsiya 0,54 foizni tashkil etdi, bu o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan yuqoriroq. Yillik inflatsiya 10,13 foizga yetdi. Rasmiy statistika o‘tgan oyda aviachiptalar narxi 22,4 foizga (yillik 23,2 foiz) oshganini qayd etdi. Oxirgi bir yilda go‘sht 18,5 foizga, kartoshka 47 foizga, dori-darmonlar 26 foizga qimmatlashgan.
2025 yilning fevral oyida O‘zbekistonda inflatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etdi.
Statistika agentligiga ko‘ra, bu 2024 yil va 2022 yil yanvar oyidagi ko‘rsatkichidan (mos ravishda 0,32 va 0,51 foiz) yuqori hisoblanadi, lekin 2021 yil yanvaridagi inflatsiya darajasidan (0,64 foiz) past. 2023 yilda ham mos oydagi inflatsiya darajasi 0,54 foizni tashkil etgan.
Yillik inflatsiya (o‘tgan yilning fevral oyiga nisbatan) 10,13 foizgacha tezlashdi (oldingi oy 9,89 foiz edi).
Yilning ikkinchi oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 0,6 foizga (yillik hisobda 2,9 foizga), nooziq-ovqat mahsulotlari narxi 0,3 foizga (7,7 foiz), xizmatlar narxi 0,8 foizga (27,1 foiz) oshdi.
Fevralda oziq-ovqat mahsulotlaridan asosan suyakli mol go‘shti (2,8 foiz, yillik hisobda 18,5 foiz), qo‘y go‘shti (2,4 foiz, 19,4 foiz), sut (0,4 foiz, 6 foiz), tovuqning son qismi (0,2 foiz, -1,2 foiz) narxi oshdi.
O‘tgan oyda tuxum narxi yana keskin — 12 foizga pasaydi (yanvarda uning narxi 14,3 foizga, yillik hisobda 30,4 foizga pasaygan), guruch va guruch oqshog‘i 3,9 foizga (yillik hisobda 10,4 foizga), shakar 1 foizga (-4,4 foiz) arzonladi.
Yanvar oyidagi narx oshishi va fevral oyida hukumat tomonidan ko‘rilgan choralardan keyin kartoshka narxi 13,4 foizga arzonladi, biroq yillik narx o‘sishi yuqoriligicha qolmoqda (+46,8 foiz).
O‘tgan oyda dori-darmonlar narxi fevral oyida yana 0,8 foizga, yil davomida esa 25,9 foizga, jumladan antibiotiklar narxi 27,9 foizga oshdi. Statsionar davolanish xizmatlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,6 foizga, profilaktika va himoya vositalari narxi 21,6 foizga qimmatladi.
Fevralda elektr energiyasi va gaz narxlari o‘zgarishsiz qoldi, biroq yillik hisobda ular uchun tariflar o‘rtacha 1,7 va 2,3 barobarga oshdi.
O‘tgan oyda propan narxi 4,3 foizga (yillik hisobda 11,3 foiz), benzin narxi 0,2 foizga (2,9 foiz) oshdi. Metan narxi esa o‘zgarmagan.
Shuningdek, fevralda poyezdlardagi chipta narxi 4,5 foizga (yil davomida 18,6 foiz), taksilar narxi 0,9 foizga (12,1 foiz), aviachiptalar bahosi esa 22,4 foizga (23,2 foiz) qimmatlashgani qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, 1 fevraldan "Afrosiyob" poyezdining VIP va biznes toifadagi chiptalari 25 foizga, ekonom toifasidagi chiptalari esa 20 foizga, "Sharq", "Nasaf" va "O‘zbekiston" poyezdlari chiptalari esa 30 foizga qimmatlashgandi.
Mavzuga oid

11:53
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

15:05 / 07.03.2025
Biznes uchun statistika hisobotlari hajmi kamayadi

13:32 / 07.03.2025
O‘zbekistonda rasmiy statistikani tayyorlashga autsorsing joriy etiladi

20:39 / 03.03.2025