Yerda 70 mingdan ziyod noma’lum viruslar aniqlandi
Ularni qidirishda sun’iy intellekt ishtirok etdi.

Sidney universiteti olimlari va ularning boshqa muassasalardagi hamkasblari fanga noma’lum o‘n minglab viruslarni topishga muvaffaq bo‘ldi. Ularni qidirishda sun’iy intellekt ishtirok etdi. Cell jurnalida chop etilgan yangi tadqiqotga ko‘ra, mutaxassislar noyob mikroorganizmlarning “tubsiz o‘rasi”ga duch kelgan.
Bu vazifani bajarishda olimlar LucaProt chuqur o‘rganish algoritmini ishlab chiqdi. Neyron tarmog‘i millionlab genom namunalaridan iborat ulkan ma’lumotlar to‘plamini tahlil qilishga yo‘naltirildi. Usul oqsillarning ketma-ketligi va ikkilamchi tuzilmalariga asoslanib turlarni aniqladi — RNK-viruslar ulardan ko‘payish uchun foydalanadi. Yangi yondashuv an’anaviy usullarga qaraganda tezroq natija berdi.
Tadqiqotchilar jami 160 mingdan ortiq virusni topishga muvaffaq bo‘ldi. Ularning 70 mingtasi haqida ilm-fanga hech narsa ma’lum emas, shu bilan birga ularning ko‘pchiligi mavjud turlarga o‘xshamaydi. Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, aksariyat viruslar ilgari sekvenirlangan, ya’ni ularda DNK va RNK ketma-ketligi aniqlanib, hatto ommaviy ma’lumotlar bazalariga ham kiritib qo‘yilgan. Biroq viruslar “shunaqangi xilma-xil ekanidan, ularning nimaligini hech kim bilmagan”. Ularning ko‘pchiligi issiq buloqlar va sho‘r ko‘llarga o‘xshash ekstremal sharoitlarda uchraydi.
Sidney universiteti olimlarining ta’kidlashicha, ilgari hech kim bitta tadqiqot davomida bunday miqdordagi viruslarni kashf etmagan. Tadqiqotchilar bu natijani “hayratlanarli”, biroq “yuzadan ko‘rinish” deb baholamoqda.
“Yana millionlab turlar kashf etilishi kerak. Biz aynan shu yondashuvni bakteriya hamda parazitlarni aniqlashda qo‘llashimiz mumkin”, — deya ta’kidladi mutaxassislar.
Mavzuga oid

20:32 / 07.03.2025
Telegram ilovasida xavfli zaiflik aniqlandi

21:16 / 04.02.2025
iPhone smartfonlarida birinchi marta troyan-virus aniqlandi

09:33 / 16.01.2025
Germaniyada chorva mollari orasida xavfli infeksiya tarqaldi. Ko‘plab mamlakatlar go‘sht importini taqiqladi

18:11 / 11.12.2024