Germaniyada chorva mollari orasida xavfli infeksiya tarqaldi. Ko‘plab mamlakatlar go‘sht importini taqiqladi

Jahon 09:37 1049

Germaniyadan Yevropa Ittifoqi tashqarisiga go‘sht va sut mahsulotlari eksporti jiddiy cheklovlarga duch kelmoqda. Bunga Berlin yaqinidagi ferma mollari orasida 40 yil ichida birinchi marta oqsil (oqsim, yashchur deb ham ataladi) kasalligi qayd etilgani sabab bo‘lmoqda.

Yaqinda Brandenburg yeridagi fermada uch bosh ho‘kiz nobud bo‘lgan. Mutaxassislar ular qanday qilib oqsil kasalligiga chalinganini aniqlamoqda. Podadagi qolgan hayvonlar so‘yib tashlandi. Shuningdek, fermadan pichan sotib olgan kichikroq hayvonot bog‘ida bir nechta echki va qo‘ylarni ham so‘yishga to‘g‘ri keldi.

“Hozircha biz bu kasallik faqat Brandenburg hududida tarqalganiga va boshqa fermer xo‘jaliklariga zarar yetmaganiga ishonchimiz komil emas. Shu sababli, nafaqat kasallik manbayini aniqlash, balki milliy darajada yaqindan hamkorlik o‘rnatish ham muhim ahamiyatga ega”, — deb bayonet berdi Germaniya qishloq xo‘jaligi vaziri Jyem Ozdemir.

Endilikda Germaniyaga Jahon hayvonlar sog‘ligini muhofaza qilish tashkiloti talablariga muvofiq, Yevropa Ittifoqidan tashqaridagi davlatlarga chorvachilik mahsulotlarini eksport qilish uchun veterinariya sertifikatlari berilmaydi. Biroq ittifoq doirasida go‘sht eksport qilish mumkin, faqat kasallik tarqalmagan hududlardagi fermalardan.

Kasallikning avj olishi Germaniya iqtisodiyoti uchun jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Germaniya har yili qariyb 10 milliard yevrolik chorvachilik mahsulotlarini eksport qiladi, uning eng yirik xaridori — Buyuk Britaniya.

Britaniya hukumati o‘z fermalarini himoya qilish uchun Germaniyadan go‘sht importini taqiqladi. Boshqa ko‘plab mamlakatlar ham nemis chorvachilik mahsulotlarini import qilishdan voz kechmoqda: Meksika, Janubiy Koreya, Rossiya va Belarus shular jumlasidandir.

Oqsil kasalligi haqida

Oqsil kasalligi o‘tkir virusli kasallik bo‘lib, isitma va og‘iz-burun bo‘shlig‘i shilliq qavatining yiringlashi bilan kechadi. U qoramollar, cho‘chqalar, echkilar, qo‘ylar va bug‘ular orasida tarqaladi. Mushuklar, itlar va kemiruvchilar kabi boshqa hayvonlar ham kasallanishi mumkin.

Kasallangan jonivorlar bilan kontaktda bo‘lgan odamlar ham uni yuqtirishi mumkin. Infeksiya ko‘pincha xom sut orqali, ba’zan esa go‘sht orqali yuqadi.

Ko‘proq yangiliklar: