Yerlar toifasini o‘zgartirish tartibi belgilandi

O‘zbekiston 11:49 1227

Hujjat bilan quyidagilarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda:

  • Vazirlar Mahkamasining «Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini ijaraga berish tartibiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi qaroriga;
  • Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifalarini o‘zgartirish masalalarini ko‘rib chiqish bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizom;
  • Yer resurslarining holati bo‘yicha milliy hisobotni yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizom.

O‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan: 

  • yangidan o‘zlashtirilgan yerlar toifasiga (turiga) o‘zgartirish kiritish muddatlari, mas’ullarning majburiyati va javobgarligi belgilanmoqda; 
  • kishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni o‘rganishda vazirlik va idoralarning mas’uliyati va javobgarligi belgilanmoqda; 
  • qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni ijaraga berish tartibi soddalashtirilmoqda.

Xususan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan va o‘rmon fondi yerlarining yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha takliflarni o‘rganish natijalari bo‘yicha Suv xo‘jaligi vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Kadastr agentligining hududiy boshqarmalari rahbarlari hamda tuman (shahar) hokimligi mas’ullari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtiriladi.

Dalolatnomada:

  • yer fondi toifasini o‘zgartirish bo‘yicha taklif qilingan yerlarning yer tuzish loyihasi ishlab chiqilganligi;
  • alohida qimmatga ega bo‘lgan va tuproq unumdorligi tumanning o‘rtacha ball bonitetidan yuqori bo‘lgan sug‘oriladigan yerlar hamda o‘rmon fondining o‘rmon bilan qoplangan yerlari;
  • yer uchastkasidan foydalanish holati (foydalanish uchun berilgan yoki zaxiraga olinganligi);
  • yer uchastkasidagi mavjud davlat kadastri obektlari (gaz, aloqa va energetika obektlari, avtomobil yo‘llari va temir yo‘llar, hamda boshqalar);
  • yer uchastkasini boshqa toifaga o‘tkazish hisobidan kutiladigan foyda, yaratiladigan ish o‘rinlari va boshqa samaradorlik ko‘rsatkichlari bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslar;
  • tuproq unumdorligining pasayishi, irrigatsiya va melioratsiya tizimining buzilishi bilan bog‘liq zararlar;
  • qishloq xo‘jaligi va o‘rmon xo‘jaligi ishlab chiqarishi nobudgarchiligi miqdori;
  • yer uchastkasi mulkdorlari, foydalanuvchilari va ijarachilariga yetkaziladigan zararlar;
  • yer uchastkasida agrotexnik tadbirlar uchun sarflangan xarajatlar to‘g‘risida ma’lumotlar kiritiladi.

Shuningdek, yangi o‘zlashtirilgan yerlar toifasiga (turiga) o‘zgartirish kiritish sxemasi tasdiqlanmoqda. Unga ko‘ra: 

  • tuman xokimliklari yangidan o‘zlashtirilgan yerlar toifasiga (turiga) o‘zgartirish kiritish uchun ma’lumotlarni shakllantiradi va ma’lumotlarni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashiga va viloyatlar hokimliklariga kiritadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari 3 ish kuni ichida yangidan o‘zlashtirilgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha xulosa olish uchun ma’lumotlarni Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yuboradi;
  • Qishloq xo‘jaligi vazirligi 15 ish kuni ichida yangidan o‘zlashtirilgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar bo‘yicha joyida o‘rganish o‘tkazib, xulosa taqdim etadi;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari 3 ish kuni ichida vazirlikning ijobiy xulosasiga asosan yangidan o‘zlashtirilgan yerlar toifasiga (turiga) o‘zgartirish kiritish haqida E-qaror elektron tizimi orqali qaror qabul qiladi va qarorni Yer hisobot tizimiga kiritadi;
  • Davlat kadastrlari palatasining tuman va shahar filiallari yerlar toifasining tegishli turiga o‘zgartirish yuzasidan ma’lumotlarni yer resurslarining holati to‘g‘risidagi milliy hisobotga kiritadi.
Ko‘proq yangiliklar: