Gurjistonda 15 yanvar, chorshanba kuni hukumatning Yevropa Ittifoqi bilan integratsiyadan voz kechish qaroriga norozilik sifatida keng ko‘lamli ish tashlash boshlandi. Yuzlab kompaniyalar, jumladan PSP yirik dorixonalar tarmog‘i, Fresco oziq-ovqat do‘konlari tarmog‘i va Tbilisining eng yirik savdo va biznes markazlaridan biri - Karvasla unda ishtirok etmoqda. Gurjistonning eng yirik banklari – Bank of Georgia va TBC Yevropa integratsiyasini qo‘llab-quvvatlashini va o‘z xodimlarining aksiyada ishtirok etishiga to‘sqinlik qilmasligini ma’lum qildi, deb xabar beradi "Gruziya Online".
Namoyishchilar yangi saylovlarni talab qilmoqda
Namoyishchilar Tbilisi ko‘chalariga plakatlar bilan chiqqan. Respublika maydonida 200 ga yaqin odam harakatni to‘sib qo‘ygan. Paper Kartuli nashriga ko‘ra, markaziy ko‘cha, Rustaveli prospektida ham transport harakati cheklangan. Namoyishchilar hukmron «Gurjiston orzusi» partiyasi siyosatidan norozi ekanliklarini bildirib, yangi parlament saylovlari o‘tkazilishini va mitinglarda hibsga olinganlarning ozod etilishini talab qilmoqdalar.
Interpress News xabar berishicha, namoyishchilarga Gurjiston sobiq prezidenti Salome Zurabishvili ham qo‘shilgan, u yaqinda Tbilisida ofis ochgan va kurash davom etishi haqida ogohlantirgan. Namoyish tashkilotchilarining aytishicha, «umumiy ogohlantiruvchi ish tashlash» bilan ular Gurjistonni yakka holda nima kutayotganini — «iqtisodiy turg‘unlik, yopiq korxonalar, qashshoqlik va ishsizlik»ni ko‘rsatish niyatida.