Jahon | 20:44 / 09.03.2025
2348
2 daqiqa o‘qiladi

Hamburg aeroporti ish tashlashlar sabab butunlay faoliyatini to‘xtatib qo‘ydi

Kasaba uyushmalari xodimlarning maoshlari oshirilishi va mehnat sharoiti yaxshilanishini talab qilmoqda.

Foto: AP

Germaniyaning Hamburg aeroporti faoliyati 9 mart kuni to‘xtatib qo‘yildi. Bunga Verdi kasaba uyushmasi tomonidan xodimlar o‘rtasida tashkil etilgan ish tashlashlar sabab bo‘ldi. Aeroport faoliyati to‘xtatilgani to‘g‘risidagi bayonot havo bandargohining saytiga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, aeroportda samolyotlarni qabul qilish va uchirish kun davomida amalga oshirilmaydi. Yo‘lovchilarga parvoz bo‘yicha batafsil ma’lumot olish uchun aviakompaniyalarga murojaat qilish so‘ralgan.

Bild nashrining yozishicha, ayrim yo‘lovchilar o‘z reyslari bekor qilingani to‘g‘risida parvozga bir necha daqiqa qolganida xabar topgan.

Verdi kasaba uyushmasi, shuningdek, keyingi hafta Berlin, Hannover hamda Frankfurt aeroportlarida ham ish tashlashlar bo‘lib o‘tishini e’lon qildi. Ular ishchilarning maoshlari oshirilishi va mehnat sharoiti yaxshilanishini talab qilmoqda.

Kasaba uyushmalarining bu kabi aksiyasi 27-28 fevral kunlari Myunxen aeroportida ham o‘tkazilgan edi. O‘shanda havo bandargohi ma’muriyati aksariyat reyslarni bekor qilishga majbur bo‘lgandi.

Kasaba uyushmasi bayonotida keltirilishicha, ish beruvchilar muzokaralar davomida xodimlarning talabini qanoatlantirishni xohlamayotgani uchun ular shu kabi norozilik namoyishini o‘tkazishga majbur bo‘lmoqda. Verdi xodimlar maoshi 8 foizga yoki oyiga kamida 350 yevroga oshirilishini talab qilyapti.

Mavzuga oid