Avstraliyaning Kvinslend shtati Sog‘liqni saqlash vazirligi mahalliy laboratoriyadan virus namunalari solingan 323 ta flakon yo‘qolgani yuzasidan tekshiruv o‘tkazmoqda. 2021 yilda sodir bo‘lgan hodisa 2023 yil avgustiga kelibgina aniqlangan, ammo shu paytgacha tergov haqida xabar berilmagandi, deb yozmoqda ABC News.
Yo‘qolgan namunalar orasida turli klinik xususiyatlarga ega viruslar bo‘lgan. Taxminan 100 ta flakonda otlardan odamga yuqadigan va 57 foiz holatda o‘limga olib keladigan Hendra virusi mavjud edi. Bundan tashqari, 223 ta flakonda lissavirus va ikkita hantavirus namunasi aniqlangan. Bu viruslarning har biri jiddiy tibbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Hodisa, chamasi, flakonlar saqlanadigan muzlatkich ishdan chiqqandan so‘ng yuz bergan. Xodimlar namunalarni yangi muzlatkichga ko‘chirayotganda, flakondagi viruslarga oid kerakli hujjatlarni rasmiylashtirib qo‘ymagan.
“Biologik materiallar bu xavfsiz omborxonadan boshqa joyga olingan, yo‘qolgan yoki boshqa sabablarga ko‘ra bedarak ketgan bo‘lishi mumkin”, — dedi Kvinslend sog‘liqni saqlash vaziri Tim Nikols.
Mahalliy hokimiyat vakillari qasddan o‘g‘irlash yoki biologik qurol yaratishga urinish belgilari yo‘q, deb ishontirmoqda. Yangi muzlatkichga ko‘chirish paytida flakonlarning yo‘qolishi eng ehtimoliy sabab sifatida ko‘rsatilmoqda. Rasmiylar maxsus saqlash sharoitlaridan tashqarida virus namunalari tez buzilishi va yuqumlilik xususiyatini yo‘qotishini ta’kidlamoqda.
Yuqish xavfi yo‘qdek tuyulsa-da, tadqiqotchilar bu kabi hodisalar ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarida biologik xavfsizlik qoidalariga qat’iy amal qilish naqadar muhimligini ko‘rsatishini eslatmoqda. Kvinslend Sog‘liqni saqlash vazirligi biologik xavfsizlikni oshirish maqsadida kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Bu tadbirlar xodimlarni qayta tayyorlash va xavfli materiallar bilan ishlash tizimlarini tekshirishdan iborat bo‘ladi.