O‘zbekistonga o‘z ehtiyoji uchun avtomobil olib kirayotgan har bir shaxs transport vositasini 16 ta majburiy ko‘rsatkich bo‘yicha sinovdan o‘tkazishi va sertifikat olishi shart. Bu 2024 yilning 1 noyabridan boshlab joriy qilingan majburiy talab. Rasmiylar buni ekologik va texnologik xavfsizlikni ta’minlashga qaratilgan chora deya xaspo‘shlashayotgan bo‘lsa-da, mavjud vaziyat qator jiddiy muammolarni yuzaga keltira boshladi.
Birinchidan, yagona laboratoriyaning quvvati real talabni mutlaqo qondira olmaydi. Mas’ullarning Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, bitta mashinani sinovdan o‘tkazish 30-35 daqiqa vaqt oladi. Bundan kelib chiqilsa, 24 soat ishlayotgan markaz kuniga 50 tagacha, yiliga esa 18 mingdan ortiq avtomobilni sinovdan o‘tkaza oladi. Bu – o‘tgan yili import qilingan mashinalar soni (74 ming 525 dona), ya’ni mavjud talabdan 4 barobarga kam. Natijada uzoq muddatli elektron navbatlar paydo bo‘la boshladi. Kamiga muvofiqlik sertifikati beradigan ayrim tekshirish laboratoriyalari noma’lum sabablarga ko‘ra, vaqtincha yopilgani haqidagi xabarlar ham chiqdi.
Ikkinchidan, butun mamlakatda faqat bitta laboratoriya mavjud bo‘lib, u ham Piskentda joylashgan. Hududlardagi tadbirkorlar va jismoniy shaxslar import avtomobilni bojxona omboridan evakuator yoki tirkama orqali bu yerga olib kelishi va yana o‘sha yerga qaytarib olib borishi shart. Farqi yo‘q, xaridor Andijondan bo‘ladimi yoki Xorazmdan. Sezib turganingizdek, bu katta xarajat va yaxshigina ovoragarchilik. Agar elektron navbat olish muddati cho‘zilib ketadigan bo‘lsa, bojxona omborida turgan avtomobil uchun ham kunlik to‘lov qilish kerak, bu yana bitta qo‘shimcha xarajat. Rasmiylar hududlarda ham qo‘shimcha laboratoriyalar ochish rejasi borligini aytayotgan bo‘lsa-da, yaqin yillarda bu ishning amalga oshishi qiyin. Piskentdagi avtopoligon ham kredit mablag‘lari hisobiga qurilgan bo‘lib (11,8 million dollar), tushgan pul qarzlarni qaytarishga yo‘naltirilyapti.
Uchinchidan, mazkur cheklov narxlarni qimmatlashtirib, raqobat muhitiga yomon ta’sir qila boshladi. Masalan, soliq va qo‘shimcha to‘lovlarni hisobga olmaganda, O‘zbekistonga import qilingan bitta elektromobilning o‘rtacha narxi 9 ming 330 dollarni tashkil etgan. Shundan kelib chiqiladigan bo‘lsa, ichki bozorda 13-13,5 ming dollardan boshlab takliflar paydo bo‘lishi kerak. Bir muddat shunday ham bo‘ldi. Ammo notarif cheklovlar fonida narxlar yanada qimmatlab ketdi. Masalan, muvofiqlik sertifikatini olishning o‘rtacha narxi 3,5 baravar oshirilib, 9,1 million so‘mgacha yetkazilgandi. Keyinroq jiddiy noroziliklar sababli narxlar ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun 5,6 mln so‘mgacha va elektromobillar uchun 4,8 mln so‘mgacha pasaytirildi. Ammo 1-2 kunda tugallanadigan ish o‘nlab kunlarga cho‘zilib ketyapti.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yildan boshlab turli xil notarif to‘siqlar bilan yakka tartibda yoki xususiy tadbirkorlar tomonidan olib kirilayotgan elektromobillar importini cheklashga qaratilgan qator qoidalar joriy qilindi. Yil boshida jismoniy shaxslar tomonidan tijorat maqsadlarida mashinalarni olib kirishni taqiqlash va yangi xorijiy markalarni faqat rasmiy dilerlar orqali sotish tartibini qaytarish rejalashtirilgan edi. Texnik tartibga solish agentligi o‘sha loyiha tanqid tufayli to‘xtatilganini, ammo aprel oyida yana kun tartibiga qaytganini ma’lum qildi.
Bu voqealardan oldin, qanchalik g‘alati bo‘lmasin, BYD kompaniyasi O‘zbekiston hukumatiga murojaat qilib, BYD avtomobillari O‘zbekistonga “tartibsiz” ravishda import qilinayotgani, olib kirilayotgan modellar mahalliy iqlim va yo‘l sharoitlariga mos emasligi, rasmiy kafolati ham yo‘qligini ta’kidlab, BYD brendi ostidagi elektromobil va gibrid avtomobillar importini cheklashni so‘ragani ma’lum bo‘lgandi. Qator davlat idoralariga bu borada takliflar ishlab chiqish topshirig‘i berildi.