Boquvchisini yo‘qotgan ayollarning bog‘cha xarajatlari budjetdan qoplanadi

Jamiyat 20:49 / 26.02.2021 11301

«Qaramog‘ida bir va undan ortiq I va II guruh nogironligi bo‘lgan bolalari mavjud 8 ming nafar yolg‘iz ayollar mavjud. Namanganda – 1 ming nafar, Toshkent viloyatida – 970 nafar, Farg‘onada – 830 nafar. Tuman va shaharlar kesimida Namangan shahrida – 180 nafar, Yangihayot tumanida – 176 nafar, Yangiyo‘l tumanida – 165 nafar shunday ayollar istiqomat qiladi.

Shuningdek, boquvchisini yo‘qotgan ayollarga farzandini bog‘chaga berish xarajatlarini budjetdan qoplash tartibi joriy etiladi. Bu tartib, davlat bog‘chalari bilan birga, oilaviy bog‘chalar tarbiyalanuvchilariga ham tatbiq qilinishi zarur», deya prezidentning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev noturar joylarda istiqomat qilayotgan ayollarni uy bilan ta'minlash uchun ajratiladigan mablag‘lar haqida gapirdi.

«Yana bir masala – noturar joylarda istiqomat qilayotgan 4 ming nafar ayollarni turar joy bilan ta'minlash uchun boshlang‘ich badalini qoplab berishga har bir viloyatga 10 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi. Keyingi yilda yana 4 ming nafar ayollar uchun 150 milliard so‘m ajratamiz. Respublika bo‘yicha 9 mingdan ziyod bunday toifadagi ayollar mavjud.

Misol uchun, Surxondaryoda – 2 ming nafar, Qashqadaryoda – 1,4 ming nafar, Toshkent viloyatida – 1,1 ming nafar, Jizzax va Samarqandda – 800 nafardan ayollar uysiz sarson-sargardon yuribdi.

Bundan tashqari, otasidan ayrilgan, yolg‘iz onasi qaramog‘ida voyaga yetgan muhtoj qizlarimizni uy-joy bilan ta'minlash maqsadida boshlang‘ich to‘lovini to‘lab berish uchun har bir viloyatga 5 milliard so‘mdan beriladi.

Zero, bu qizlarimiz «otasiz o‘sdim» deb o‘ksinmasligi, davlatning g‘amxo‘rligini amalda his qilishi zarur. Shu bilan birga, xotin-qizlarga turar joy ijara kompensatsiyasi uchun 11 milliard so‘m ajratiladi», degan prezident Shavkat Mirziyoyev 26 fevral kuni o‘tkazilgan videoselektorda.

Ko‘proq yangiliklar: