15 oktyabr soat 10:00 da “Ochiq budjet” portalida “Mening bog‘cham” loyihasida ovoz berish jarayoni boshlandi.
Iqtisodiyot va moliya vazirligining ma’lum qilishicha, 2025 yilgi davlat investitsiya dasturi asosida yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan bog‘chalarning 50 foizi ovoz berish orqali jamoatchilik tomonidan tanlanadi.
Hozirda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi belgilagan ro‘yxat asosida respublika bo‘yicha 451 ta bog‘cha ovozga qo‘yilgan. Ajratilgan budjet – 397,6 mlrd so‘m.
Ovoz berish jarayoni 25 oktyabr 10:00 gacha davom etadi. Xuddi “Tashabbusli budjet” kabi “Mening bog‘cham”da ham “bir fuqaro – bir ovoz” tamoyiliga amal qilinadi.
Loyihalarga uch xil yo‘l bilan ovoz berish mumkin:
- opedbudget.uz portalining veb-sayti orqali;
- portalning mobil ilovasi orqali (Android, iOS);
- Telegram'dagi rasmiy bot orqali.
2025 yilda yangi quriladigan, rekonstruksiya qilinadigan obektlarga aniqlik kiritish ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, quyidagi ketma-ketlik bo‘yicha amalga oshiriladi:
- har bir tuman va shaharlarda eng ko‘p ovoz to‘plagan bittadan loyihalarga aniqlik kiritiladi;
- to‘plangan ovozlar sonidan kelib chiqib, tuman va shaharlardagi eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar yuqoridan pastga saralanadi;
- har bir hudud bo‘yicha (Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri) ajratilgan limit doirasida eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalar tanlab olinadi.
Agar tuman (shahar)larda bir nechta loyihalar bir xil ovoz to‘plasa, eng yuqori ko‘rsatkichni birinchi bo‘lib qayd etgan loyiha tanlab olinadi.