Qo‘shrabot tumanida fuqarolar kerakli ruxsatnomalari bo‘lmay turib maktab va bog‘chalarda ilon tomoshasi o‘tkazgani aniqlandi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, 24 oktyabr kuni tumandagi bog‘chada Ishtixon tumanida yashovchi B.M. va I.B. 60 nafarga yaqin tarbiyalanuvchining ko‘z o‘ngida bo‘g‘ma ilon (Qizil kitobga kiritilgan, noqonuniy ravishda saqlangan yo‘lbars pitoni, uzunligi — 2,5 metr) bilan sirk tomoshasi namoyish qilgan. B.M. faoliyat yurituvchi MChJda Qo‘shrabot tumani hududida 2024 yil 31 dekabrgacha zamonaviy sirk tomoshalarini o‘tkazish uchun ruxsatnoma bo‘lsa-da, unda ilon o‘yini ko‘zda tutilmagan.
Tekshirish davomida ushbu shaxslar pul evaziga tumandagi 8 ta maktabda ham mazkur bo‘g‘ma ilon tomoshasini o‘tkazgani aniqlandi. Ularda jami 840 nafar o‘quvchi tomoshabin bo‘lib ishtirok etgan.
26 noyabrda noqonuniy saqlangan yo‘lbars pitoni mutaxassislar ishtirokida hujjatlashtirilib, viloyat ekologiya boshqarmasiga tegishli tartibda topshirilgan.
Qo‘shimcha qilinishicha, hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom ettirilib, vaziyatga huquqiy baho berish yuzasidan qonuniy choralar ko‘rilmoqda.
Bolalar ombudsmani ta’lim muassasalarida bolalar xavfsizligiga zid ushbu tomoshalarga yo‘l qo‘yganlarga tegishli chora ko‘rish va kelgusida bunday noqonuniy harakatlarning oldini olish yuzasidan mutasaddilar bilan ishlanayotganligini bildirdi.