Toshkent viloyatida bolalar uchun berilgan oziq-ovqatni bog‘chadan olib ketayotgan mudira ushlandi

O‘zbekiston 13:42 / 02.11.2024 5063

Ijtimoiy tarmoqlarda Ohangaron tumanidagi 31-sonli bog‘chada mudira bolalarga berilishi kerak bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlarini olib ketayotganda ushlangani haqida video tarqaldi.

Videoda bog‘cha mudirasiga tegishliligi aytilayotgan “Kobalt” yukxonasida 10 kilodan oshiq baliq, qariyb 10 kilo go‘sht, guruch, yog‘ va boshqa mahsulotlar borligi tasvirlangan.

Holat yuzasidan viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi munosabat bildirdi. Unda aytilishicha, holat 2024 yil 22 oktyabr kuni sodir bo‘lgan.

31-sonli bog‘cha rahbari davlat tomonidan bolalarga ajratilgan oziq-ovqat mahsulotlarini talon-toroj qilayotganda jamoatchilik tomonidan ushlab qolingan.

Qayd etilishicha, o‘sha kunning o‘zida viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi tomonidan mas’ullardan iborat ishchi guruh tuzilib o‘rganish olib borilgan.

Ayni paytda mazkur holat huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ham nazoratga olingan. Dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: